76 yildan buyon o‘z yeridan ayrilib borayotgan jafokash xalq – Falastin-Isroil mojarosi tarixi (1-qism)
1947 yil noyabrda BMT Falastin hududida arab va yahudiy davlatlarini tashkil etish haqida rezolyutsiya qabul qiladi. Oradan 5 oy o‘tgach Isroil nomi bilan yahudiylar davlati tuziladi. Biroq rezolyutsiyani na Falastindagi arablar va na atrofdagi arab davlatlari tan olishmaydi. O‘rtada urush boshlanadi va arablar yengiladi. O‘shandan buyon ikki o‘rtadagi mojaro davom etmoqda va Isroil Falastin yerlarini asta-sekinlik bilan egallab kelmoqda.
Yaqin tarixda Falastin xalqiday qiynalgan va xo‘rlangan xalq bo‘lmasa kerak. 1947 yilda BMT rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan va oradan 41 yil o‘tib tashkil etilgan bu davlat aholisi 76 yildan buyon qo‘shni Isroil tomonidan ezib kelinadi.
O‘tgan yillar mobaynida Isroil Falastinning juda ko‘p joylarini kuch bilan tortib oldi. Isroilning bu bosqinchilik siyosati bugun ham to‘xtagani yo‘q. Ular hozir ham Falastinga tegishli bo‘lgan qaysidir hududdan arablarni quvib yuborib, u yerda isroilliklar uchun turar joylar qurmoqda.
Garchi BMT bir paytlar qabul qilgan rezolyutsiyasida Falastin davlatining chegaralarini aniq ko‘rsatib bergan bo‘lsa-da, hanuzgacha bu davlat o‘z yerlariga egalik qila olmayapti.
Bundan tashqari, qanchalik g‘alati eshitilmasin, BMTning o‘zi ham bu davlatni tashkilot safiga to‘laqonli a’zo qilgani yo‘q. Falastin hozirda BMTda faqat kuzatuvchi maqomiga ega.
Ana shu o‘rinda Isroilning falastinliklarga qilayotgan zo‘ravonligi sabablari birmuncha ayon bo‘ladi. Axir BMTday tashkilot ko‘ksidan itargan Falastinni Isroil nega ezg‘ilab tashlamasin?!
Falastinning ikkiga bo‘linishi
Hozirgi Falastin va Isroil davlatlari joylashgan hudud azaldan Falastin deb atalgan. Bir necha asr davomida Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan Falastin Birinchi jahon urushi tugagandan so‘ng Britaniya mustamlakasiga aylanadi. Ayrim yahudiylarning tarixiy vataniga qaytishi ana shunda boshlangan.
Keyinchalik, Ikkinchi jahon urushi paytida Hitler Germaniyasi tomonidan o‘tkazilgan qirg‘inlardan qochgan yahudiylarning bir qismi ham Falastinga ko‘chib keladi. O‘sha kezlarda bu yerda yashovchi arablar «tarixiy vatani»ga ko‘chib kelayotgan yahudiylarga umuman qarshilik qilmaydi.
Urush tugagandan keyin ham yahudiylar Falastinga ko‘chib kelishda davom etadi. Shundan so‘ng 1947 yilda BMT hududda arablar va yahudiylarning davlatini tuzish haqida o‘z rejasini e’lon qiladi.
O‘shanda BMTga Falastinda bitta davlat tuzish taklifi ham beriladi. Biroq tashkilot yagona davlat tuzilsa yahudiylar va arablar o‘rtasida qirg‘inbarot boshlanib ketadi degan xulosaga keladi va taklif rad etiladi.
Yahudiylar BMTning rejasiga rozi bo‘lishadi. Arablar esa Falastinning bo‘linishiga qarshi chiqishadi. BMTda 1947 yil 29 noyabrda Falastinni ikkiga bo‘lish haqidagi rezolyutsiya qabul qilindi.
