O‘zbekiston | 14:55 / 27.05.2023
8950
4 daqiqa o‘qiladi

TDIUda ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 26 may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida “Jamiyatning iqtisodiy transformatsiyasida ta’lim sifatining o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada 30 dan ortiq xorijiy davlatdan xalqaro ekspertlar, ta’lim sohasi yetakchilari hamda xalqaro tan olingan akkreditatsiya va reyting tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, mahalliy davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, respublikamizdagi xorijiy elchixona hamda vakolatxonalar mas’ullari ishtirok etdi.

“Konferensiyaning asosiy maqsadi respublikamizda oliy ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi asosida ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir. Oliy ta’lim muassasalarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, xalqaro reytingdagi o‘rnining ahamiyati ta’lim sifatini ta’minlash va nazorat qilishning innovatsion mexanizmlarini taklif qilish, universitetlar transformatsiyasini amalga oshirish va bugun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash ko‘zda tutilgan. Bugun mazkur masalalar muhokama qilinadi va shu asosda ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi”,- deya ma’lumot berdi TDIU prorektori, professor Gulnora Qalandarova.

AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Singapur, Finlandiya, Belgiya, Avstriya, Germaniya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, ta’lim sohasi yetakchilari hamda xalqaro tan olingan akkreditatsiya va reyting tashkilotlari rahbarlari tadbirda o‘z taqdimotlarini namoyish etishdi. Singapurdagi PSB akademiyasi professori Sea Seng Vi O‘zbekiston va Singapur oliygohlari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilishini aytdi:

“Iqtisodiy transformatsiya rivojlanish uchun asos bo‘ladigan oliy ta’limni yaratish va o‘zlashtirish kelajak uchun yo‘l. Bu mamlakatning o‘sishida katta yordam beradi. Va buning uchun ta’lim sifati kalit vazifasini o‘taydi. Biz Singapurda  yuqori ta’lim sifatini jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olib boshlaganmiz. Hukumatdan boshlab maktab darajasidagi ta’limgacha joriy qilganmiz. Bu jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi uchun ham eng dastlabki qadam bo‘ladi. Bu konferensiyada ham yuqori maqsadlarni belgilab oldik.

O‘zbekiston bilan hamkorlik yo‘llarini yaratyapmiz. Hamkorlikning yana ham yaxshi darajasiga chiqdik deb o‘ylayman. Qo‘shma dasturlar reja qilganmiz. Bunda biz uchun ham yangilik bo‘lgan jihatlar bor. Bir-birimizdan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘pligini bildik. Ham mahalliy, ham xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladik. Ta’limda hech qanday to‘siqlar yo‘q. Menimcha bu juda yaxshi boshlanish bo‘ldi”.

“Men uchun ta’lim sohasi xalqaro darajaga chiqib boryapti. Biz bir-birimizga yetib olishimiz, xalqaro hamkorlarni qidirishimiz, yuqoriroq institutlarni kashf qilishimiz kerak. Bu yangi bilimlarni kashf qilish va ularni ulashish orqali amalga oshiriladi. Yangi ta’lim sektorlarni topish bugun uchun juda muhim. Ta’lim sifati sanoatning rivojlanishi uchun ham asosiy vosita. Shu yo‘l bilan sanoatning to‘liq rivojlanishiga erishamiz deb o‘ylayman. Bu esa talabalarni ko‘proq narsalarni o‘rganishga undaydi”, - dedi Malayziyaning UCSI universiteti professori Cham Tat Huay.

Xalqaro konferensiyada oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlar, normalar va shakllar asosida oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash, ular faoliyatini “Universitet 4.0.” konsepsiyasi bo‘yicha transformatsiya qilish, ularning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini bosqichma-bosqich institutsional xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga qaratilgan dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Reklama

Mavzuga oid