Jahon | 17:20 / 29.05.2023
7960
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya bosh vaziri parlamentni tarqatib yuborishga qaror qildi

Pedro Sanches partiyasi mintaqaviy saylovlarda konservatorlarga mag‘lub bo‘lganidan keyin parlamentni tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Foto: Reuters

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches 29 may, dushanba kuni parlamentni tarqatib yuborishi va 23 iyul kuni muddatidan oldin umumiy saylovlar o‘tkazishini ma’lum qildi.

«Kechagi saylov natijalarini ko‘rganimdan so‘ng shunday qarorga keldim», — deya Sanches so‘zlarini keltirgan Reuters. Ispaniyada 28 may kuni bo‘lib o‘tgan mintaqaviy va munitsipal saylovlar natijasida ko‘pchilik avtonom jamoalarda Sanchesning Ispaniya sotsialistik ishchilar partiyasi asosiy raqibi bo‘lgan konservativ Xalq partiyasi g‘alaba qozondi.

Ispaniya sotsialistik ishchilar partiyasi 6,1 milliondan sal ko‘proq yoki 28,18 foiz ovoz to‘pladi, 6,9 millionga yaqin yoki 31,47 foiz saylovchilar konservativ Xalq partiyasi uchun ovoz berdi. «Kechagi saylovlar mahalliy va mintaqaviy miqyosda bo‘lgan bo‘lsa-da, ovoz berishning ma’nosi bu doiradan chiqib ketadigan xabarni o‘z ichiga oladi. Shu sababli, bosh vazir va partiya rahbari sifatida men natijalarni shaxsan qabul qilaman», dedi Sanches. Avvalroq, Ispaniyada umumiy saylovlar 2023 yil oxirida o‘tkazilishi kerak edi. 

Mavzuga oid