Jahon | 10:43 / 26.05.2023
35421
9 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik ekspertlar Rossiya armiyasi haqida batafsil hisobot e’lon qildi

Asosiy xulosa shundaki, u Ukrainaga keng miqyosli bosqinning dastlabki oylariga qaraganda yaxshiroq jang qilmoqda.

Foto: Sergei Ilnitsky / EPA / Scanpix / LETA

Britaniya Mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) ekspertlari Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan bir yil o‘tib, Rossiya armiyasining ahvoli haqida batafsil hisobot taqdim etdi.

Hisobot mualliflari boshqa narsalar qatorida, Rossiya armiyasining zaifligi va qobiliyatsizligi haqidagi keng tarqalgan fikr haqiqatga to‘liq mos kelmaydi degan xulosaga keldi. Xususan, ekspertlarning ta’kidlashicha, Rossiya qurolli kuchlari o‘z taktikasini joriy vazifalarga moslashtirib olgan, shuningdek, keng ko‘lamli bosqinning dastlabki oylarida yaqqol namoyon bo‘lgan ko‘plab kamchiliklarni tuzatishga muvaffaq bo‘lgan.

Piyodalar

Bosqinning boshida rus harbiylari Batalon taktik guruhlari (BTG) tarkibida, ming kishidan kam bo‘lgan mustaqil qo‘shma qurolli qismlar, shu jumladan motopiyodalar, tanklar, artilleriya va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi sifatida harakat qilgan. Ammo shaxsiy tarkib yetishmasligi va harakatlardagi muvofiqlik yo‘qligi tufayli Rossiya qo‘mondonligi BTG guruhlarini joylashtirishdan voz kechishga majbur bo‘ldi. Buning o‘rniga, harbiy rahbariyat piyoda askarlardan foydalanishni boshladi, ulardan 4 turdagi: chiziqli, hujumkor, «bir martalik» va ixtisoslashtirilgan guruhlar tuzildi.

Chiziqli piyodalar ko‘pincha qo‘llab-quvvatlash va mudofaa uchun, hujumkor qismlar hujum operatsiyalari uchun ishlatiladi. Ixtisoslashtirilgan qismlar piyodalar, havo-desant qo‘shinlari, «Vagner»ning professional yollanma askarlari va maxsus kuchlardan tashkil topgan. Ular, jumladan, Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari yaqinida kuzatuv va snayper postlarini yaratish uchun ishlatilgan.

Asosan rossiyalik mahbuslar va safarbar qilinganlar, shuningdek, «DXR» va «LXR»dan chaqirilganlardan iborat «bir martalik» piyoda askarlar Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalarini tekshirish, shuningdek, Ukraina harbiylariga qarshi doimiy janglarda ishlatilgan. «Bir martalik» piyodalar ko‘pincha besh kishigacha bo‘lgan kichik guruhlarda harakat qilib, «inson to‘lqini» taktikasini ishlatgan – yakson qilingan guruh o‘rnini tezda boshqasi to‘ldirgan.

Muhandislik qo‘shinlari

Muhandislik qismlari Rossiya armiyasidagi eng samarali harbiy qismlardan biri bo‘lib chiqdi. Xususan, ular mudofaa inshootlarini tezkor barpo qilgan, shuningdek, aralash (piyodalarga qarshi va tankka qarshi) minalar maydonini kompleks tashkil etgan.

Artilleriya

Artilleriya Rossiya armiyasining tayanchi bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Biroq, keng ko‘lamli urushning dastlabki yilida uni qo‘llash usullari sezilarli darajada o‘zgardi. Xususan, agar bosqinning boshida artilleriya batareyalari BTG bilan ulangan bo‘lsa, 2022 yil yoziga kelib, ular bitta qo‘mondonlikka bo‘ysunadigan artilleriya-taktik guruhlarga birlashtirildi.

Bundan tashqari, Rossiya artilleriyasi razvedka uchun dronlardan faolroq foydalanishni boshladi, bu esa o‘q-dorilardan samaraliroq foydalanish imkonini berdi, shuningdek, artilleriyaning keng joylashtirilgan pozitsiyalardan o‘q otish qobiliyatini oshirdi (jangchilar bir joyda to‘planib qolishi, oqibatda dushmanning oson o‘ljasiga aylanmasligi uchun). Bundan tashqari, Rossiya artilleriyasi bir joyda muqim qolmasdan, yanada harakatchan bo‘ldi.

Zirhli transport vositalari

Bosqin boshlanganidan beri rus armiyasi zirhli texnikadan foydalanish taktikasini ham o‘zgartirdi. Misol uchun, agar ilgari tanklar frontning ma’lum bir qismini yorib o‘tish uchun ishlatilgan bo‘lsa, endi ular, qoida tariqasida, piyodalarni qo‘llab-quvvatlash funksiyalarini bajarmoqda.

Xususan, rus harbiylari yopiq pozitsiyalardan o‘q otish uchun tanklardan foydalanmoqda. Masalan, tanklar logistik yo‘llarni himoya qilish uchun havo mudofaasi yetarli bo‘lmagan joylarda ishlatilmoqda.

