Jahon | 23:08 / 07.06.2023
38653
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Kaxovka GES falokatiga ilk bor izoh berdi

Rossiya prezidenti «keng ko‘lamli ekologik va gumanitar falokat»ga olib kelgan hodisada Ukrainani javobgar deb aytdi. 

Foto: EPA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Xerson viloyatida Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishiga birinchi marta izoh berdi. 

U Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali qilgan suhbatida «Ukraina keng miqyosdagi ekologik va gumanitar falokatga olib kelgan vahshiy harakatlari» uchun javobgar bo‘lishini aytgan. Putin so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari «harbiy harakatlar keskin avj olishiga» sabab bo‘lmoqda. 

Kreml xabarida aytilishicha, Putin va Erdo‘g‘an «Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha fikr almashgan», biroq Turkiya prezidenti nima degani keltirilmagan.

Turkiya prezidenti ma’muriyatining ijtimoiy tarmoqdagi xabarida Erdo‘g‘an shubhaga o‘rin qolmasligi uchun to‘g‘onning buzilishi bo‘yicha keng qamrovli tekshiruv o‘tkazish lozimligini aytgan. Shu bilan birga, u rossiyalik va ukrainalik ekspertlar, BMT va xalqaro hamjamiyat, jumladan Turkiya ishtirokida tekshirish o‘tkazish uchun komissiya tuzilishi mumkinligini ta’kidlagan. 

Rossiya va Turkiya tomonlari muloqot kimning tashabbusi bilan o‘tganini ma’lum qilmadi. 

Erdo‘g‘an Putin bilan suhbatdan oldin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham gaplashgan. U tergov uchun komissiya tuzish imkoniyatini ma’lum qilgan. Zelenskiy Erdo‘g‘an bilan suhbatda falokatning insonparvarlik va ekologik oqibatlari, jumladan, Zaporijjya atom elektr stansiyasi uchun xavflari haqida gapirgan. Shuningdek, u Erdo‘g‘anga falokat oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish uchun kerak bo‘lgan narsalar ro‘yxatini bergan. 

Ukraina Kaxovka GES falokatida Rossiyani ayblamoqda.

Mavzuga oid