Jahon | 11:04 / 17.05.2023
15093
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Pekindagi elchixonalardan Ukraina bilan birdamlik belgilarini olib tashlashni so‘radi

XXR xorijiy elchixonalardan o‘z binolarining fasadidagi “targ‘ibot”ni olib tashlashni so‘radi, biroq hech kim bu talabga bo‘ysunmadi, deb xabar berdi Kyodo.

Foto: Kyodo

Yaponiyaning Kyodo agentligi 16 may, seshanba kuni Xitoy poytaxtidagi “ko‘plab diplomatik manbalarga” tayanib yozishicha, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekinda joylashgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy elchixonalardan o‘z binolarining fasadlaridan “siyosiy tashviqot” uchun foydalanmaslikni so‘ragan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi, aftidan, o‘zini Rossiya bosqinidan himoya qilayotgan Ukraina bilan birdamlik belgisi, birinchi navbatda, bayroqlar, yozuvlar va boshqa belgilarni nazarda tutgan.

Bundan tashqari, 10 maydagi xabarnomada Xitoy rasmiylari elchixonalar va tashkilotlarni “davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning oldini olish” choralarini ko‘rishga chaqirgan. Hujjatda, shuningdek, elchixonalar va xalqaro tashkilotlar “Xitoy qonunlari va qoidalariga rioya qilishga majbur” ekani, Xitoy esa Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga muvofiq ularning diplomatik immunitetini hurmat qilishi ta’kidlangan.

Xitoy rasmiylarining murojaati Yevropa va boshqa mintaqalar diplomatlarining salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi, ularning hech biri belgilarni olib tashlamadi, deb yozadi Kyodo. Yevropalik diplomatlardan biri Pekin pozitsiyasini tanqid qilib, muayyan davlatning o‘z pozitsiyasini bildirishiga xalaqit beradigan asoslar yo‘qligini aytdi.

Ta’kidlanganidek, Xitoy poytaxtidagi ko‘plab diplomatik missiyalar o‘z binolariga Ukraina bayrog‘i tasviri va xitoy va ingliz tillarida yozuvlar, xususan, #StandWithUkraine heshtegini bu davlat bilan birdamlik belgisi sifatida o‘rnatdi. Bu, birinchi navbatda, Kanada, Germaniya va Polsha elchixonalariga tegishli.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid