Sport | 21:13 / 26.05.2023
29693
19 daqiqa o‘qiladi

Kuchli beshlikda mavsum yakunlanmoqda: chempionlar, YeChL yo‘llanmalari va so‘nggi intrigalar

Yevropada futbol mavsumi yakunlanmoqda, ammo top-5 ligalarda hali barcha masala hal bo‘lib ulgurmadi.

Angliya

Chempionlik: «Manchester Siti»

APLda mavsumga shu hafta oxirida yakun yasaladi, lekin intriga faqat turnir jadvalining quyi qismida qolgan. Chempionlik masalasi esa muddatidan ilgari hal bo‘ldi. Chempionatda mavsumning katta qismida Mikel Arteta boshqaruvidagi «Arsenal» yetakchilik qildi, ammo Pep Gvardiola shogirdini ortda qoldira oldi va beshinchi bor «Manchester Siti»ni APL chempionligiga yetaklab keldi.

YeChL yo‘llanmasini kafolatlagan jamoalar: «Manchester Siti», «Arsenal», «Nyukasl», «Manchester Yunayted»

«Arsenal» yetti yil ichida ilk bor asosiy yevrokubokda o‘ynaydi, «Nyukasl» esa — 20 yildan beri bu turnirga qadam qo‘ymagandi. Qoldirilgan o‘yinda «Chelsi»ni mag‘lub etgan «MYu» ham to‘rtinchi yo‘llanmani o‘ziniki qildi — Erik ten Haag «qizil iblislar»ni debyut mavsumidayoq YeChLga qaytardi, jamoa so‘nggi bor bu turnirda 2021/22 yillar mavsumida o‘ynagan va 1/8 finalga chiqqandi.

Yevropa Ligasiga yo‘llanmani kafolatladi: «Liverpul» va «Brayton»

Konferensiyalar ligasi uchun da’vogarlar: «Aston Villa» (58), «Tottenhem» (57), «Brentford» (56)

Angliyada bu mavsumda 5-6 o‘rinlar egalari Yevropa Ligasiga yo‘l oladi, Konferensiyalar ligasida — yettinchi jamoa qatnashadi. «Liverpul» esa 7 yil ichida ilk bor YeChLdan tashqarida qoldi — Kloppning birinchi mavsumida jamoa Yevropa Ligasida qatnashib, «Borussiya» Dortmund klubiga qarshi dramatik o‘yin o‘tkazib finalga chiqqan, ammo bosh sovrin uchun bahsda «Sevilya»ga yutqazgandi. «Brayton» esa o‘z tarixida ilk bor yevrokuboklarda o‘ynaydi.

So‘nggi turda Yevropaning uchinchi darajali turniri yo‘llanmasi uchun uch klub sirtdan kurash olib boradi: bu yo‘llanmaga «Aston Villa», «Tottenhem» va «Brentford» jamoalaridan biri ega chiqadi.

Shuningdek, keyingi mavsumda Yevropa Ligasida ishtirok etish uchun «Vest Hem»da ham imkoniyat bor. Buning uchun londonliklar Konferensiyalar ligasi finalida «Fiorentina»ni mag‘lub etishi kerak.

Turnirni tark etib bo‘lgan jamoa: «Sauthempton»

Ligada qolish uchun kurashmoqda: «Everton» (33), «Lester» (31), «Lids» (31)

Bu mavsum ligada qolish uchun kurash shiddatli tus oldi: qatorasiga 11 mavsumni yuqori elitada o‘tkazgan «Sauthempton» chempionshipga tushib ketishi allaqachon  ma’lum bo‘ldi. Yana ikki nomdor klub turnirni tark etish yoqasida. 2016 yilda Angliya chempioni bo‘lgan «Lester» va so‘nggi yillarda yana raqobatbardosh jamoaga aylangan «Lids»da imkoniyat juda yomon. «Everton» ham hozircha o‘zini xavfsiz his qila olmaydi, ammo so‘nggi turda barchasi o‘zgarishi mumkin. Bu katta yo‘qotish bo‘ladi: 9 bor Angliya chempioni bo‘lgan liverpulliklar oliy divizionni so‘nggi 70 yil mobaynida tark etmagan.

