Jahon | 13:04 / 29.05.2023
7479
2 daqiqa o‘qiladi

Politico: Gretsiya - Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar paketiga qarshi

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining yangi paketi Moskvaga jazo choralarini chetlab o‘tishga yordam beradigan kompaniyalarga mo‘ljallangan va bir qancha Gretsiya yuridik shaxslariga ta’sir qilishi mumkin, deb yozadi Politico.

Foto: RIA Novosti / Kostis Ntantamis

Gretsiya va Vengriya YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari 11-paketi qabul qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda va qator kompaniyalarni yangi cheklovlar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatidan olib tashlashni talab etmoqda. Bu haqda Politico 27 may kuni ismi sir qolishni istagan bir necha suhbatdoshlariga tayanib yozdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Afina cheklov choralari bir necha yunon kompaniyalariga ta’sir qilishi mumkinligidan norozi. Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalar paketi Rossiyaga jazo choralarini chetlab o‘tishga yordam beradigan kompaniyalarga qaratilgan bo‘lib, Ukrainaning Korrupsiyani oldini olish milliy agentligi tomonidan tuzilgan “xalqaro urush homiylari” ro‘yxatiga asoslanadi. Reyestrga dengiz transportiga aloqador, jumladan, neft tankerlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi bir qancha Gretsiya kompaniyalari kiradi.

Politico suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Gretsiya kompaniyalardan tegishli ro‘yxatga kiritilgunga qadar Moskvaning sanksiyalarni chetlab o‘tishga aloqadorligini isbotlashni talab qilyapti. "Agar sanksiyalar buzilganligi haqida aniq dalillar mavjud bo‘lsa, ular tegishli ravishda tekshirilishi va keyin choralar ko‘rilishi uchun texnik darajada Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar e’tiboriga yetkazilishi kerak", deya ma’lum qilgan Afina bir necha kun avval Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida.

Rossiyaning maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri Vengriya bir necha bor Rossiyaga qarshi sanksiyalarni tanqid qildi va Yevropa Ittifoqi tomonidan ba’zi cheklov choralari kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinib ko‘rdi. Budapesht Vengriya OTP Bank'ining Ukraina tomonidan may oyi boshida “urush homiylari” reyestriga kiritilishini tanqidning yangi sababi deb atadi.

Mavzuga oid