Jamiyat | 18:23 / 24.05.2023
18477
3 daqiqa o‘qiladi

Oldinda ulkan rejalar bor: O‘zJOKU 5 yoshga to‘ldi!

O‘zbekistonning eng yosh universitetlaridan biri, so‘z erkinligini yangi bosqichga ko‘tarishni maqsad qilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘zining 5 yillik tantanalarini nishonlamoqda.

Foto: O‘zJOKU

Hashamatli “Renessans holl”da “Renessans avlodlari” deb nomlangan tantanali tadbirda sohaga oid yuzlab mehmonlar ishtirok etdi. Tadbir davomida bitiruvchilar va ustozlarni taqdirlash marosimlari o‘tkazildi, universitetning tarixi va kelajakdagi rejalari haqida so‘z bordi.

Bu ta’lim dargohi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 maydagi PQ-3737-son qaror bilan tashkil topgan hamda Markaziy Osiyoda jurnalistika va axborot sohasida professional mutaxassislarni tayyorlaydigan yagona universitet tashkil etilgan.

Universitet tizimida dastlab 2018 yilda 2 ta fakultet, 2 ta kafedra bo‘lgan. 2019 yilda 5 ta kafedra, 2020 yilda 6 ta, 2021 yilda 9 ta va bugungi kunga kelib 10 ta kafedra faoliyatini olib bormoqda. 2020-2023 yillarda 4 ta fakultet 25 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Universitet tashkil etilgan yilda 8 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 10 ta magistratura mutaxassisliklari faoliyati boshlangan, 2022-2023 o‘quv yilida 17 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 17 ta magistratura mutaxassisliklariga yetdi. Universitetda bugungi kunda 3355 nafar talaba tahsil oladi.

Bugungi media makon, tezkorlik bilan rivojlanayotgan davr har tomonlama professional jurnalist kadrlarni yetishtirib berishni taqozo qiladi. Bu borada qisqa muddatda bo‘lsa-da, qator ishlarni amalga oshirishga harakat qilinyapti.

2023 yil 1 aprel holatiga ko‘ra asosiy shtatda 111 nafar professor-o‘qituvchilar pedagogik faoliyat olib bormoqda. Shundan, 5 nafar fan doktori (DCc), 35 nafar fan nomzodlari (PhD), 2 nafar ilmiy darajaga ega bo‘lmagan professorlar, hamda 69 nafar ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lmagan 34 nafar katta o‘qituvchi va 35 nafar o‘qituvchi-stajyor pedagogik faoliyat olib borayotgani komissiya a’zolari tomonidan e’tirof etildi.

Tadbirda ishtirok etgan va so‘zga chiqqan mehmonlar universitetni bu sana munosabati bilan tabriklab, bu ta’lim maskani bilan doimiy hamkorlikni rivojlantirish niyatlarini bildirdilar.

Jumladan, Kun.uz sayti jamoasi ham O‘zJOKUni 5 yillik to‘yi bilan muborakbod etadi va bitiruvchilar hamda yuqori kurs talabalari orasidan tanlov asosida kamida 5 nafar yoshlarni doimiy ishga jalb qilish rejasini ma’lum qiladi.

Mavzuga oid