Jahon | 12:22 / 17.05.2023
14460
2 daqiqa o‘qiladi

Mariupolni qayta qurayotgan rossiyalik oligarx AQShda yashashi ma’lum bo‘ldi

Bosqin ostidagi Mariupolda asosiy quruvchilardan biri "R-Stroy" kompaniyasi bo‘lib, unga qarindoshlari orqali milliarder Aleksey Repik egalik qiladi, deydi Ilya Yashin tarafdorlari.

Foto: kremlin.ru

Rossiyalik milliarder Aleksey Repik AQShda yashab, Mariupolda qurilish bilan shug‘ullanadi. U Rossiya tomonidan bosib olingan va vayron qilingan Ukraina shahrining asosiy quruvchilardan biri - "R-Stroy" kompaniyasiga egalik qiladi. Bu haqda 16 may, seshanba kuni rossiyalik muxolifatchi Ilya Yashin tarafdorlari tomonidan chop etilgan Scanner Project loyihasi videosida aytiladi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, "R-Farm" farmatsevtika kompaniyasi asoschisi Aleksey Repik mansabdor shaxslar bilan shaxsiy aloqalari tufayli onkologik kasalliklarni davolash uchun dori-darmonlarni oshirilgan narxlarda sotgan. Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng, u shaxsiy sanksiyalardan qo‘rqib, ushbu kompaniyadagi ulushini uchta xaridorga sotdi, ular orasida onasi Valeriya Dayeva ham bor edi.

Dayeva kompaniyasi Ukraina bosqinidan keyin tashkil etilgan "R-Stroy" firmasini moliyalashtiradi, uning logotipi "R-Farma" logotipiga juda o‘xshaydi. "Kompaniya bosib olingan hududlarda ishlash uchun tashkil etilgan va Repik bilan bog‘liq shaxslar nomiga ro‘yxatdan o‘tgan", - deydi surishtiruv mualliflari.

Aleksey Repikning o‘zi bir necha yillardan beri AQShda istiqomat qiladi, San-Fransiskoda uning qiymati 19,1 million dollarlik to‘rt qavatli uyi bor, deya xabar beradi Scanner Project. Oligarxning to‘rt farzandidan kamida uch nafari AQShda tug‘ilgan. 2017 yilda Repik Donald Trampning inauguratsiya marosimida qatnashgan. Repikning boyligi 1,4 milliard dollarga baholanmoqda. 2023 yil fevral oyida u sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan.

Mavzuga oid