Shundan so‘ng aholining joylashuviga qarab yahudiylarga 14,1 ming kilometr kvadrat, arablarga esa 11,1 ming kilometr kvadrat hududni berish va Falastin o‘rnida ikkita davlat tuzish haqida qaror qabul qilinadi.
Birinchi urush
BMT rezolyutsiyasi qabul qilingandan salkam olti oy o‘tib, 1948 yil 14 may kuni David Ben-Gurion tomonidan Isroil davlati tuzilgani e’lon qilinadi. Bunga rozi bo‘lmagan Misr, Suriya, Transiordaniya (Iordaniyaning o‘sha paytdagi nomi), Livan, Iroq kabi arab davlatlari Isroilga bostirib kirishadi.
Ular Falastin arablarniki bo‘lishi shart, yahudiylar istagan yerlariga ketishlari mumkin degan talab qo‘yishadi. Shu bilan birga Falastinga chegaradosh bo‘lgan yuqoridagi davlatlar Falastin yerlari o‘zlariga tegishli ekanini ham da’vo qilishadi.
O‘sha paytda Isroilning ortida G‘arb davlatlari turgan edi. Qisqa muddatda ular Isroilni tish-tirnog‘igacha qurollantirishadi.
Isroil barcha hujumlarni qaytaradi va 1949 yil iyulga kelib o‘z hududiga bostirib kirgan arab qo‘shinlarini yengadi. Oqibatda urushda g‘olib chiqqan Isroil Falastinning 1 300 kvadrat kilometr hududini bosib oladi.
Falastinning qolgan hududini Misr (G‘azo sektorini) va Iordaniya (Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va Sharqiy Quddusni) o‘z nazoratiga oladi.
1947-1949 yillarda bo‘lib o‘tgan bu urushni Isroil mustaqillik uchun bo‘lib o‘tgan urush deb ataydi. Arablar uni Naqba – Falokat deb atashadi. Aynan mana shu urushdan so‘ng Falastin xalqining fojiasi boshlanadi.
Aksariyat tarixchilar 1947 yilda arab davlatlarining Isroilga bostirib kirishi xatolik bo‘lganini aytadi. Ularning fikricha, arab davlatlari Isroilga bostirib kirmasdan Falastin davlatining shakllanishida, BMT belgilab bergan chegaralarini o‘rnatishda va boshqa ishlarda yordam berganda holat boshqacharoq kechishi ham mumkin edi.
Shoshmashosharlik bilan Isroilga hujum qilinishi va mag‘lubiyatdan keyin ham qo‘shni arab davlatlarining Falastinga yordam berish o‘rniga uning hududini o‘z nazoratiga olishi masalani chigallashtirib yuboradi.
Ikkinchi urush
Birinchi urushdan so‘ng Isroil dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan yahudiylarni qabul qilishda davom etadi va davlatchiligini mustahkamlaydi.
Arab davlatlarining aksariyatida hokimiyat almashadi Britaniya yoki Fransiya bilan yaxshi aloqalarda bo‘lgan eski hukmdorlar o‘rniga yoshlari keladi.
Shundan so‘ng arab davlatlarining ayrimlarini kapitalistik dunyodan ko‘ra sotsializm «ustuni» bo‘lgan SSSR bilan yaxshi aloqa o‘rnatishga uringan rahbarlar boshqara boshlaydi.
Jumladan, harbiy ta’limni SSSRda olgan Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir (1918-1970) va Suriya rahbari Hafiz Asad (1930-2000) sovetlar bilan do‘stona aloqada edi.
Jamol Nosir Misr rahbari bo‘lar ekan, Isroilning bosqinchilik siyosatini keskin tanqid qila boshlaydi. O‘shanda u «Imperializm qo‘rg‘oni bo‘lgan Isroil dengizga cho‘ktiriladi», deb chiqadi.
1967 yil bahorda Misr va Suriya Isroil bilan chegaralariga ko‘p sonli harbiylarini to‘play boshlaydi. Isroil buni hujumga tayyorgarlik deb hisoblaydi va o‘sha yili 5 iyun kuni ogohlantiruvchi zarba beradi. Shu tariqa birinchi urushdan rosa yigirma yil o‘tib yana Arab-Isroil urushi boshlanadi.
Birinchi urushdan farqli ravishda bu urush uzoq davom etmaydi. Isroil olti kun ichida arab koalitsiyasining harbiy-havo kuchlarini yakson qilib tashlaydi. Shu sababli bu urush tarixga «Olti kunlik urush» nomi bilan kiradi.
Shundan so‘ng Isroil 1949 yildan buyon Iordaniyaga tegishli bo‘lgan Iordan daryosining g‘arbiy sohili, Misr nazoratida bo‘lgan G‘azo sektori va Sinay yarimoroli, Suriyaning Jo‘lan tepaliklari hamda Sharqiy Quddusni ham egallaydi.
1967 yilgi Olti kunlik urushni arablar Naqsa — Takror deb atashadi. Bu safargi mag‘lubiyat oldingisidan ham alamliroq bo‘ladi. Yana yuz minglab falastinlik arablar uy-joylarini tashlab qochishga majbur bo‘ladi.
Bu urushda Isroil bor-yo‘g‘i 800 nafarga yaqin harbiylarini yo‘qotadi. Arab davlatlari esa 15 mingga yaqin askaridan ayriladi. Bundan tashqari, Isroil bosib olingan Falastin yerlari hisobidan o‘z hududini urushgacha bo‘lgan davrga nisbatan uch baravarga kengaytirib oladi.
Falastin ikkiga bo‘lingandan boshlab Isroilga tekkan hududda yashovchi arablar uning hududini tark eta boshlaydi va qochoqlarga aylanadi. Shuningdek, ikkita urushdan so‘ng Isroil tomonidan bosib olingan hududlardagi arablar ham qochoqlarga aylanishadi.
Keyinchalik qabul qilingan BMT rezolyutsiyasiga muvofiq, o‘shanda Isroil o‘ziga tekkan hududda yashovchi arab qochoqlariga uylariga qaytishlariga ruxsat berishi yoki ularga tovon to‘lashi kerak edi.
Biroq isroilliklar bundan bosh tortadi va hanuz shu masala ham mavhumligicha qolib kelyapti.
Bugun millionlab arablar Isroildan o‘z yerlarini da’vo qilishadi. Biroq o‘zini yahudiy xalqining milliy o‘chog‘i deb hisoblaydigan Isroil bu da’volarni rad etadi va arab qochoqlarni o‘z hududiga kiritmoqchi emas.
Quddus muammosi
BMTning 1947 yildagi rezolyutsiyasida tarixiy jihatdan musulmonlar, nasroniylar va yahudiylar uchun muhim bo‘lgan Quddus xalqaro mandat nazoratidagi hudud deb e’lon qilinadi. O‘shanda amalda shaharning sharqiy qismi arablar nazoratida qoladi.
Biroq Isroil BMT rezolyutsiyasini tan olmaydi va Olti kunlik urushda g‘alaba qozongach shaharni to‘liq egallaydi. 1980 yilda esa Quddusni o‘zining yagona va bo‘linmas poytaxti deb e’lon qiladi.
So‘nggi yillarda bir qator davlatlar o‘z elchixonasini Tel-Aviv shahridan Quddusga ko‘chirishi mojarolarni battar kuchaytiryapti.
Jumladan, 2017 yilda AQSh prezidenti Donald Trampning AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishga qaror qilgani ommaviy namoyishlar va o‘nlab kishilar o‘limiga sabab bo‘lgandi.
Shuningdek, AQShning yaqin ittifoqchilari bo‘lgan aksariyat G‘arb davlatlari ham birin-ketin o‘z poytaxtini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirgan. Bu jarayon hanuz davom etmoqda.
Isroil bilan o‘tkaziladigan muzokaralarda Falastin 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralarga qaytish, Iordan daryosining g‘arbiy sohili va G‘azo sektorini Falastin davlati hududi deb tan olishni talab qilib keladi.
Biroq Isroil bunga ko‘nmaydi. 1967 yilgacha Quddusning sharqiy qismi arablar nazoratida bo‘lgan. Shu sababli Isroil 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralarga qaytib, Quddusning bir qismini arablarga bermoqchi emas.
Arablarning Falastinga bo‘lgan noto‘g‘ri ishlari
Yuqorida 1948 yilda bir necha arab davlatlarining Falastin davlatini shakllantirish o‘rniga uning yerlariga da’vogar sifatida Isroilga bostirib kirishi noto‘g‘ri bo‘lgani haqida yozildi.
Arab davlatlari keyin ham Falastinga pand berishda davom etishdi. Jumladan 1967 yilda bo‘lib o‘tgan Olti kunlik urushni ham arablar boshlashdi, oxir-oqibat Falastin jabr ko‘rib yana bir qism yeridan ayrildi.
Tarixchilar fikriga ko‘ra, bir necha arab davlatlari azaldan o‘zini Falastin himoyachisi qilib ko‘rsatsa-da, aslida ular o‘z manfaatlari uchun harakat qilgan.
Ayniqsa antiisroil fronti qatnashchilari bo‘lgan Misr, Iordaniya va Suriya shu yo‘ldan ketishgan.
Tarixchilar yuqoridagi davlatlar o‘z manfaatlarini «arab birligi» va «falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash» kabi balandparvoz bayonotlar bilan niqoblashmoqda, deb hisoblashadi.
1964 yilda Falastin ozodlik tashkiloti (FOT) tuzilgani e’lon qilinadi. Bu tashkilot Falastinning o‘zida va unga qo‘shni Iordaniya, Livan, Suriya va Misr kabi davlatlardan turib Isroilga qarshi partizanlik hujumlari uyushtira boshlaydi.
Oqibatda Isroil FOT hujumlariga javob qaytarish asnosida yuqoridagi davlatlar hududlariga ham zarba beradi. Bu ularda Isroil bilan jiddiy harbiy to‘qnashuv xavotirini uyg‘otadi.
Shu sababli avvaliga falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan qo‘shnilar biroz o‘tib ulardan «voz kecha boshlashadi». Jumladan, 1970 yilda FOT va Iordaniya o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi.
Shundan so‘ng Iordaniya o‘z hududidagi FOTga bo‘ysunadigan falastinlik qurolli guruhlarning barchasini quvib chiqaradi. Shu asnoda ikki o‘rtada qurolli mojaro ham kelib chiqadi va Iordaniya harbiylari bir necha ming nafar falanstinlikni o‘ldirishadi. Shundan so‘ng falastinliklar Livanga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishadi.
O‘sha paytlarda arab davlatlarining birortasi Isroil bilan diplomatik aloqalarga ega emasdi. Bu birdamlikni birinchi bo‘lib Misr buzadi. 1970 yilda Jamol Abdul Nosir vafot etadi va Anvar Saodat Misrga rahbar bo‘ladi.
1973 yilda navbatdagi Arab-Isroil urushida arab koalitsiyasi yana mag‘lubiyatga uchraydi. Shundan so‘ng Anvar Saodat Isroil bilan tinchlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkaza boshlaydi.
1979 yilda AQSh prezidenti Jimmi Karter vositachiligida Misr hamda Isroil o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanadi va diplomatik munosabatlar o‘rnatiladi.
Shu tariqa, Anvar Saodat arab davlatlarining Isroilni tan olmaslik bo‘yicha birligini buzadi. Uning bu ishi arab dunyosining keskin noroziligiga sabab bo‘ladi. Oxir-oqibat Anvar Saodat 1981 yilda o‘ldiriladi.
