O‘zbekiston | 21:54 / 01.06.2023
17543
6 daqiqa o‘qiladi

“Eng yaxshi himoya bu hujum” - Tanqidlarni hazm qilolmagan Migratsiya agentligi AOKAga shikoyat yo‘lladi

Seriyali materiallar va surishtiruvlar orqali tanqid nishoniga aylangan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ularda ko‘tarilgan muammolar va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish qolib, tahririyat bilan tortishishni lozim ko‘rdi.

Foto: Pak Gil Sok / Google Maps

O‘tgan oylarda, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolar borasida Kun.uz'da bir nechta surishtiruv e’lon qilingan edi.

Surishtiruvlarda Koreyaga ishga ketishdagi “o‘yinlar”, til imtihonlari jarayonida yuz berayotgan shubhali harakatlar, “o‘ringa kirish” holatlari, keng ommaga e’lon qilinmasdan o‘tkazilgan imtihonlar, davlatlararo shartnomalarda ko‘zda tutilmagan to‘lovlar haqida gapirildi, savollar ko‘tarildi, Migratsiya agentligi faoliyatidan norozi bo‘lganlarga mikrofon tutildi.

Hattoki, Koreyaga migratsiyaga yuborish masalasini hal qiluvchi o‘rtakash bilan telefon orqali muloqot tashkil etildi: u “100 foizlik natija” usullari va uning bahosi haqida ochiq aytib berdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi esa tizimdagi yaqqol ko‘rinib turgan bu muammolarni hal qilishga intilish o‘rniga, Kun.uz sayti ustidan Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga shikoyat kiritdi.

Agentlik o‘z shikoyatida saytni “aniq dalillarga ega bo‘lmagan” materiallarni e’lon qilishda ayblagan.

“Nashrda e’lon qilingan har bir material bo‘yicha agentlik axborot xizmati tomonidan asoslantirilgan bayonotlar berilgani, materiallar muallifi va agentlik rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etilgani, Koreya Respublikasiga ishga ketish uchun bo‘lib o‘tayotgan test jarayonlari bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etilganiga qaramasdan, agentlik va agentlik xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida faqat taxmin va mish-mishlarga asoslangan materiallarning e’lon qilinishi davom ettirilmoqda”, – deyiladi bir nusxasi agentlik tomonidan tahririyatga taqdim etilgan arznomada.

Ta’kidlash kerak, Kun.uz'da e’lon qilingan, Janubiy Koreyaga ishga ketishdagi muammolar va “o‘yinlar” borasidagi seriyali materiallarning birortasi mish-mish yoki taxminga asoslanmagan.

Masalan, 2023 yil 24 mart kuni e’lon qilingan materialda Janubiy Koreyada mehnat qilish imkoniyatini beruvchi imtihon kunlari kech e’lon qilayotgani, 2022 yilda 4 ta imtihon o‘tkazilgan bo‘lib, ularning ikkitasi ommaga e’lon qilinmay o‘tkazib yuborilgani haqida gap boradi. Maqolalarda aytilgan fikrlarga tegishli tartibda asoslar keltirilgan. Agentlik holatni izohlay olmadi.

2023 yil 10 may kuni e’lon qilingan materialda esa Surxondaryo viloyatidan poytaxtga kelgan, Migratsiya agentligi faoliyatidan norozi bo‘lgan murojaatchilarning fikrlari intervyu shaklida keltirilgan.

2023 yil 15 may kuni e’lon qilingan materialda esa “mijoz” sifatida Koreyaga migratsiyaga yuborish masalasini hal qiluvchi “uchar” bilan telefon orqali muloqot tashkil etilgan. Bu yerda ham hech qanday mish-mish yoki taxmin yo‘q: agar istasa, agentlik va tegishli idoralar bu o‘rtakashlarni topishi va ishni o‘rganib ko‘rishi mumkin edi. Ammo na huquqtartibot idoralari, na agentlik holatga qiziqdi.

“Jurnalist tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo‘lishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarligini inobatga olib, agar Kun.uz tomonidan e’lon qilingan materiallar keng qonunchilik doirasida o‘rganiladigan bo‘lsa, boshqa qonunbuzarlik holatlari ham aniqlanishi mumkin”, deya ta’kidlanadi shikoyat xatida. Biroq agentlik mas’ullari o‘z sohalari doirasida jurnalist tomonidan ko‘z oldilariga tayyor qilib qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlarini, hattoki yaqqol jinoyatga ishora qiluvchi holatlarni negadir “ko‘rishni istashmayapti”.

Shuningdek, shikoyat xatida agentlikning bu jarayonlarda haqiqatda qonunbuzilish holatlari aniq bo‘lsa, dalillarni agentlikka yoki boshqa vakolatli tashkilotlarga taqdim etish taklifini Kun.uz jurnalisti hozircha javobsiz qoldirayotgani aytiladi. Ammo tahririyatga ham, Kun.uz jurnalistiga ham agentlik tomonidan bunday taklif kelib tushmagan.

Aslida, korrupsiyalashgan bu tizim to‘liq islohotga muhtoj ekanini kuni kecha bevosita davlat rahbari ham aytdi. Agentlik faoliyatiga bundan ortiq baho yo‘q, aslida.

Qolaversa, shu vaqtgacha agentlikda juda ham ko‘p rahbar almashdi, rahbarlik qilganlarning bir nechtasi javobgarlikka ham tortildi.

Jumladan, 2017 yil mart va aprel oylarida Janubiy Koreyada ishlashni istovchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida kuzatilgan mojaro ortidan agentlikning o‘sha paytdagi rahbari Ulug‘bek Nazarov o‘z lavozimini tark etgandi. 2018 yilning bahorida uning o‘rniga Hojibaxlil Asamov tayinlangandi. Keyinchalik Asomov lavozimini Ravshan Ibragimovga bo‘shatib berdi. Biroq u qamalgach, 2019 yil oxirida agentlikka Baxtiyor Tursunov kelgandi. U 2020 yil yozida lavozimini tark etdi va uning o‘rnini Muhammadzokir Mamatxonov egalladi. Muhammadzokir Mamatxonov 2021 yil fevralida Namangan viloyatining Uychi tumani hokimi sifatida ish boshlagach, agentlik rahbarligiga Xayrulla Umarov tayinlangandi.

2010 yildan 2013 yilgacha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida rahbar bo‘lib ishlagan, 2022 yilning martidan yana ushbu lavozimga qaytgan Afzal Ermatov ham oldinroq qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgandi. U Jinoyat kodeksining 205-moddasida (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlangan.

Bu kabi holatlardan so‘ng agentlik faoliyatini yaxshilashdan umid qilib qo‘yilgan yangi rahbar Jahongir Xudoyxo‘jayev ham tizim har qancha korrupsiyalashgan bo‘lmasin, uni oqlashga harakat boshlagan ko‘rinadi. Yo‘qsa, bu shikoyat xatini imzolamagan bo‘lardi.

Mavzuga oid