Jamiyat | 09:29 / 21.05.2023
21628
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda boshqa yo‘lovchilarni kutishni istamagan mijoz mashinani olib qochdi

Mashina o‘g‘risi shizoaffektiv buzilishi aralash tipi tashxisi bilan ro‘yxatda turishi aniqlangan.

Foto: Tergov departamenti axborot xizmati

Navoiy shahrida 17 may kuni fuqaro taksida boshqa yo‘lovchilarni kutishni xohlamasdan, mashinani olib qochdi. Tergov departamenti holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 35 yoshli R.F. «102» qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, unda u Nexia’da kirakashlik qilish uchun yo‘lovchi kutib turgan vaqtida noma’lum erkak kelib, uni Qiziltepa tumani markaziga olib borib qo‘yishini so‘raganini, u rozi bo‘lganidan so‘ng mijoz avtomashinaga o‘tirganini aytgan.

Shundan so‘ng haydovchi boshqa yo‘lovchilarni izlashni davom ettirgan, biroq ushbu mijoz uning avtomashinasiga o‘tirib, uning boshqa yo‘lovchilarga chalg‘iganidan foydalanib, transport vositasini olib qochgan. Haydovchi esa ushbu shaxsni aniqlashda va avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Olib borilgan tezkor chora tadbirlar natijasida jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan avtomashina Karmana tumani hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining 187-kilometr oralig‘ida noma’lum shaxs tomonidan boshqarib ketilayotgan vaqtda Navoiy viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u Qiziltepa tumanida yashovchi shizoaffektiv buzilishi aralash tipi tashxisi bilan Asab va ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turuvchi 34 yoshli K.I. ekani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid