Samarqandda YeTTB Boshqaruv kengashining 32-yig‘ilishi boshlandi
16-18 may kunlari O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining “Muvofiqlikka sarmoya kiritish” mavzusidagi 32-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Biznes-forum kun tartibidan “O‘zbekistonning investitsion istiqbollari to‘g‘risida”gi sessiya ham o‘rin olgan. Unda mamlakat iqtisodiyotining o‘sish istiqbollari va sarmoya kiritish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Shuningdek, tadbirning uch kunlik kun tartibidan turli mavzularda ekspertlar ishtirokida bir qator muhokama panel sessiyalari ham joy olgan. Sessiyalar mintaqalar va alohida mamlakatlarga qaratilgan.
Ular orasida:
- xalqaro savdo;
- energetika xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari;
- zamonaviy dunyoda qisqa va uzoq muddatli muammolar;
- kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyot uchun ahamiyati;
- rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish;
- YeTTB “Yashil shaharlar” dasturi;
- YeTTBning yetakchi makroiqtisodiy tadqiqoti – “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar”.
O‘zbekistonning YeTTB bilan munosabatlari
O‘zbekiston 1992 yil 30 aprelda YeTTBga a’zo bo‘lgan. Respublika Shveytsariya, Ukraina, Lixtenshteyn, Turkmaniston, Serbiya, Chernogoriya va Moldova bilan birgalikda YeTTBning Shveytsariya guruhiga kiradi.
1993 yil may oyida – Toshkentda, 2019 yil oktyabrda – Andijonda, 2021 yil iyunda – Urganchda bank vakolatxonasi ochilgan.
Bugungi kunga qadar respublikada YeTTB ishtirokida qiymati 4 mlrd yevrodan ortiq bo‘lgan umumiy 129 ta loyiha amalga oshirilgan.
Xususan, YeTTB 2022 yilda O‘zbekistondagi loyihalarga 839 million yevro ajratdi, bu esa 2021 yilga nisbatan 30 foizga ko‘p.
Bank O‘zbekistondagi faoliyatida davlat korxonalari va banklarini o‘zgartirish va xususiylashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yashil rivojlanish loyihalarini, energetika va transportni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ayollar va yoshlar tadbirkorligi dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Xususan, YeTTB ishtirokida vazirlik va idoralar tomonidan “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi. Bank Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish uchun 520 million dollar ajratdi. Shuningdek, Sarimay va Jankeldi qishloqlari o‘rtasida uzunligi 120 km bo‘lgan yuqori voltli elektr uzatish liniyasini qurishda ham ishtirok etmoqda.
YeTTB qanday tashkilot?
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki xalqaro moliya instituti hisoblanib, 1991 yilda tuzilgan. Bosh qarorgohi – Londonda joylashgan.
Asosiy maqsadi – mamlakatlarga bozor iqtisodiyotiga o‘tishga yordam berish, ularning jahon xo‘jalik hamjamiyatiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, tarkibiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, shu jumladan monopoliyadan chiqarish, markazsizlashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish. YeTTB tashkil etilganidan beri umumiy qiymati 180 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan 6500 dan oshiq loyihalarni amalga oshirgan. Oliy boshqaruv organi – Boshqaruv kengashi.
Bankning ustav kapitali 30 milliard yevroni tashkil etadi. YeTTB o‘z obligatsiyalarini xalqaro moliya bozorlarida chiqarish orqali mablag‘ jalb qiladi. Bugungi kunga kelib, bank faoliyati Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, MDH, Janubiy va Sharqiy O‘rta Yer dengizining 35 ta davlati va Mo‘g‘ulistonni qamrab oladi.
Mavzuga oid
08:51
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024