«Samolyotga chaqmoq tekkanda onam hammasi tamom degandi» - aviahalokatdan so‘ng 3 ming metrdan qulagan qiz qanday tirik qolgandi?
Yuliana Kyopke 17 yoshda ekanida ta’til paytida onasi bilan Peruning poytaxtdan uzoq shahrida ishlayotgan otasining oldiga jo‘naydi. AQShda ishlab chiqarilgan turbo parrakli samolyot manzilga yetmasdan halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan barcha halok bo‘ladi. Faqat Yuliana tirik qoladi. Qalin o‘rmonda adashib qolgan qiz 10 kun deganda och-nahor holda aholi manzilini topib boradi.
1971 yil dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida Mariya Kyopke qizi Yuliana bilan Perudagi Pukalpa shahrida ishlayotgan erini ko‘rib kelish uchun yo‘lga chiqadi.
Bu oila Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Germaniyadan Peruga ko‘chib ketgan, Yuliana 1954 yilda tug‘ilgan edi. O‘shanda ona va qiz Yuliananing maktab ta’tili tugaguncha Pukalpada qolishni reja qilishadi.
Mariya va Yuliana 24 dekabr kuni poytaxt Limadan 11 km uzoqlikda joylashgan Kalyao shaharchasidagi xalqaro aeroportdan samolyotga o‘tirishadi. Poytaxt Lima shahri uchun shu aeroport xizmat ko‘rsatadi.
Ular o‘tirgan samolyot Lima-Ikitos yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilishi va Pukalpada qo‘nib o‘tishi kerak edi. Ona va qiz chiqqan Lockheed L-188 Electra samolyoti 1959 yilda AQShda ishlab chiqarilgan bo‘lib, turbo parrakli dvigatel yordamida parvoz qilardi.
Peruning LANSA aviakompaniyasiga qarashli ushbu samolyot 80 o‘ringa ega bo‘lib, o‘sha kuni uning bortida yosh bolalar bilan birga 86 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Samolyotga 6 nafar ekipaj a’zolari xizmat ko‘rsatgan.
Samolyot havoga ko‘tarilgan kuni havo bulutli, chaqmoq chaqib yomg‘ir yog‘ib turgandi. Oxir-oqibat ana shu narsa halokatga sabab bo‘ladi.
Qizig‘i shundaki, bir yil avval, 1970 yilda ham LANSA aviakompaniyasiga qarashli Lockheed Electra samolyoti halokatga uchragan va 101 kishi halok bo‘lgandi.
O‘shanda Peru hukumati halokatda ekipaj a’zolarini aybdor deb topadi va 90 kunga aviakompaniyaning faoliyat ko‘rsatishini to‘xtatib qo‘yadi. Aviakompaniya faoliyatini tiklagach bir necha oydan so‘ng Lockheed L-188 Electra bilan bu halokat sodir bo‘ladi.
Halokat
1971 yil 24 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da Kalyao shahridagi aeroportdan parvoz qilgan samolyot 6 400 metr balandlikka ko‘tariladi va tog‘lar ustidan ucha boshlaydi.
O‘sha kuni havo bulutli, chaqmoq chaqib yomg‘ir yog‘ib turgandi. Parvozning dastlabki 25 minuti bir maromda kechadi. Shundan so‘ng samolyot And tog‘lari ustidan ucha boshlaydi. Ko‘p o‘tmay chaqmoqlardan biri kelib samolyotga uriladi.
Chaqmoq samolyotning qanotlaridan biriga parrak va yoqilg‘i baki o‘rtasiga urilgandi. Oqibatda yoqilg‘i baki portlaydi va samolyotning o‘sha qanoti uzilib tushadi.
Shundan so‘ng samolyot muvozanatni yo‘qotadi va silkinib ucha boshlaydi. Uchuvchilar harchand urinmasin bu holatda hech narsa qila olmas edi. Ko‘p o‘tmay samolyot dvigatellari o‘chadi va dispetcherlar uchuvchilar bilan aloqani yo‘qotishadi.