APLga chiqqan ikki jamoa nomi ma’lum: «Byornli» va «Sheffild Yunayted» qaytishdi, uchinchi jamoa nomi «Luton» — «Koventri» bahsida aniqlanadi.

To‘purarlar: Holand, «Manchester Siti» (36 ta gol), Keyn, «Tottenhem» (28)

Erling Holand debyut mavsumidayoq ketma-ket yutuqlarga erishdi va rekordlarni yangiladi, u kelgunicha ligada bir mavsumda urilgan gollar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich — 34 ta edi, endi 36 ta bo‘ldi. Qolaversa, ushbu norvegiyalikda bu plankani ko‘tarish uchun yana bir o‘yin bor bo‘ladi. «Oltin butsa» — uniki.

Ispaniya

Chempionlik: «Barselona»

2019 yildan buyon ilk bor katalonlar Ispaniya chempionati oltinlarini o‘ziga qaytardi. Ular butun mavsum davomida peshqadamlik qilishdi va 34-turdayoq birinchi o‘rinni kafolatlashdi.

YeChL yo‘llanmasini kafolatlagan jamoalar: «Barselona», «Real», «Atletiko»

YeChL yo‘llanmasi uchun da’vogarlar: «Real Sosedad» (68), «Vilyarreal» (63)

Ispaniyadan standart uchlik keyingi mavsum Chempionlar ligasida ishtirok etishini hal qilgan, to‘rtinchi ishtirokchi katta ehtimol bilan «Real Sosedad» bo‘ladi — mavsum yakuniga ikki tur qolganida bu jamoa beshinchi o‘rindagi «Vilyarreal»ni besh ochkoga ortda qoldirgan. Basklar klubi o‘n yil o‘tib yevrokubokka qaytishga tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, «Sevilya» YeChLdan bir qadam berida turibdi — buning uchun Yevropa Ligasi finalida «Roma»ni yengish talab etiladi.

Kamida Yevropa Ligasiga yo‘llanmani kafolatlagan: «Vilyarreal» (63)

Kamida Konferensiyalar ligasiga yo‘llanmani kafolatlagan: «Betis» (56)

Konferensiya ligasiga yo‘llanma uchun da’vogarlar: «Atletik» (50), «Jirona» (49), «Sevilya» (49), «Osasuna» (47), «Rayo Valekano» (46), «Malorka» (44)

«Vilyarreal» va «Betis» katta ehtimol bilan beshinchi va oltinchi o‘rindan yuqori ko‘tarila olmaydi va Yevropa Ligasiga yo‘l oladi. Konferensiyalar ligasi yo‘llanmasi uchun esa so‘nggi turlarda qattiq kurash ketadi — da’vogarlar juda ko‘p.

Turnirni tark etib bo‘lgan jamoa: «Elche»

Ligada qolish uchun kurashmoqda: «Valensiya» (40), «Selta» (40), «Almeriya» (39), «Hetafe» (38), «Kadis» (38), «Valyadolid» (38), «Espanol» (35)

Bu mavsumda Ispaniyada ligada jon saqlash uchun kurash qizg‘in tus oldi. Finishgacha — ikkitadan o‘yin qolgan, hatto 13-o‘rinda kelayotgan «Valensiya» ham masalani hal qilmagan. «Elche» barcha imkoniyatni yo‘qotgan, ammo hali unga ergashuvchi ikki jamoa nomi ma’lum emas.

Shuningdek oliy divizionga chiqadigan jamoalar ham hali aniq emas — segundada so‘nggi tur arafasida birorta jamoa yuqori ligaga ko‘tarilish masalasini hal qila olmadi. Da’vogarlar — «Granada», «Las-Palmas», «Alaves», «Levante», «Eybar» va «Albasete».

