Belgorod oblastiga yangi hujumlar. Butun bir shahar aholisini evakuatsiya qilishga tayyorlanishmoqda
«Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legioni Belgorod oblastiga yangi reyd to‘g‘risida xabar qildi. Oblast gubernatori chegara hududlar «Grad» tizimlaridan o‘qqa tutilayotganini ma’lum qildi. Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, Shebekinoga hujumning oldi olingan.
Ukraina tomonida turib jang qilayotgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legioni 1 iyun tongida Belgorod oblastiga yangi reyd to‘g‘risida bayonot berdi. «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» tomonidan tarqatilgan videoda, guruh jangchilari Rossiya va Ukraina chegarasida turgani — va «tez orada Shebekino atrofida paydo bo‘lishi» aytiladi. O‘z navbatida, «Rossiyaga ozodlik» legioni jangchilari chegara atrofida turgani va «erkinlik, tinchlik va xotirjamlik keltirish uchun» Rossiya ichkarisiga harakatlanmoqchi ekani aytilgan. Bu videolar qachon yozib olingani aniq emas.
Baza «Shebekino» chegara punkti yaqinidagi janglar to‘g‘risida xabar berdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, chegara punktiga «tanklar qo‘llab-quvvatlovi» bilan hujum qilingan. Chegarachilar va harbiylar jangga kirishgani, «chegaradagi faol hujumlar qaytarilgani» aytilgan.
Belgorod oblasti operativ shtabi «Ukraina qurolli kuchlari chegaradan yorib o‘tgani» haqida gap yo‘qligini ma’lum qildi. Buning aksi bo‘lgan ma’lumotlar «yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi» ta’kidlandi. Shu bilan birga, shu xabarning o‘zida Shebekino atrofida «murakkab vaziyat yuzaga kelgani, otishmalar ketayotgani va jang ovozlari eshitilayotgani» tan olingan.
Belgorod oblasti rahbari Vyacheslav Gladkov Shebekino muntazam ravishda zarbaga uchrayotganini ma’lum qildi. Uning o‘z telegram-kanalida yozishicha, shahar «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan ham o‘qqa tutilgan. Gubernatorga ko‘ra, zarbalar oqibatida, shahardagi yotoqxona binosi yonib ketgan, unga yondosh joylashgan mahalliy ma’muriyat binosi ham shikastlangan. Telegram-kanallarda, Shebekino aholisini evakuatsiya qilayotgan avtobusga snaryad kelib tushgani haqida xabar tarqaldi, ammo keyinroq zarba vaqtida uning ichida hech kim bo‘lmagani oydinlashdi. Gladkov «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legionining navbatdagi reydlari, shuningdek, chegaradagi janglar haqidagi xabarlarga munosabat bildirmagan.
«Rossiya ko‘ngillilar korpusi» «Ishlayapmiz. Yangiliklarni kuzatib boring!» yozuvi ilova qilingan fotosuratlarni e’lon qildi. Bu tasvirlar qayerda olinganiga aniqlik kiritilmagan, fotosuratlarda kamuflyajdagi kishilar yarim vayrona bino ichida turganini ko‘rish mumkin. «Rossiyaga ozodlik» legioniga aloqador bo‘lgan Ilya Ponomaryov esa «RKK Shebekinodagi shaxsiy tarkib to‘plangan politsiya binosiga „Grad“ zarbalari yog‘dirgani» haqida xabar qilgan. «Aftidan, Putinning murojaatini eshitishmoqchi edi», — deya yozgan Ponomaryov. Taxmin qilish mumkinki, u RF prezidentining «Birinchilar harakati» festivali ishtirokchilariga videomurojaatini nazarda tutgan. «Rossiyaga ozodlik» legioni, Ponomaryovning aytishicha, rossiyaliklarning o‘q-dori to‘ldirilgan «KamAZ»i va bitta «Tyulpan» rusumli minomyotini yo‘q qilgan.