Kalyao shahridan Pukalpagacha 700 chaqirim bo‘lib, parvoz vaqti 50 daqiqa edi. Biroq bir necha soat o‘tib ketsa ham samolyot Pukalpaga yetib bormaydi. Shundan so‘ng havoga samolyotni qidirish uchun qutqaruvchilarning samolyotlari ko‘tariladi.
Yuliana va onasi o‘tirgan samolyot bu paytda Pukalpadan biroz uzoqlikda joylashgan qalin o‘rmonga qulab tushgandi.
Qutqaruvchi samolyotlar halokatga uchragan samolyotni topa olishmaydi. Lockheed L-188 Electra bo‘laklari qalin o‘rmon bilan qoplangan hududga sochilib ketgan va tepadan ular ko‘rinmasdi. Shuningdek, samolyot qulab tushganda yonib ketgan biroq sal o‘tmay kuchli yomg‘ir olovni o‘chirgandi.
Keyinchalik Yuliana samolyotning qulab tushishini eslar ekan shunday degandi:
«Samolyotga chaqmoq urilganda u bir silkinib tushdi va muvozanatni yo‘qotdi. Ana shu paytda onam «hammasi tamom» dedi. Ko‘p o‘tmay samolyot dvigateli o‘chdi va salon odamlarning yig‘lab baqirgan ovozlari bilan to‘ldi. Sal vaqt o‘tmay qattiq zarb bilan yerga urildik. Ko‘zimni ochganimda qalin o‘rmonda samolyot o‘rindig‘ida kamar taqilgan holda o‘tirardim. Yonimda o‘tirgan onam yo‘q edi».
Yuliana halokat sodir bo‘lgandan bir sutka o‘tib o‘ziga keladi. Qiz yerga samolyotning o‘rindig‘ida o‘tirgan holda kelib tushgan va shu uning hayotini saqlab qolgandi.
Yuliana hushiga kelganda miyasi chayqalgan, tanasining ayrim qismlari jarohatlangan holda bo‘ladi. Qizning ko‘rish qobiliyati pastroq bo‘lib, u ko‘zoynak taqardi. Biroq u o‘ziga kelganda ko‘zoynagi o‘zida emasligi ma’lum bo‘ladi.
Shu paytda qiz osmonda halokatga uchragan samolyotni qidirayotgan qutqaruvchi samolyotlar ovozini eshitadi. Biroq qalin changalzor o‘rmonda ularga o‘zining tirik ekani haqida xabar berishning iloji yo‘q edi.
Shundan so‘ng qiz bir necha marta hushini yo‘qotadi va ancha paytgacha o‘rnidan turolmaydi. Shu tarzda to‘rt kun o‘tgach Yuliana amallab o‘rnidan turadi va onasini qidira boshlaydi. Biroq jasadlar va samolyot bo‘laklari turli tomonga sochilib ketgan qalin o‘rmonda u na onasini na boshqa jasadlarni topa olmaydi.
Keyinchalik o‘tkazilgan tekshiruvlarda samolyot qulab tushgan paytda Yulianadan tashqari yana 14 nafar yo‘lovchi tirik bo‘lgani va ular olgan tan jarohatlari tufayli keyin halok bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.
Tirik qolish uchun kurash
Onasini qidirib topa olmagan Yuliana yaqin atrofdan aholi manzillariga yetib olish uchun yo‘lga tushadi. Qiz otasining oldiga tez-tez kelib turgan va jungli o‘rmonlarida ko‘p marta bo‘lgandi. Shu uchun u o‘rmon oralab yurayotganda umuman qo‘rqmaydi.
O‘sha paytda qizda oziq-ovqat mutlaqo yo‘q edi. Shu sababli Yuliana yo‘lda ketayotib turli qurt-qumursqalar va chuvalchanglar bilan oziqlanadi. Shu holatda u qalin o‘rmon oralab olti kun yuradi.
