O‘zbekiston | 17:28 / 21.05.2025
14689
3 daqiqa o‘qiladi

IIB xodimini pichoqlagan shaxsni avtobusda ushlashgan. Hodisa tafsilotlari

19 may kuni Yunusobod dehqon bozorida xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati xodimi pichoqlandi. Jabrlanuvchi ayni vaqtda shifoxonada. Unga hujum qilgan shaxs qo‘lida pichoq bilan yo‘lovchi avtobusiga chiqib, yashirinishga uringan. Uni ushlash va zararsizlantirish paytida avtobus ichidagi yo‘lovchilardan biri qahramonlik ko‘rsatgan. Kun.uz hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

7-sonli shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori Rasul Rahimovning aytishicha, bemor kasalxonaga bo‘yin sohasidan shikastlangan holda karaxt va og‘ir ahvolda olib kelingan. Bemorda shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgach, holati barqarorlashgan. Keyinchalik u IIV gospitaliga o‘tkazilgan. Bo‘yin sohasidagi jarohati 5 santimetr atrofida bo‘lgan, traxeya va qalqonsimon bez tomirlari shikastlangan.

Kun.uz muxbirining aniqlashicha, ichki ishlar xodimiga jarohat yetkazgan shaxs qo‘lidagi pichoq bilan yo‘lovchi avtobusiga chiqib, voqea joyidan yashirinishga uringan.

Gumonlanuvchining ortidan ta’qib qilib borgan uch nafar xodim uni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Bunda ularga avtobus ichida yo‘lovchi sifatida ketayotgan oddiy fuqaro – Vladimir Avdiyans (gapira olmaydi) yordam bergan, ushbu yo‘lovchi gumondorga ortdan tashlanib, uning qo‘llarini qayirishda yordam bergan.

“Avtobusda edim, qarasam, pichoq ko‘targan odam chiqdi, uni ushlash kerak deb hisobladim va IIB xodimiga xabar berdim. U odam pichoq bilan yurgandi, odamlarni avtobusdan chiqardik, keyin uni ushladik va harakatsizlantirdik. Sportchi bo‘lganim uchun bunday jarayondan qo‘rqmadim”, deya surdo tarjimon yordamida Vladimir Avdiyansning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Ma’lumot uchun, 19 may kuni Yunusobod dehqon bozorida xizmat olib borayotgan PPX inspektori o‘zini shubhali tutgan fuqaroni to‘xtatib tekshirmoqchi bo‘lganida, u yonidagi pichoq bilan xodimning bo‘yin qismiga tan jarohati yetkazgan edi.

Hududda xizmat olib borayotgan patrul-post xizmatining uch nafar xodimi jinoyatchini maxsus vositalar va jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan zararsizlantirib, qo‘lga olgan, bunda xodimlariga fuqaro Vladimir Avdiyans ham faol yordam berib, o‘zining fuqarolik burchini sidqidildan bajargani uchun mukofotlangandi.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, gumondor shaxs 1963 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, Paxtakor tumanida yashovchi Akrom Hasanov bo‘lib, 2005 yildan beri ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turadi.

Mavzuga oid