To‘purarlar: Levandovski, «Barselona» (23), Benzema, «Real» (18)

Ikki taniqli to‘purar — kutilganidek merganlik poygasida yetakchilik qildi. Bir yil muqaddam Karim Benzema birinchi bo‘lgandi, ammo Robert Levandovski la ligadagi ilk mavsumidayoq uning o‘rnini tortib olmoqda.

Italiya

Chempionlik: «Napoli»

Luchano Spalletti jamoasi butun mavsum davomida ishonch bilan g‘oliblik uchun olg‘a yurdi va mavsum yakuniga besh tur borligidayoq chempionga aylandi. Bu «Napoli» uchun 33 yildan buyon ilk oltin medal.

YeChL yo‘llanmasini kafolatlagan jamoalar: «Napoli», «Latsio»

YeChL yo‘llanmasi uchun da’vogar jamoalar: «Inter» (66), «Milan» (64), «Atalanta» (61), «Roma» (60)

Joriy mavsum Chempionlar ligasi yarimfinalida o‘ynagan Milanning ikki jamoasi hamon keyingi mavsum unda ishtirok etishini kafolatlamadi. Vaziyat ular uchun yanada yomonroq tus olishi mumkin edi, ammo «Yuventus»dan yana 10 ochko olib qo‘yishdi, shuning uchun YeChL uchun kurashda bu jamoalar bitta ortiqcha o‘rin paydo bo‘ldi.

Shunga qaramay, hali hech narsa aniq emas. Qolgan ikki yo‘llanma uchun to‘rt klub da’vogar, «Inter» va «Roma»da esa lazeyka ham bor: milanliklar YeChL g‘olibligi orqali, rimliklar esa — Yevropa Ligasida g‘olib chiqish bilan ham yo‘llanma olishi mumkin.

Yevropa Ligasi va Konferensiyalar ligasiga yo‘llanma uchun da’vogarlar: «Inter» (66), «Milan» (64), «Atalanta» (61), «Roma» (60), «Yuventus» (59)

Italiya Kubogi finalida «Inter» «Fiorentina»ni mag‘lub etdi. Milanliklar qit’aning ikki asosiy turniridan birida ishtirok etishini kafolatlagan, shuning uchun Kubokdagi yo‘llanma avtomatik ravishda A seriyaga o‘tkaziladi. Bu shuni anglatadiki, yuqorida ko‘rsatilgan besh jamoa yevrokuboklarda o‘ynashi aniq, faqat aynan qaysi turnirdaligi aniq emas. Bunda turlicha variantlar kelib chiqishi mumkin, barchasi qolgan ikki turda hal bo‘ladi.

Turnirni tark etib bo‘lgan jamoalar: «Sampdoriya», «Kremoneze»

Ligada qolish uchun kurashmoqda: «Lechche» (33), «Spetsiya» (31), «Verona» (30)

«Sampdoriya» 2003 yildan buyon faqat bir marta A seriyadan tashqarida qolgan, shunday ekan, bu jamoaning turnirni tark etishi sezilarli holat. «Kremoneze» esa bu asrda ilk bor yuqori elitaga chiqqandi va darhol ortga qaytadigan bo‘ldi. Uchinchi chipta uch jamoadan biriniki bo‘ladi.

Bu jamoalar o‘rnini «Frozinone» va «Jyenoa» egallashi aniq, uchinchi yo‘llanma V seriya pley-offi bosqichi g‘olibiniki bo‘ladi — bu yerda birato‘la olti nomzod bor.

To‘purarlar: Osimhen, «Napoli» (23), Martines, «Inter» (20)

«Napoli» chempionlikni kuchli beshlikda barchadan ertaroq hal qildi, Spalletti bilan xayrlashayotgan jamoa yana ikki asosiy individual sovrinlarga ega chiqishi mumkin: Viktor Osimhen to‘purarlar poygasida peshqadam, Xvicha Kvaratsxeliya — assistentlar ro‘yxatida eng yaxshisi bo‘lib turibdi.

Germaniya

Chempionlikka da’vogar jamoalar: «Borussiya» D (70), «Bavariya» (68)

Fantastika: bundesligada mavsum yakuniga bir tur qolganida ham asosiy masala hal bo‘lmadi — kim chempion bo‘ladi? «Bavariya» qatorasiga o‘n chempionlikdan iborat seriyasini to‘xtatish xavfi ostida turibdi. Kumush tovoqni yana bir bor ko‘tarish uchun jamoa futbolchilari so‘nggi turda «Kyoln»ni yengishdan tashqari, «Borussiya» ham o‘z uyida «Mayns»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotishiga umid qilishi kerak. Barchasi 27 may kuni hal bo‘ladi.

YeChL yo‘llanmasini kafolatlagan jamoalar: «Borussiya» D, «Bavariya», «Leypsig»

YeChL yo‘llanmasi uchun da’vogar jamoalar: «Union» (59), «Frayburg» (59)

Asosiy yevrokubokda Germaniyadan qatnashadigan odatiy uch jamoa allaqachon yo‘llanmani naqd qilgan, to‘rtinchi delegat esa yangi jamoa bo‘ladi: Berlinning «Union» klubi ham, «Frayburg» ham shu vaqtga qadar bu turnirda o‘ynamagan. Poytaxt jamoasida to‘plar nisbatidagi ustunlik va so‘nggi turda nisbatan osonroq raqibga qarshi o‘ynashi tufayli kichik ustunlik mavjud.

Kamida Yevropa Ligasida o‘ynashini hal qilganlar: «Union Berlin», «Frayburg»

Yevropa Ligasi Konferensiyalar ligasiga yo‘llanma uchun da’vogarlar: «Bayyer» (50), «Volfsburg» (49), «Ayntraxt» (47)

Germaniya Kubogi finali hali o‘tkazilmadi: 3 iyun kuni «Leypsig» va «Ayntraxt» sovrin uchun kurashadi. Agar frankfurtliklar jamoasi g‘olib chiqsa, aynan shu jamoa Yevropa Ligasiga yo‘l oladi. Agar unday bo‘lmasa, bundesliganing yettinchi o‘rni yevrokubokka yo‘llanma beradi. Hozirda «Bayyer» oltinchi o‘rinda, ammo «Volfsburg» va «Ayntraxt» bu klubni yaqindan ta’qib etmoqda.

Turnirni tark etib bo‘lgan jamoa: «Herta»

Turnirda qolish uchun kurashayotgan jamoalar: «Augsburg» (34), «Shtutgart» (32), «Bohum» (32), «Shalke» (31)

Sandro Shvars «Herta»ni qutqara olmadi — jamoa muddatidan oldin bundesligani tark etdi. «Shalke» ham quyi divizionga tushib ketish yoqasida turibdi — so‘nggi turda gilzenkirhenliklar «Leypsig» maydonida ochko olishi talab etiladi. «Augsburg» to‘g‘ridan to‘g‘ri ligani tark etishi dargumon, ammo o‘tish o‘yinlarida o‘ynashga to‘g‘ri kelishi mumkin. «Shtutgart» va «Bohum» ham xavfli zonada.

Bundesligaga birinchi yo‘llanmani «Darmshtadt» o‘ziniki qilgan, ikkinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun «Haydenhaym» va «Hamburg» da’vogar: ulardan biri yuqori ligaga chiqadi, boshqasi — o‘tish o‘yinlari orqali harakat qilib ko‘radi.

To‘purarlar: Fyullkrug, «Verder» (16), Kolo Muani, «Ayntraxt» (14), Gnabri, «Bavariya» (14), Nkunku, «Leypsig» (14), Grifo, «Frayburg» (14)

Germaniya terma jamoasi hujumchisi, ko‘pchilikka JCh-2022 turniridagi ishtiroki orqali tanilgan Niklas Fyullkrug u qadar ko‘p gol urmagan bo‘lsa ham bundesliganing eng yaxshi to‘purari bo‘lib qoldi — u 16 bor raqiblar darvozalarini ishg‘ol etgan. O‘tgan mavsumda eng yaxshi to‘purar bo‘lgan Robert Levandovski hisobida 35 gol bor edi, farq juda ulkan.