O‘shanda samolyot bo‘laklari va jasadlari qalin o‘rmonda 15 kilometr radiusga tushgandi. Qiz ketayotib yo‘lda bir qancha jasadlarga duch keladi va ularning yonida bo‘lgan ozroq yeguliklarni oladi.
Qiz odamlarni qidirib yurar ekan uzoqdan daryodagi suvning oqishini eshitib qoladi. Shunda otasining daryo bo‘ylarida har doim daraxt kesuvchilarning yoki ovchilarning makonlari bo‘lishi haqidagi gapi esiga tushib, o‘sha tomonga qarab yuradi.
Oltinchi kunda u o‘rmon orasida oqayotgan kichik daryoga chiqadi. So‘ng oqim bo‘ylab keta boshlaydi. To‘qqizinchi kunda u yirik daryoga yetib boradi qirg‘oq yaqinidagi tepalikda chayla borligini ko‘rib qoladi. U qiyinchilik bilan tepalikka chiqib holsizlikdan uxlab qoladi.
Qariyb 1 sutka uxlagan qiz 4 yanvar kuni odamlar tovushidan uyg‘onib ketadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, uni uyg‘otganlar yaqin oradagi qishloqda yashovchi o‘rmon kesuvchilari bo‘lib, chayla ularga qarashli ekan.
O‘rmon kesuvchilari qizni darhol qishloqqa olib borishadi. Uni ovqatlantirib yaralarini bog‘lab qo‘yishadi. Keyingi kunda qizni qayiqqa o‘tqazib qishloq yaqinidagi shaharchaga olib borishadi.
Shaharchadagi shifoxonada qizga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatiladi. So‘ng uni Pukalpa shahridagi shifoxonaga olib borib yotqizishadi. Yuliananing otasi qizini shu yerdan topadi.
5 yanvar kuni qutqaruvchilar qiz bergan ma’lumotlar asosida halokat sodir bo‘lgan joyni osongina topib borishadi. Biroq bu paytda tirik qolgan yo‘lovchilarning barchasi vafot etib bo‘lgandi.
Ko‘p o‘tmay Yuliana Germaniyaga borib davolanadi. So‘ng Kilsk universitetida biologiya bo‘yicha tahsil oladi. 2000 yilda Yuliana otasining vafotidan so‘ng Peruga qaytadi, otasi rahbarlik qilgan tadqiqot markaziga direktor bo‘ladi.
Halokat yuzasidan tekshiruvlar
Yuliana bergan ma’lumotlar bo‘yicha qutqaruvchilar halokat sodir bo‘lgan joyni topib borishadi. So‘ng halokat sabablarini aniqlash uchun mutaxassislar ish boshlaydi.
Jasadlar tekshirib ko‘rilganda samolyot yerga kelib urilganda Yulianadan tashqari yana 14 kishi tirik qolgani, ular turli jarohatlardan qon ketishi va ochlik tufayli bir necha kundan so‘ng halok bo‘lgani aniqlanadi.
Mutaxassislar halokatga sabab bo‘lgan yana bir holatni aniqlashadi. And tog‘larida noqulay havo hukm surganda, yomg‘ir va chaqmoqlar sodir bo‘lganda uchuvchilarga iloji boricha bunday hududlarni aylanib o‘tish ko‘rsatmasi beriladi.
Biroq o‘sha kuni Lockheed L-188 Electra ekipaji vaqt va yoqilg‘i tejash maqsadida chaqmoq chaqayotgan hududni aylanib o‘tishni xohlamaydi. Vaziyatni bila turib o‘z tajribasiga ishonadi va samolyotni xavfli hududdan olib o‘tishga urinadi. Oqibatda samolyotga chaqmoq kelib uriladi va uning asosiy uskunalarini ishdan chiqaradi.
Shu tariqa halokatga noqulay ob-havo bilan birga uchuvchilarning o‘zboshimchaligi ham sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng LANSA aviakompaniyasining litsenziyasi yana bekor qilinadi.
