Zelenskiyning chiqishi, Rossiya va tarafdorlariga qarshi yangi sanksiyalar. G7 sammitidan asosiy gaplar
Ukraina prezidenti Yaponiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida shaxsan ishtirok etib, nutq so‘zladi va Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishga chaqirdi.
19-21 may kunlari Yaponiyaning Hiroshima shahrida «Katta yettilik» sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshidan buyon ilk bor Volodimir Zelenskiy shaxsan ishtirok etdi. Aynan Rossiya tajovuzi (va u bilan kurashish usullari) tadbirning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. «Meduza» sammitning asosiy yakunlarini keltirdi.
Volodimir Zelenskiy G7 sammitida shaxsan ishtirok etdi. Yaponiyaga Zelenskiy Saudiya Arabistonidan fransuz hukumati samolyotida uchib keldi, u oldinroq Arab davlatlari ligasi yig‘ilishida chiqish qilgandi. U Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon «Katta yettilik»ning olti uchrashuvida, faqat onlayn rejimda qatnashgandi. Bu tashrif — Zelenskiyning urush boshidan buyon Osiyoga amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ldi.
Sammitdagi chiqishida Ukraina prezidenti mamlakatga zamonaviy qiruvchi samolyotlar yetkazib berishga chaqirdi.
«Urush davrida Ukraina «Katta yettilik» yig‘ilishlarida olti bor ishtirok etdi, ammo faqat onlayn rejimda. Hozir — shaxsan minnatdorchilik bildirish uchun qulay vaqt. Biz demokratiya va xalqaro huquq bilan hisoblashishlariga erishdik. Dunyoda biz qadrlaydigan narsalarni e’tiborsiz qoldirishga urinishlar bo‘ldi. Hozir esa bu imkonsiz. Hozir bizning kuchimiz o‘smoqda. Biz siz bilan qancha ko‘p hamkorlik qilsak, boshqa kimdir Rossiyaning telbavor yo‘lidan borishi ehtimoli shunchalik kamayadi.
Ko‘p yillar mobaynida biz Rossiya istalgan mamlakatga go‘yoki qaytarib bo‘lmaydigan gipertovushli raketalar bilan, hech qanday jazodan qo‘rqmagan holda hujum qilishi mumkinligi haqida eshitib keldik. Endi bu gaplarga yakun yasaldi. Buni ukrainlar qo‘lidagi Patriot tizimlari ko‘rsatib berdi. Biz siz bilan birgalikda isbotladik: gap dushmanda qancha raketa borligida emas, balki bizda qancha havo hujumidan mudofaa tizimi mavjud bo‘lishida ekan. Ammo yerdagi tizimlarga havodagi zamonaviy samolyotlarni qo‘shish kerak. Bizning uchuvchilarimiz F-16 bilan tanishganda va bu mashinalar osmonimizda paydo bo‘lganida — bu Yevropa va dunyo xavfsizligi uchun tarixiy lahza bo‘ladi», — dedi Zelenskiy.
Shuningdek, u «yettilik» yetakchilari va G7 tarkibiga kirmaydigan sakkiz mamlakat rahbarlari bilan uchrashdi, ular orasida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol bor.
AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvdan so‘ng Ukrainaga harbiy yordamning yangi paketi e’lon qilindi — jami 375 million dollarlik. Bundan tashqari, CNN va Associated Press (AP) agentliklari manbalari xabar berishicha, sammitning birinchi kunida Bayden G7 yetakchilariga Vashington ittifoqchilarning ukrain uchuvchilarini Amerikaning F-16 samolyotlarida o‘qitish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Ukrainaga qachon va qancha samolyot taqdim etilishi bo‘yicha qaror yaqin oylar ichida e’lon qilinishi kutilmoqda. AQSh «qiruvchilar koalitsiyasi»ni qo‘llashi haqidagi ma’lumotni keyinroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham jurnalistlarga tasdiqladi. «Zelenskiy meni qat’iyan ishontirdiki, ular undan [F-16 qiruvchisidan] Rossiyaning geografik hududlariga kirish va ichkarilash uchun foydalanmaydi, ammo, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududida bo‘lganida ular bu ishni qilishi mumkin», — degan Baydenning o‘zi jurnalistlarga.