RF mudofaa vazirligi Belgorod oblastiga «bostirib kirishga urinish barbod qilingani» haqida xabar berdi. Bu ma’lumot har kungi brifing doirasida aytib o‘tilgan. RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov «Kiyev rejimining Belgorod oblasti Shebekino shahri aholisiga nisbatan terrorchilik akti amalga oshirishga bo‘lgan navbatdagi urinishining oldi olingani»ni aytdi. Uning aytishicha, intensiv otishmalardan keyin, soat 03:00 da «tanklar bilan kuchaytirilgan, ikkita motopiyodalar rotasi» miqdorida bo‘lgan ukrain tuzilmalari Novaya Tavoljanka aholi yashash punkti va «Shebekino» xalqaro avtomobil o‘tkazish punkti o‘rtasidan RF hududiga bostirib kirishga uringan. Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, «rossiyalik harbiy xizmatchilarning fidokorona harakatlari» evaziga raqibning uch hujumi qaytarilgan. Vazirlik raqib jiddiy yo‘qotishlarga uchrab, chekinganini ma’lum qilgan, Ukrainaning chegara hududida hujumda ishtirok etganlardan 30 nafarga yaqin kishi halok bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
Bu Belgorod oblastiga amalga oshirilgan birinchi reyd emas. 22 may kuni rasmiylar Grayvoron shahar okrugi hududiga «Ukraina qurolli kuchlari diversiya-razvedka guruhlari bostirib kirgani» to‘g‘risida xabar bergandi. Glotovo, Kozinka va Gora-Podol aholi yashash manzillarida janglar bo‘lib o‘tgandi. Keyingi kuni RF mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar ukrain «diversantlari»ni «qurshab olgani va yakson qilgani», 70 kishi o‘ldirilgani haqida xabar berdi. «Rossiyaga ozodlik» va «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» o‘z jangchilari reydda ishtirok etgani haqida e’lon qilgandi. Bu tuzilmalar o‘z jangchilaridan faqat ikki kishi halok bo‘lib, o‘n ikki kishi yaralangani, rossiyaliklar o‘rtasida ham halok bo‘lganlar va yaralanganlar borligini xabar qilgan. Reyd ishtirokchilaridan biri «Novaya gazeta Yevropa» nashri bilan suhbatda noqulay ob-havo tufayli reyd belgilanganidan ancha kech boshlangani va oldinga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erisha olmaganini, yangi aksiyalar o‘tkazilishini aytgandi.
Ukraina tomoni Belgorod oblastidagi yangi reyd yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi. Bungacha Ukraina tomoni bir necha bor Rossiya hududida harbiy harakatlar olib bormasligi, faqat o‘z hududlarini ozod etish uchun jang qilayotganini ma’lum qilgan.
Evakuatsiya
Belgorod oblasti rasmiylari Ukrainaning Xarkiv oblasti bilan chegaradan besh kilometr masofada joylashgan Shebekino shahri aholisini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda. Rossiyada chegara hududlar aholisini xavfsiz joylarga ko‘chirish bo‘yicha chaqiriqlar oldin ham yangragan, ammo ilk bor 40 ming kishi yashovchi rayon markazi aholisini evakuatsiya qilishga qaror qilindi.
So‘nggi kunlarda Shebekino shahri va uning atrofi o‘qqa tutilishi kuchaydi. Mahalliy aholi atrofda snaryadlar portlayotgani haqida xabar bergan. Shaharda elektr va ichimlik suvi ta’minotida doimiy uzilishlar kuzatilmoqda. Payshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda shahar markazidagi ma’muriyat binosi yonidagi yotoqxona yonayotgani videosi tarqaldi. Kadrlarda alanga butun tomni qamrab olgani, atrofda favqulodda xizmatlar xodimlari yo‘qligini ko‘rish mumkin.
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov qo‘shni regionlar rasmiylari bilan 1200 kishini qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishganini xabar qilgan. U dastlabki guruhdagi bir necha yuz kishi Kaluga oblastining Penza shahriga olib borilishini ma’lum qilgan. Chorshanba kuni mahalliy rasmiylar Shebekino aholisi Voronej oblastiga ham olib borilishi haqida xabar qilishdi.
Payshanba tongida Gladkov intensiv otishmalar vaqtida evakuatsiya to‘xtatib turilishini xabar qildi, ammo shoshilinch ketishi zarur bo‘lganlarga yordam ko‘rsatilishini va’da qildi. «Zirhlangan texnika sizni olish uchun uyingizga boradi», degan gubernator. Kun davomida shaharning shimoliy chekkalarida turgan evakuatsiya avtobuslari aks etgan videolar paydo bo‘ldi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024