Rossiya harbiylari piyoda qo‘shinlarni qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida ham tanklardan foydalanmoqda. Chunki ular front chizig‘iga yaqin masofada harakat qila oladi va dushmanning o‘q otish nuqtalarini aniqlash va yo‘q qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Rossiya reydlar amalga oshirish uchun tanklardan foydalanmoqda. Rus piyoda askarlari Ukraina pozitsiyalariga doimiy bosim o‘tkazayotgani sababli, Ukraina qurolli kuchlari qo‘shinlarning muntazam rotatsiyasini amalga oshirishi kerak. O‘z navbatida, Rossiya harbiylari rotatsiya to‘g‘risida ma’lumot olib, tanklarni belgilangan sektorga yubormoqda, u yerda pozitsiya o‘zgarishi sababli eng zaif bo‘lgan paytda dushman qo‘shinlariga tezkor zarba bermoqda.

Rossiya tomonidan eskirgan T-62 va T-55 tanklaridan foydalanish ijtimoiy tarmoqlarda masxara qilingan bo‘lsa-da, ular piyoda jangovar mashinalariga yuklangan vazifalarni bajarishi, bu jihatdan eskirgan tanklar samaraliroq bo‘lishi mumkin. Baxmutda rus qo‘shinlari tanklardan shahar ichida foydalandi, bu holda eski tanklardan foydalanish afzalroq edi. Chunki shahar muhiti zamonaviyroq transport vositalariga ularning yo‘qotilishini oqlash uchun yetarli texnik ustunlik bermaydi.

Rossiya harbiylari tanklarga bir qator o‘zgartirishlar kiritdi, bu esa ularning chidamliligini oshirdi va ba’zi tankka qarshi tizimlarga nisbatan kuchliroq qildi.

Elektron urush uskunalari

Rossiya radioelektron kurash vositalari (RKV) imkoniyatlarini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda Rossiya armiyasi frontning har 10 kilometri uchun taxminan bitta yirik RKV tizimidan foydalanadi. Bu tizimlar, asosan, dronlarni urib tushirishga qaratilgan bo‘lib, oqibatda Ukraina qurolli kuchlari oyiga 10 mingga yaqin dron yo‘qotyapti. Mutaxassislar ukrainalik harbiylarning so‘zlariga tayangan holda ta’kidlashicha, rossiyaliklar, aftidan, ukrainaliklar foydalanadigan Motorola ratsiyalari shifrini real vaqt rejimida buzishni o‘rganib olgan.

Havo mudofaasi vositalari

Bosqin boshidan beri rus harbiylari havo mudofaa vositalaridan foydalanish usulini o‘zgartirdi, dastlab ular juda tarqoq holda edi.

Bunday sharoitda Rossiyaning havo mudofaa tizimlari antiradiolokatsion raketa hujumlariga dosh berolmadi (ular Ukrainaga NATO tomonidan yetkazib berilgan va Ukrainaning MiG-29, Su-27 va Su-24 samolyotlarida foydalanishga moslashtirilgan). Amerikaning HIMARS tizimlari yetkazilgach, Rossiya havo mudofaa tizimlari ushbu raketalar zarbasiga qarshilik qila olmasligi ma’lum bo‘ldi.

2022 yil kuzidan boshlab, ruslar asosiy logistika va tezkor boshqaruv markazlari atrofida havo hujumidan mudofaa tizimlarini joylashtira boshlagan. Bundan tashqari, rus harbiylari turli radarlar bilan birga havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘llashni boshladi. Bu esa tizimlarning umumiy samaradorligini oshirdi va raketa zarbalarining kamida bir qismini bartaraf etish imkonini berdi.

Aviatsiya

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari tufayli Rossiya aviatsiyasining qamrov sohasi urush davomida cheklanganligicha qolmoqda. Shunga qaramay, urushning dastlabki yilida Rossiya aerokosmik kuchlari mavjud cheklovlarga qisman moslashdi. Xususan, Rossiya harbiylari o‘q-dorilar taqchilligiga moslashdi, shuning uchun havo hujumlari oldidan dronlar hujumi uyushtirilmoqda. Bu bilan Ukraina havo mudofaasining zaif tomonlari ochilmoqda, bu esa aviatsiya hujumi samarasini oshiryapti. Bundan tashqari, ruslar modifikatsiya qilingan FAB-500 aviabombalaridan faol foydalanishni boshladi. Rossiyada ularning katta zaxiralari bor.

Xulosa o‘rnida, hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, jangovar harakatlar yil davomida Rossiya armiyasi moslashish va xatolaridan saboq olish qobiliyatini namoyish etgan. Shu bilan birga, barcha o‘zgarishlar vaziyatga bog‘liq va bosqin paytida paydo bo‘lgan kamchiliklarni tuzatishga qaratilgan. RUSI ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi vaqt o‘tishi bilan muammolarni hal qilishni o‘rganib oladigan tuzilmadir. Biroq ekspertlar qo‘mondonlikning yangi tahdidlarni oldindan ko‘ra bilish va ularga tezkorlik bilan javob berish qobiliyatiga shubha qilmoqda.

Mavzuga oid