O‘zbekiston | 10:23 / 08.06.2023
2266
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda turizm transport koridori bo‘ylab zamonaviy karvonsaroylar quriladi

Foto: Kun.uz

"Turizm transport koridori bo‘ylab zamonaviy karvonsaroylarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Madaniyat va turizm vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Turizm transport koridori bo‘ylab quriladigan zamonaviy karvonsaroy namunaviy loyihasi ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasida taqdimoti o‘tkazilgan.

Quyidagilar belgilanadi:

  • namunaviy loyihada ko‘rsatilgan karvonsaroy tarkibidagi elementlar (xonalar, avtoturargoh va boshqalar) quriladigan har bir karvonsaroyda nazarda tutilishi majburiydir;
  • karvonsaroy tarkibidagi elementlarning maydoni, balandligi va qavatlar soni muayyan hududdagi shaharsozlik vaziyatga muvofiq yong‘in xavfsizligi va sanitariya talablariga rioya etgan holda obekt buyurtmachisining istagiga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin;
  • namunaviy loyihani muayyan yer uchastkasiga bog‘lashda yer uchastkasining shakli va relefi xususiyatlari hamda tashqi muhandislik kommunikatsiyalari tarmoqlari trassalari yo‘nalishiga ko‘ra karvonsaroy elementlarining bir-biriga nisbatan joylashuvini o‘zgartirishga ruxsat etiladi;
  • har bir karvonsaroyning arxitekturasini tegishli hududning me’moriy, tarixiy, geografik, madaniy xususiyatlariga muvofiq alohida loyihalashtiriladi.

Turizm transport koridori bo‘ylab quriladigan zamonaviy karvonsaroylarning manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Manzilli ro‘yxatda ko‘rsatilgan karvonsaroylar qurilishi uchun turizm transport koridori bo‘ydagi tashqi muhandislik kommunikatsiyalarga yaqin bo‘sh yer uchastkalari ro‘yxatini tuzadi va ularda karvonsaroylarni joylashtirish takliflar ishlab chiqilishini tashkil etish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga kiritadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda nazarda tutilgan bo‘sh yer uchastkalarida karvonsaroylarni joylashtirish takliflari taqdimotini Mamlakatning turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhida o‘tkazadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda nazarda tutilgan yer uchastkalarni tadbirkorlik sub’yektlariga elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya etilishini ta’minlaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid