O‘zbekiston | 17:46 / 20.05.2023
21805
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda davolash muassasasida bemorga kuch ishlatgan IIB xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

IIB xodimi davolash muassasasiga olib borilgan mast fuqaroga u qo‘l-oyog‘i bog‘liq holda yotganida kuch ishlatgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani IIB xodimi tibbiy davolash muassasasiga olib borilgan bemorga jismoniy kuch ishlatgani tasvirlangan video tarqaldi.

Videoda IIB xodimi qo‘l-oyog‘i bog‘langan holda yuztuban tarzda yotqizib qo‘yilgan bemorga kuch ishlatib bo‘g‘gani, so‘ng uni og‘zini latta bilan bog‘lab yopmoqchi bo‘lgani tasvirlangan.

Viloyat prokuraturasining xabar berishicha, IIB xodimining bemorga kuch ishlatgani tasvirlangan videolavha yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakunlangan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, 2023 yil 19 may kuni Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Muzrabot tumani prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda. Tergov harakatlarining borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Avvalroq, viloyat IIB axborot xizmati videolavha tasvirlangan holat yuzasidan munosabat bildirgandi.

Unga ko‘ra, fuqaro mast holda Muzrabot tumani Shaffof mahallasidagi xonadonning eshigini tepib janjal qilgan. Shundan so‘ng xonadon bekasi tuman IIB navbatchilik qismiga murojaat qilgan. Tungi xizmatga jalb qilingan xodim borganida fuqaro uning qonuniy talablarini bajarmagan.

Shundan so‘ng IIB xodimi fuqaroni mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga olib borib joylashtirgan.

«Tibbiyot birlashmasida ham davolanayotgan bemorlarning tinchligini buzib, qonuniy talablarga bo‘ysunmasdan, qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlashda davom etgan U.P.ni tinchlantirish maqsadida IIB xodimi qat’iy harakat qilgan. Xodimning harakatlari yuzasidan hozirda Surxondaryo viloyat IIB mas’ullari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligini ma’lum qilamiz», deyilgan edi viloyat IIB munosabatida.

 

Mavzuga oid