Volodimir Zelenskiy «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin va Rossiya hukumatining Baxmut to‘liq egallangani to‘g‘risidagi bayonotlari yuzasidan ham izoh berdi. Jurnalistning unga bu borada bergan savoli shunday yangradi: «Mister prezident, Baxmut Kiyev nazoratida qolmoqdami? Rossiyaliklar Baxmutni egallashganini aytishmoqda». Zelenskiy shunday javob qaytardi: «Men o‘ylaymanki, yo‘q… Ammo siz u yerda hech narsa yo‘qligini tushunishingiz kerak. Ular [rossiyaliklar] barchasini vayron qilishdi. <…> Bugungi kunda Baxmut faqat qalbimizda». Ko‘p o‘tmay Ukraina prezidenti matbuot xizmati Zelenskiy savolning faqat ikkinchi qismiga javob qaytargani va shahar egallanganini rad etganini bildirdi. Shuningdek, Hiroshimadagi matbuot anjumani chog‘ida Zelenskiy bu mavzuda yana bir bor to‘xtalib, «Baxmut bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi tomonidan egallanmagani» va «buning ikki yoki uch talqini bo‘lishi mumkin emasligi»ni aytdi.
«Katta yettilik» Ukrainani «qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davomida» qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni qabul qildi. Amaldagi sanksiyalar kabi, ular ham birinchi navbatda «Rossiya tajovuzi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega» sohalarga va mamlakat iqtisodiyotiga (masalan, Rossiyaning olmos eksportini cheklash) taalluqli bo‘ladi. Shuningdek, ularga amal qilinishini nazorat qilishga qaratilgan. G7 a’zolari uchinchi davlatlar tomonidan Rossiyaga qurol yetkazib berilishi va Rossiya agressiyasini moliyalashtirishga qarshi kurashni kuchaytirish niyatida. Sanksiyalardan maqsad — «Rossiya harbiy mashinasini och qoldirib tinkasini quritish». Shuningdek AQSh Davlat departamenti 200 ta tashkilot, jismoniy shaxslar, kemalar va samolyotlarga nisbatan cheklovlar kiritilishini ma’lum qildi. Sanksiyalarning yangi paketi bolalarning Ukrainadan Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilinishi uchun javobgar shaxslarni ham qamrab oladi.
Sammit ishtirokchilari Xitoyni Rossiyaga «harbiy tajovuzni to‘xtatish va qo‘shimcha shartlarsiz zudlik bilan Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi» uchun «bosim ko‘rsatish»ga chaqirdi. Erondan esa ular Rossiyaga dronlar yetkazib berishdan bosh tortishini kutmoqda. Bu haqda 20 may kuni qabul qilingan sammitning yakuniy kommyunikesida ham aytilgan. RF TIV rahbari Sergey Lavrovning aytishicha, sammit qarorlari mamlakatlarni «ikki tomonlama cheklashga qaratilgan». Qabul qilingan kommyunike Xitoy tomonidan ham tanqid qilindi. «Biz „Katta yettilik“ a’zolarini zamon tendensiyalari bilan hamqadam bo‘lishga, o‘z uylaridagi turli muammolarni hal qilishga e’tibor qaratishga, eksklyuziv bloklarga birlashish, boshqa mamlakatlarni tiyish va ularga zarba berishni bas qilishga <…> va to‘g‘ri muloqot va hamkorlik yo‘liga qaytishga chaqiramiz», — deyilgan Xitoy TIV rasmiysi bayonotida.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
14:17 / 22.11.2024