Kiyevga dronlar hujumi davom etmoqda, Rossiyaning chegara hududlari o‘qqa tutilmoqda. Urush suratlari
Ukrainada urushning 461-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- 30 may kuni tongda Moskvadagi turar joy binolariga dronlar hujumi ro‘y berdi. Uchib kelgan dronlarning aniq soni ma’lum emas: RF mudofaa vazirligi sakkizta uchuvchisiz uchar qurilma urib tushirilgani haqida xabar qilgan, hukumatga yaqin manbalarda — 10 va hatto 25 raqamlari keltirilgan.
- Poytaxtga dronlar hujumiga munosabat bildirgan Vladimir Putin «Moskva havo hujumidan mudofaa tizimi o‘z ishini bajargani, ammo hali qiladigan ishlar borligi»ni aytdi.
- Ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari Kiyev ustida rossiyaliklarning 31 dronidan 29 tasini urib tushirdi. Dronlardan birining parchasi ko‘p qavatli uyning yuqori qismiga shikast yetkazgan, bir kishi halok bo‘lib, yana 13 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
- Kaliningrad oblastidan safarbar qilinganlarning sakkiz nafari dezertirlikda ayblanib, olti yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi.
- Rossiya IIV Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy va Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyni qidiruvga berdi.
- Belgorod oblastida Shebekino shahar okrugidan evakuatsiya qilingan aholi vaqtincha joylashtirilgan punkt o‘qqa tutildi. Bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi og‘ir tan jarohati olgan.
Kiyevga dronlar hujumi — so‘nggi kundagi uchinchisi
30 mayga o‘tar kechasi rossiyaliklarning dronlari Kiyevga hujum qilgan — shahar harbiy ma’muriyati xabar berishicha, bu Ukraina poytaxti bir kun ichida uchinchi bor o‘qqa tutilishi bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari 31 drondan 29 tasi urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Kiyevning janubiy qismidagi Goloseyevskiy rayonida dron parchalari ko‘p qavatli uy ustiga qulashi oqibatida yong‘in chiqqan — bir kishi halok bo‘lib, yana uch kishi jabrlangan. Hujum vaqtida jami 13 kishi tan jarohati olgan, shuningdek 16 obekt, jumladan turar joy binosi va avtomobil shikastlangan.
Moskvaga dronlar hujumi
30 may tongida Moskvaga dronlar hujum qildi. Uchta ko‘p qavatli turar joy binosi shikastlangan — Leninskiy prospekti, Profsoyuznaya ko‘chasi va Novaya Moskvadagi Atlasova ko‘chasida joylashgan uylar. Shahar meri Sergey Sobyanin «hech kim jiddiy jabrlanmagani»ni aytdi, ammo kamida ikki kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgani ma’lum.
Vladimir Putin jurnalist bilan suhbatda Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari «shtat bo‘yicha, qoniqarli» ishlaganini ma’lum qildi, shu bilan birga «hali qilinadigan ishlar borligi»ni qo‘shimcha qildi. RF mudofaa vazirligi hodisani «terrorchilik hujumi» deb atagan (RF JK 205-moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan) va bunda «Kiyev rejimi»ni ayblagan. Bunga javoban Ukraina rasmiylari hujumni «mamnuniyat» bilan kuzatishayotgani, ammo unga «bevosita aloqador» emasligini bildirdi.
Belgorodda tinch aholi vaqtincha joylashtirilgan markaz o‘qqa tutilishi oqibatlari
Gubernator Vyacheslav Gladkov 30 may kuni Belgorod oblastida tinch aholi vakillari vaqtincha joylashtirilgan punkt o‘qqa tutilgani haqida ma’lum qildi, bu odamlar Ukraina qurolli kuchlari tomonida jang qilayotgan qurolli tuzilmalar 23 may kuni amalga oshirgan diversiyadan keyin Shebekino shahar okrugi hududidan evakuatsiya qilingandi. Gladkov ushbu markaz o‘qqa tutilishida ukrain qo‘shinini ayblagan. Shuningdek, gubernatorning xabar qilishicha, muassasa qo‘riqchisi halok bo‘lgan. Yana ikki kishi og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Vaqtincha joylashtirish punkti hududi hujumdan keyin shunday ko‘rinishda:
31 may kuni Belgorod oblasti gubernatori Shebekino shahri yoppasiga o‘qqa tutilgani, ikki okrugdan bolalar evakuatsiya qilinishi haqida xabar berdi. To‘rt kishi jarohatlangan — ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan, yana ikki nafariga joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hududga «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan zarba yo‘llangan. Gubernator Vyacheslav Gladkovning ma’lumotiga ko‘ra, sakkizta ko‘p kvartirali uylar, to‘rtta xususiy uy, shuningdek, maktab va ikkita ma’muriy binolar shikastlangan. Bir do‘kon to‘liq yonib ketgan, 12 ta avtomobil turli darajada shikastlangan.
Baxmut atrofidagi ukrain artilleriyasi
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024