Jahon | 19:19 / 02.06.2023
9889
3 daqiqa o‘qiladi

Belgorod oblasti gubernatori: Shebekino okrugi o‘qqa tutilishi oqibatida ikki ayol halok bo‘ldi

Chegara hududlardagi aholi yashash manzillariga yo‘llanayotgan zarbalar tufayli jami 16 kishi yaralangan.

Foto: Getty Images

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina qurolli kuchlari Shebekino okrugi Maslova Pristan posyolkasida avtoyo‘l uchastkasini o‘qqa tutishi oqibatida ikki ayol halok bo‘lganini ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, snaryad oskolkalari yo‘ldan o‘tayotgan avtomobillarga sanchilgan, ulardan birida ikki ayol ketayotgan bo‘lgan. Olingan jarohatlar oqibatida ular voqea joyida vafot etgan. 

«Ikkinchi mashinadagi ikki kishi jabrlangan. Erkaklardan birining ko‘krak qafasida, ikkinchisida — oyoq qismida oskolkadan jarohatlar aniqlangan. Ular og‘ir ahvolda 2-raqamli shahar shifoxonasiga olib borilgan, barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda», — deya yozgan Gladkov o‘z telegram-kanalida.

Gubernator shuningdek, Volokonovo rayonidagi  Tishanka qishlog‘i ham stvolli artilleriyadan o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan. Bu yerda ikki uyning oynalari to‘kilib tushgan, markaziy gaz o‘tkazish quvuri va elektr uzatish liniyalari shikastlangan.  Valuyskiy okrugi Leonovka xutori ham zarba ostida qolgan. Bu yerda jabrlanganlar yo‘q, qishloq xo‘jaligi korxonasining g‘alla saqlanadigan ombori shikastlangan. 

Belgorod oblasti gubernatorining aytishicha, so‘nggi bir kun davomida Shebekino okrugi bo‘ylab 850 ta snaryad uchirilgan.

Uning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, chegara hududlar o‘qqa tutilishi oqibatida jami 16 kishi yaralangan. 

  • 1 iyun kuni Gladkov Shebekino muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgani, shaharga «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan ham zarbalar yo‘llanayotganini ma’lum qilgandi. Natijada yotoqxona binosi yonib ketgan, uning yonidagi ma’muriyat binosi shikastlangan. Bundan biroz avvalroq Ukraina tomonida turib jang qilayotgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legioni Belgorod oblastida yangi reyd boshlaganini xabar qilgandi. RF mudofaa vazirligi esa region hududiga «kirib kelishning oldi olingani» haqida ma’lum qilgan.

Mavzuga oid