Halokat haqida film
Yuliananing mo‘jizali tirik qolishi o‘sha paytda OAV orqali butun dunyoga tarqaladi. Ko‘p o‘tmay kelib chiqishi italyan bo‘lgan amerikalik rejissyor Juzeppe Skoteze Yuliana haqida film olishga qaror qiladi.
Film 1974 yilda suratga olinadi. Rejissyor unga «Mo‘jizalar davom etadi» deb nom beradi. Filmning bir qismi Italiyaning Chinechitta kinostudiyasi pavilonlarida, qolgan qismi Peruda aynan Yuliana va uning onasi o‘tirgan samolyot qulab tushgan o‘rmonda olinadi.
Rejissyor tomoshabop bo‘lishini inobatga olib filmning sarguzashtlarga boy bo‘lishini xohlaydi. Shu sababli filmga Yuliana duch kelmagan hodisalar ham qo‘shiladi. Ayrim zerikarli deb hisoblangan kadrlar kesib tashlanadi.
Rejissyor Yuliana roliga o‘sha paytda hali uncha tanilmagan britaniyalik aktrisa Syuzan Penxaligonni taklif etadi. O‘sha paytda Syuzan 25 yoshda edi. Filmdagi xavfli sahnalarning aksariyatini uning o‘zi ijro etadi.
Film o‘sha paytda tanqidchilar tomonidan ijobiy kutib olinadi. Ko‘plab xorij davlatlarida namoyish etiladi. Shu jumladan rus tiliga tarjima qilinib, SSSRda ham namoyish etilgan.
1981 yil SSSRda sodir bo‘lgan aviahalokatdan so‘ng 5 ming metrdan qulab tirik qolgan qiz Larisa Savitskaya aynan «Mo‘jizalar davom etadi» filmida ko‘rgan sahnasini takrorlab tirik qolganini aytgandi.
«Mo‘jizalar davom etadi» filmida Yuliana samolyot o‘rindig‘i bilan qulab tirik qolgani ko‘rsatilgan. Larisa ham qulab tushishdan avval o‘rindiq va uning suyanchig‘i orasiga kirib oladi va ana shu uning joniga ora kiradi.
Biroq 2000 yilda Yuliana bilan sodir bo‘lgan hodisa haqida ishlangan hujjatli filmda uning o‘zi «Mo‘jizalar davom etadi» filmini tanqid qilib chiqadi.
Yuliananing aytishicha, film qahramoni qalin o‘rmonda odamlarni qidirib yurar ekan, tinimsiz yordam so‘rab baqirib yuradi. Yuliana halokatdan so‘ng umuman yordam so‘rab baqirmaganini, qiyinchiliklarga bardosh berib faqat olg‘a intilganini, film shu jihatdan o‘ziga yoqmasligini aytadi.
Shuningdek, Yuliana qalin o‘rmonda turli qurt-qumursqalar va turli hayvonlarga duch kelganda qo‘rqmaganini va qochmaganini, aksincha ular o‘zidan qo‘rqib qochishganini aytadi. Filmda esa Yulianani qo‘rqoq qilib tasvirlashgan.
Yuliana Kyopke hozir 69 yoshda. U halokatdan so‘ng biologiya sohasida o‘qib mutaxassis bo‘ladi. Otasining vafotidan so‘ng aynan uning ishini davom ettiradi.
U 2011 yilda halokat tafsilotlari haqidagi asarini kitob holida chop ettiradi. «Osmondan qulaganimda jungli hayotimni qanday asrab qolgandi?» deb nomlangan kitobda halokatdan so‘ng qanday qilib tirik qolganini hikoya qilgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
18:24 / 04.11.2024
Peruda futbolchi o‘yin vaqtida chaqmoq urishi oqibatida halok bo‘ldi
11:56 / 02.11.2024
Aviatsiya tarixidagi g‘alati halokat: uchuvchi nega samolyotni tog‘ga olib borib urgandi?
22:43 / 21.10.2024
Sudanda sahnida rossiyaliklar bo‘lgan yuk samolyoti urib tushirildi
20:50 / 23.08.2024