Keyinchalik, Isroil bilan juda katta hududda chegaradosh bo‘lgan Iordaniya ham shu yo‘lni tutadi. Avvaliga Isroil bilan tinchlik sulhini imzolaydi. So‘ng diplomatik aloqalar o‘rnatadi.
Shundan so‘ng FOT oldida Isroil bilan kelishuvlarga borishdan o‘zga chora qolmaydi. 1988 yilda FOT rahbari Yosir Arofat BMTda so‘zlagan nutqida terrorizmni qoralashi va tashkilot bundan buyon Isroilni tan olishini ma’lum qiladi.
Shundan so‘ng Falastin va Isroil o‘rtasida AQSh vositachiligida bir necha marta muzokaralar o‘tkaziladi. Biroq bu muzokaralardan Falastin milliy ma’muriyat maqomini olganini aytmaganda aytarli hech qanday naf bo‘lmaydi.
1990-yillar boshlarida Isroilning o‘sha paytdagi rahbari Ishoq Rabin va Yosir Arofat o‘rtasida bir necha marta muzokaralar o‘tkaziladi va bir necha kelishuvlarga erishiladi.
Jumladan, ilk bor Falastin milliy ma’muriyati va hukumati tashkil etiladi. G‘azo sektori va g‘arbiy sohilning kichik qismi Falastinning ma’muriy nazoratiga o‘tadi. Shu bilan birga, tashqi chegaralar nazorati Isroil nazoratida qoladi.
Ishoq Rabin va Yosir Arofat o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda mustaqillik haqida gap yo‘q edi. Bu mavzu keyingi muzokaralarda muhokama qilinishi kerak edi.
Biroq 1995 yilda Iordaniya bilan tinchlik kelishuvi imzolagan va falastinliklar bilan sulh tuzishga yo‘l ochgan Itsxak Rabin isroillik qotil tomonidan otib o‘ldiriladi. Shundan so‘ng Falastin va Isroil o‘rtasidagi sulhga erishish haqidagi bitim ikkinchi darajaga tushib qoladi.
Ishoq Rabinning o‘limidan so‘ng ham yarashuv jarayoni davom ettiriladi. Biroq ular ham natijasiz tugaydi. Jumladan, 2000 yilda Yosir Arofat va Isroilning yangi bosh vaziri Ehud Barak AQSh prezidenti Bill Klinton vositachiligida AQShdagi Kemp-Devidda muzokaralar o‘tkazishadi.
Bu muzokaralarda to‘laqonli Falastin davlati tashkil etish haqidagi shartnoma ham imzolanishi kutilgandi. Biroq bunday bo‘lmaydi. Muzokaralarda Yosir Arofat talab qilgan aksariyat bandlar, jumladan Sharqiy Quddusni Falastinga berish, falastinlik qochoqlarni uylariga qaytarish, Falastin hududidan Isroil qo‘shinlarini olib chiqish kabilar rad etiladi. Oqibatda muzokaralar natijasiz tugaydi.
O‘shanda Ehud Barak tinchlik kelishuvi imzolanmagani uchun Yosir Arofatni ayblaydi. Arofat o‘zini muzokara o‘tkazish uchun kelishga Barak va Klinton majburlaganini ta’kidlaydi.
2000 yildan so‘ng Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlikka erishish istiqboli tobora uzoqlasha boshladi. Orada Ishoq Rabindan so‘ng Isroil bosh vaziri bo‘lgan Ariel Sharon 2005 yilda Falastin va Isroil o‘rtasida «bir tomonlama ajralish» rejasini e’lon qiladi.
U reja doirasida G‘azo sektoriga o‘z taqdirini o‘zi hal qilish imkonini beradi. Sektordan Isroil harbiylarini olib chiqadi. Isroilliklar tomonidan noqonuniy qurilgan yashash maskanlarini buzdiradi.