Shu bilan birga, bu mavsumda asosiy individual mukofotlar uchun forvardlar o‘rtasida haqiqiy intriga kechmoqda — poygadagi besh futbolchidan istalgani birinchi o‘rinni olishi mumkin.

Fransiya

Chempionlikka da’vogar jamoalar: «PSJ» (84), «Lans» (78)

Kutilmaganda, «PSJ» hozirga qadar o‘zi uchun oltin medallarni naqd qilmadi. Yanada hayratlanarlisi, parijliklarga raqobat ko‘rsatishda davom etayotgan yagona jamoa bo‘lib turgan «Lans» — uch yil muqaddam liga 2 ishtirokchisi edi. Shu bilan birga, bu raqiblik faqat nazariy jihatdan: poytaxtliklar chempionlikni o‘zida olib qolishi uchun so‘nggi ikki turda bir ochko olishi kifoya qiladi.

YeChL yo‘llanmasini kafolatlagan jamoalar: «PSJ», «Lans», «Marsel»

Fransiyaga asosiy yevrokubok uchun uchta yo‘llanma beriladi, shundan ham bittasi — saralash turniriga. «Marsel» «Lans»dan besh ochkoga ortda qolib ketgan, shunday ekan, katta ehtimol bilan, aynan mamlakat janubidan bo‘lgan ushbu jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmasiz qoladi.

Yevropa Ligasiga yo‘llanma kafolatlagan jamoa: «Tuluza»

Yevropa Ligasi va Konferensiyalar ligasiga yo‘llanmani kafolatlagan jamoalar: «Monako» (65), «Lill» (63), «Renn» (62), «Lion» (59)

Aprel oyida «Tuluza» o‘z tarixida ilk bor yirik sovrin yutdi — Fransiya Kubogini, bu bilan Yevropa Ligasiga yo‘llanmaga ega chiqdi. Bu jamoaga kimlar qo‘shilishi hozircha aniq emas.

To‘rtinchi o‘rinda borayotgan monegasklar Yevropa Ligasi uchun asosiy da’vogar. Liganing beshinchi jamoasi Konferensiyalar ligasiga yo‘l oladi, bu hozirda «Lill» bo‘lib turibdi. Fransiyada yevrokuboklar uchun boshqa o‘rin yo‘q.

Turnirni tark etib bo‘lgan jamoalar: «Ayachcho», «Trua», «Anjye»

Turnirda qolish uchun kurashayotgan jamoalar: «Strasbur» (39), «Oser» (34), «Nant» (33)

Bu mavsumda liga 1 turnirini birato‘la to‘rt klub tark etadi, ularning o‘rniga esa faqat ikki klub chiqadi — fransuzlar yuqori diviziondagi jamoalar sonini 20 tadan 18 tagacha tushirishga qaror qilgan. Uchta omadsiz jamoa nomi allaqachon ma’lum bo‘lgan, to‘rtinchisi esa «Oser» va «Nant»dan biri bo‘ladi. «Strasbur» ham xavfdan xalos bo‘lmagan, ammo bu faqat nazariy jihatdan.

Yuqori ligaga katta ehtimol bilan «Gavr» va «Bordo» chiqadi, ammo «Mets» klubida ham imkoniyat saqlanib qolmoqda.

To‘purarlar: Mbappe, «PSJ» (28), Lyakazett, «Lion» (26), Devid, «Lill» (22)

Agar Erling Holandning anomal natijasi bo‘lmaganida, Kilian Mbappe hozir «Oltin butsa» uchun Harri Keyn bilan raqobat qilayotgan bo‘lardi. Liga 1 chempionatida bu mavsum ko‘p gol urildi: top-5 ligalardagi eng yaxshi olti to‘purardan uch nafari shu yerda. Aleksandr Lyakazettda Mbappeni quvib o‘tish imkoniyati mavjud, Jonatan Devidda esa deyarli yo‘q.

Mavzuga oid