Jahon | 08:40 / 08.10.2024
9572
4 daqiqa o‘qiladi

RF harbiy sudi ukrainalik Navalnayani 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi

2022 yil sentabrida rossiyalik harbiylar tomonidan qo‘lga olingan Mariupol shahrida yashovchi 26 yoshli qiz teraktni rejalashtirishda ayblandi, deb xabar berdi «Mediazona» uning advokati Ivan Bondarenkoga tayanib.

Foto: svtv.org

Rostov-Dondagi Janubiy okrug harbiy sudi Mariupol shahrida yashovchi 26 yoshli Irina Navalnayani teraktni rejalashtirish va portlovchi moddalarni noqonuniy saqlashda ayblab, 8 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Bu haqda 7 oktyabr, dushanba kuni uning advokati Ivan Bondarenkoga tayanib «Mediazona» xabar berdi.

Ayblovga ko‘ra, Navalnaya 2022 yil 27 sentabr kuni bosib olingan shaharda «DXR»ning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha «referendum» bo‘lib o‘tayotgan paytda Mariupol ma’muriyati binosi yonida portlash sodir etmoqchi bo‘lgan. Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi ushbu «qo‘shilish»ga qarshi bo‘lib, Ukraina maxsus xizmatlarining ma’lum bir xodimi bilan til biriktirgan va go‘yo undan qo‘lbola portlovchi qurilmani olib ketish maqsadida velosiped sotib olish uchun 25 ming grivna olgan.

Muhokamada prokuror Navalnaya uchun 14 yil qamoq va 400 ming rubl jarima so‘radi, deb yozadi «Mediazona» va yakunda sud guruh tomonidan jinoyat sodir etishga urinish haqidagi iborani olib tashlab, ayblovni yumshatganini ta’kidladi. Mariupollik ayolga jarima solinmadi. «Bu haqiqatda 8 yil — hamma tushunadi, lekin ular buni oqlay olmaydilar», dedi Ivan Bondarenko va hukm ustidan shikoyat qilishini aytdi.

2022 yil 27 sentabrda RIA «Novosti» agentligi Navalnaya o‘z aybiga iqror bo‘lganini aytib, terakt tayyorlashda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar berdi.

Navalnayaning hibsga olinishi tarixi

Mariupol bosib olinganidan keyin, 2022 yilning may oyida Irina Navalnaya onasi Aleksandra Skachko bilan birgalikda Ukrainaga evakuatsiya qilindi, deb yozadi «Mediazona». Irinaning onasi so‘zlariga ko‘ra, «FSB» xodimlari uni familiyasi tufayli filtrlash paytida masxara qilishgan. Avgust oyida Navalnaya buvisi bilan qolish uchun bosib olingan shaharga qaytib keldi va bir oydan keyin uni hibsga olishdi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u velosipedda dengiz tomon ketayotganida politsiya mashinasi uni to‘xtatgan. Hujjatlarini tekshirgandan so‘ng, uning qo‘liga kishan solingan va politsiya bo‘limiga olib ketilgan va u yerda uni kaltaklay boshlashgan. Hibsga olinganidan keyin Navalnaya Donetskdagi tergov izolyatorida saqlangan. U qiynoqlar va kaltaklar haqida gapirdi, qiynoqlar va oilasiga qarshi tahdidlar orqali aybini tan olishga majbur bo‘lgan.

Uning kvartirasida xavfsizlik kuchlari «Azov»da xizmat qilgan o‘gay otasining shaxsiy guvohnomasini topdi — u hozir asirlikda, deya aniqlik kiritadi «Mediazona».

Ukrainada Irina Navalnayaga, onasining so‘zlariga ko‘ra, harbiy asir maqomi berilgan.

 

Mavzuga oid