Biroq barchasi G‘azoda HAMAS harakati FOT vakillarini siqib chiqarib hukumat tepasiga kelgach barbod bo‘ladi. O‘shanda HAMAS tomonidan Isroilga raketa zarbalari beriladi. Shundan so‘ng Sharon o‘z rejasini amalga oshirishni to‘xtatadi va G‘azo sektoriga iqtisodiy qamal joriy etildi.
Yosir Arofatdan keyingi bo‘linish
Falastin ozodlik tashkiloti va Falastin milliy ma’muriyatining birinchi raisi, uzoq yillar davomida Falastin mustaqilligi uchun kurashgan Yosir Arofat 2004 yilda 75 yoshida vafot etdi.
Shundan so‘ng Mahmud Abbos ma’muriyat raisi bo‘ladi. Biroq Falastin boshqaruvi Mahmud Abbosga o‘tgach Yosir Arofat davridagi birlik kuchsizlanadi.
Jumladan, G‘azo sektorida HAMAS tashkiloti hukmronga aylanadi va bu Falastinning kuchsizlanishiga olib keladi.
O‘shandan buyon HAMAS jangarilari tez-tez G‘azo sektoridan Isroilga raketa zarbalari beradi. O‘z navbatida, Isroil bunday hujumlarga javoban G‘azo sektorini aviatsiya yordamida bombardimon qiladi.
HAMAS rahbarlari Mahmud Abbos va uning ma’muriyati bilan ham turli kelishmovchiliklarga borgan paytlar ham bo‘lgan.
Isroil G‘azo sektoridagi HAMAS harakatiga zarba berish uchun 2008, 2012 va 2014 yillarda uch marta harbiy operatsiya o‘tkazadi. Bu ham Falastin va Isroil o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytiradi.
So‘ngi yillarda falastinliklar orasida murosaga rozi bo‘lmaydigan HAMAS harakati ommalashmoqda. Bundan foydalangan tashkilot G‘azo sektorida hukmron bo‘lgach o‘z hukumatini joriy etadi. Shu tariqa, Falastin ikkiga ajraladi: G‘azoni HAMAS, g‘arbiy qirg‘oqdagi hududni FOT boshqarmoqda.
Falastindagi bugungi vaziyat
So‘nggi yillarda Isroil Falastinning g‘arbiy qirg‘oqdagi hududlarida falastinliklarni quvib chiqarib, yahudiy aholi uchun uy-joylar qurishda davom etmoqda.
G‘azo sektorida esa HAMAS hukmron va ular vaqti-vaqti bilan Isroilga raketa zarbalari bermoqda. Isroil ham javob choralarini ko‘rmoqda.
Oxirgi eng jiddiy to‘qnashuv 2018 yil kuzida sodir bo‘ldi. O‘sha yili 11 noyabr kuni G‘azodan Isroil hududiga qariyb 400 ta raketa uchirilgan.
Bunga javoban 12 noyabr kuni Isroil samolyotlari G‘azodagi yuzlab obektlarga hujum uyushtiradi. O‘shanda nizolar oqibatida ikki tomondan kamida bir necha kishi halok bo‘ladi. G‘azodagi ko‘plab binolarga ziyon yetadi.
G‘arbiy sohil hududidagi so‘nggi to‘qnashuvlar 2023 yil aprelda sodir bo‘ldi. Musulmonlar uchun muqaddas oylardan biri bo‘lgan Ramazon oyida Isroil harbiylari Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirishdi.
Shundan so‘ng falastinliklar Livan janubidan Isroil hududiga raketa yo‘llashdi. Bunga javoban Isroil G‘azo sektori va Livan janubiga harbiy samolyotlar yordamida hujum qildi.
Ayni damda vaziyat tarang holda qolmoqda. Isroil hozircha Falastindan tortib olgan yerlarini qaytarib bermoqchi emas. Shu sababli o‘sha hududlarga isroilliklar uchun uy-joy qurilmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
19:01 / 19.11.2024