Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urushda 16 amerikalik halok bo‘ldi. The Washington Post ulardan besh nafarining tarixini keltirdi
Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon AQShning 20 mingdan ortiq fuqarolari Volodimir Zelenskiy taklifiga ko‘ra Ukraina qurolli kuchlari tarkibida shakllantirilgan Xorijiy legionga qo‘shilish istagini bildirgan. Ukraina tomonida turib jang qilayotgan amerikalik ko‘ngillilarning aniq soni ma’lum emas. Ukrainadagi harbiy harakatlarning 15 oyida AQSh fuqarolari bo‘lgan kamida 16 nafar harbiy halok bo‘ldi. The Washington Post gazetasi Xotira kunida ularning besh nafari haqida ma’lumot e’lon qildi.
Yevhenii Zavhorodnii / Reuters / Scanpix / LETA
Endryu Piters, 28 yosh
Viskonsin shtati Marshfild shahridan, 2023 yil fevralida Ukrainada halok bo‘lgan. U televideniyeda Ukraina haqida berilayotgan xabarlar va Volodimir Zelenskiyning butun jahon bo‘ylab qurolli kuchlar faxriylariga Rossiya tajovuziga qarshi turishda Ukraina armiyasiga yordam berishni so‘rab qilgan videomurojaati ta’sirida 2022 yil noyabrida Xorijiy legionga qo‘shilgan.
Ukraina frontida omon qolgan ko‘ngillilar WP jurnalistlariga aytib berishicha, ularning o‘z vatanidagi nisbatan xavfsiz hayotni boshqa mamlakatdagi urush maydoniga almashtirish qarori AQSh qurolli kuchlarida xizmat qilish asosida yotuvchi shu kabi demokratik g‘oyalardan ilhomlangan: erkinlikka muhabbat, zulmga nafrat. Ba’zi hollarda tanlovga shaxsiy hayotdagi muammolardan qochish istagi yoki shunchaki harakatga tashnalik ta’sir ko‘rsatadi.
Endryuning otasi, Fors ko‘rfazidagi urush faxriysi bo‘lgan 53 yoshli Jon Pitersning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘li bir necha yil oldin armiyadan ketgach, Viskonsindagi fuqarolik hayotiga moslashishda qiynalgan. 2014 yilda u Afg‘onistonda xizmat qilgandi. Endryuning labrador-retriver zotli, qora tusli, Pepper laqabli xizmatdosh iti bo‘lgan, u armiyadan bo‘shaganidan keyin egasiga qiyinchiliklarni yengishda yordam bergan.
Ota-ona o‘g‘ilni Ukrainaga ketishdan qaytarishga urinadi, ammo uning qat’iyligini ko‘rib, ko‘ngillilar sifatida u bilan birga ketishga urinishadi. «O‘ylaymanki, u qari otasi baribir ergashmagani va uni xijolatga qo‘ymasligidan yengil tin olgan», — deydi Jon Piters.
Aprel oyida Piterslar oilasiga halok bo‘lgan farzandning kuli solingan urnani (ko‘za) keltirishadi. Bu ish Amerika hukumati tomonidan emas, balki Ukrainaning Vashingtondagi elchixonasidan yuborilgan harbiylar tomonidan amalga oshirilgan.
Tim Gruber / The Washington Post / Getty Images
Xotira kunida ota-ona aralash tuyg‘ularni boshdan kechirishdi, chunki ularning farzandi o‘z vatani uchun emas, boshqa davlat bayrog‘i ostida jang qilib halok bo‘lgan. Shuning uchun Jon Piters o‘g‘lining nomini urushlarda halok bo‘lgan amerikalik askarlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlikka qo‘shish taklifini rad etdi. U o‘z uyi yoniga AQSh va Ukraina bayroqlarini ilgan holda Endryuni xotirladi.
Nik Maymer, 45 yosh
Sobiq «yashil beret» Nikolas Maymer 2023 yil may oyida Baxmutda halok bo‘ldi. U Aydaho shtati Boyse shahrida tug‘ilgan, 22 yil mobaynida, 2018 yilga qadar AQSh maxsus topshiriqli bo‘linmalari safida xizmat qilgan.
Uning amakisi Pol Maymerning so‘zlariga ko‘ra, qarindoshi o‘z bilimlari va qiziqishlarini boshqalar bilan baham ko‘rgan. Xususan, u bir necha bor Boysedagi xolasi dars beradigan o‘rta maktabda ilonlar haqidagi taqdimoti bilan o‘quvchilarni hayratga solgan. Rossiya bosqini arafasida Maymer Ispaniyada ingliz tilidan dars berayotgandi. U Idaho Statesman nashriga bergan intervyusida aytganidek, uni Ukrainaga «axloqiy kompas» yetaklab keladi.
Nikolas Ukraina hududiy mudofaa kuchlarining 114-brigadasi 135-alohida batalonida, Sima laqabi (chaqiruv belgisi) ostida jang qilgan. Uning o‘limi haqida «Vagner» XHK tomonidan e’lon qilingan video orqali ma’lum bo‘lgandi. Unda guruh rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmutda uning yollanma jangchilari bilan otishib, sharafli tarzda halok bo‘lgan Maymerning jasadini barcha taomillarga binoan, bayrog‘iga o‘ragan holda AQShga yuborishni va’da qilgandi.
25 may kuni Ukraina qurolli kuchlari va «Vagner» o‘rtasidagi asirlar almashinuvi doirasida Maymerning jasadi solingan tobut ham Ukrainaga berildi.
Kuper Endryus, 26 yosh
AQSh dengiz piyodalarining iste’fodagi serjanti 19 aprel kuni Baxmut atrofida halok bo‘lgan. U «hayot yo‘li» orqali Baxmutdan tinch aholi vakillarini evakuatsiya qilish chog‘ida (bu yo‘ldan shaharga qo‘shimcha kuchlar va o‘q-dori yetkazishda ham foydalanilgan) minomyot zarbasidan og‘ir yaralangandi.
Uning onasi Uillou Endryusning so‘zlariga ko‘ra, Kuper bolalikdan ijtimoiy adolat masalalariga qiziqqan, keyinroq armiyada irqchilik muammosiga duch kelgan. Quroldoshlari uni qora tanlilarning huquqlari uchun kurashgan Malkolm Iksning kitoblarini o‘qigani uchun «qora millatchi» deb chaqirishgan. Ukrainadagi legionda Kuperga yaxshi muomala qilishgan. «Biz og‘a-inilardekmiz, ona», — deya eslaydi Uillou Endryus o‘g‘lining so‘zlarini.
Hozirda ayol o‘g‘lining jasadi AQShga olib kelish va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Ohayo shtati, Klivlend-Hayts shahrida otasining yoniga dafn qilishga harakat qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Davlat departamenti o‘z ishini bajarishidan umid uzib, mahalliy ukrainlar jamoasiga yordam so‘rab murojaat qilgan.
U Amerika hukumati bilan munosabatlarini «xafagarchilik, bahsli va ba’zida jahlni keltiradigan» deb atagan. U ko‘p hollarda farzandlari Yevropada Kuper bilan bir bo‘linmada jang qilgan oilalardan olingan ma’lumotlarga tayanishiga to‘g‘ri kelgan.
Davlat departamentining ommaga gapirishga vakolatli bo‘lmagan vakili WP jurnalistiga bergan izohida Amerika ma’muriyati «bunday vaziyatlarda o‘z vazifasiga o‘ta jiddiy yondashishi» va «imkoniyat tug‘ilishi bilanoq» ma’lumotlarni oilalarga yetkazishini aytgan.
Gredi Kurpasi, 50 yosh
Kurpasi Janubiy Koreyada tug‘ilgan va chaqaloqligida amerikalik oila tomonidan asrab olingan. U 20 yil AQSh dengiz piyodalari safida, jumladan Iroqda ham xizmat qilgan. Kurpasi 2021 yil noyabrida iste’foga chiqadi, ammo uch oy o‘tib ko‘ngillilarning xorijiy legioniga qo‘shiladi, bu legion fevral oyida Kiyev atrofida Ukraina qurolli kuchlari bilan birga Rossiya qo‘shinlariga qarshi turadi. 2022 yil aprelida uning bo‘linmasi Ukraina janubidagi Xerson oblastiga ko‘chiriladi. Ko‘p o‘tmay u bedarak yo‘qoladi, o‘shanda u britaniyalik ko‘ngilli Endryu Hill bilan birgaligida rossiyaliklar zarbasiga uchragandi. Uning sherigi rossiyaliklarga asir tushadi va keyinroq asirlar almashinuvi doirasida «Azovstal» mudofaachilari bilan birga ozod qilinadi.
Kurpasining yaqinlari uni qidirishda yordam so‘rab, ukrain ko‘ngillilari va Jo Bayden ma’muriyatiga murojaat qiladi. Yo‘qolgan harbiyning do‘sti Jorj Hit jurnalistlarga so‘zlab berishicha, Davlat departamenti bu ishda «mutlaqo yomon va layoqatsiz» edi.
Yakunda Ukraina hukumati va ko‘ngillilar tomonidan tashkil etilgan Weatherman Foundation fondi yordamga kelib, Kurpasini Xersondan g‘arbdagi Oleksandrovka qishlog‘i atrofida qidirishga kirishadi. Bir yil o‘tib harbiyning jasadi qoldiqlari topiladi, kiyim va jihozlari orqali uning shaxsi tasdiqlanadi.
Mary Altaffer / AP / Scanpix / LETA
19 may kuni jasad qoldiqlari solingan tobutni olib uchgan samolyot AQShga qo‘ndi. Davlat departamentidagilar AQSh rasmiy shaxslari «Ukraina hukumati qidiruv ishlarini olib borayotganda ular bilan yaqindan hamkorlik qilgani» va Kurpasining oilasi bilan barcha ma’lumotlarni bo‘lishishga harakat qilganini bildirgan.
Pit Rid, 33 yosh
Nyu-Jyersida tug‘ilgan Pit Rid 2007 yilda AQSh dengiz piyodalari korpusiga xizmatga kirgan, Iroq va Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Keyin u Global Outreach Doctors notijorat tashkilotiga qo‘shiladi. 2016 yilda Iroqda bo‘lg‘usi rafiqasi, jurnalist bo‘lib ishlovchi Aleks Potter bilan uchrashadi. Humanitar xodim va paramedik sifatida u Suriya, Yaman, Polshada, Rossiya bosqinidan keyin esa Ukrainada ishlay boshlaydi.
«U doimo hammaga yordam berishga tayyor edi. Uning uchun asosiy qadriyatlar rahm-shafqat va mehribonlik, shuningdek, ularga muhtoj bo‘lgan odamlarga, ularning sharoitidan qat’i nazar yordam berish edi. O‘ylaymanki, bular biz millat sifatida doimo intilishimiz kerak bo‘lgan qadriyatdir», — deya hikoya qiladi Potter xonim Ridning jamoasi Ukrainada bir necha yarador rossiyaliklarni ham davolaganini nazarda tutib.
The New York Times nashrining yozishicha, 2023 yil 2 fevralida tarkibida Rid ham bo‘lgan paramediklar guruhi Baxmutda rossiyaliklar zarbasiga uchraganlar oldiga yetib kelganida ularning tez yordam mashinasiga yana bir raketa kelib uriladi. Rid voqea joyida halok bo‘ladi, uning hamkasblari tan jarohati oladi. NYT nashri tasdiqlashicha bu tasodifiy zarba bo‘lmagan, balki boshqariluvchi raketa bilan zarba berishgan.
Iyun oyida Ridning oilasi uning kulini bo‘lajak paramedik bolalikda ko‘p vaqtini o‘tkazgan Massachusets shtati, Bekket shahri yaqinidagi bolalar lageri joylashgan qishloqqa olib bormoqchi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025