Yevropa Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan «uchinchi davlatlar» bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qildi
Yevroittifoq sanksiyalarining navbatdagi, o‘n birinchi paketi eng qat’iylaridan biri bo‘lishi mumkin - bu haqida nimalar ma’lum?
Yaqin kunlarda Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi navbatdagi — o‘n birinchi sanksiyalar paketini qabul qilishi mumkin. Bu haqda avvalroq Bloomberg nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. 4 iyun kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari doimiy vakillari qo‘mitasi (Coreper) sanksiyalar muhokamasini 7 iyun kuniga belgilangan navbatdagi yig‘ilish kun tartibiga kiritgani ma’lum bo‘ldi.
Yevropa davlatlari 19-21 may kunlari Yaponiyada bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» sammitida yangi cheklov choralarini tasdiqlashga umid qilgandi. Biroq sanksiyalar oldin bo‘lgani kabi, Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar tomonidan ma’qullanishi kerak va bir necha haftadan beri tasdiqlash jarayoni davom etmoqda. Bu safar Yevropa Rossiyaning o‘ziga emas, balki unga amaldagi sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan uchinchi davlatlarga jiddiy e’tibor qaratgan. Boshqa narsalar qatorida, Yevropa Ittifoqi ayrim tovarlarni, ularni keyinchalik Rossiyaga sotadigan mamlakatlarga eksport qilishni to‘liq taqiqlashni muhokama qilmoqda.
G‘arbliklar yangi paketga nimalarni kiritmoqchi?
Muhokama qilinayotgan sanksiyalar paketi Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri joriy qilingan o‘n birinchi paketdir. Ushbu sanksiyalar paketining asosiy maqsadi — Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tishiga qarshi kurashish va mavjud cheklovlarning samarali qo‘llanishini nazorat qilish. Financial Times nashri manbalari aytishicha, taqiqlangan mahsulotlarni avvalroq Rossiyaga qayta eksport qilgan davlatlar bu safar sanksiyalar ostiga tushishi mumkin. Yevropa Ittifoqi, ayniqsa, asosiy tovarlar va texnologiyalar savdosidagi keskin o‘sishni tushuntira olmaydigan davlatlar bilan qiziqadi.
«Ammo paket boshqa chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi», degan Yevropa Komissiyasi vakillari. Xususan, Germaniya va Polsha «Drujba» quvurining shimoliy qismi orqali neft olishni to‘xtatishi mumkin, deb yozadi Bloomberg. Rossiya nefti va neft mahsulotlarini olib ketayotgan kemalarning Yevropa Ittifoqi portlariga kirishi taqiqlanishi mumkin. Shuningdek, bortdagi navigatsiyani o‘chirib, buni amalga oshirishga yoki Rossiya Federatsiyasiga yashirin ravishda tovarlarni yetkazib berishga harakat qilayotganlarning kemalari ham xuddi shunday taqiqqa uchraydi.
Bundan tashqari, Rossiya orqali tranziti taqiqlangan tovarlar ro‘yxati kengaytiriladi. Ro‘yxatga, masalan, texnologik mahsulotlar va samolyot ehtiyot qismlari kiradi. Sanksiyalar yangi jismoniy va yuridik shaxslarga, jumladan, xitoyliklarga ham qo‘llanishi mumkin.
Nega paket may oyidagi G7 sammitida tasdiqlanmadi?
O‘n birinchi paket bo‘yicha muzokaralar jarayoniga oid hujjatlar rasman e’lon qilinmayapti va alohida mamlakatlar vakillari bu haqda izoh bermayapti. Ammo ko‘pchilikka ma’lumki, tasdiqlashning kechikishi birinchi navbatda Vengriya va Gretsiya pozitsiyasi bilan bog‘liq. Gap shundaki, Ukraina hukumati avvalroq, ular «urushning xalqaro homiylari» deb hisoblaydigan xususiy kompaniyalarning ro‘yxatini tuzgan edi. Ro‘yxatga, Yevropa kompaniyalari, jumladan, Gretsiyadan beshta, Vengriyadan bitta (asosan, Rossiya neftini tashish bilan shug‘ullanadigan tanker operatorlari) kompaniya kirgan. Bu ro‘yxat muhokama qilinayotgan sanksiyalarga bevosita aloqador bo‘lmasa-da, bu davlatlar o‘z kompaniyalarini ro‘yxatdan chiqarish uchun Ukrainaga bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda, deb xabar bergan Politico nashri o‘z manbalarga tayanib.
Munozaraning boshqa ishtirokchilari, masalan, Germaniya, butun mamlakatga qarshi sanksiyalar joriy qilishdan norozi, chunki bu ular bilan o‘rnatilgan diplomatik munosabatlarga putur yetkazishi va ularni Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilishga undashi mumkin. Berlinning taklifiga ko‘ra, dastlab ro‘yxatga aniq qoidabuzar kompaniyalar kiritilishi kerak.
Rossiya vositachilariga ta’sir o‘tkazish mexanizmining o‘zi hali aniq emas. Taxminlarga ko‘ra, EI birinchi bo‘lib diplomatik tarzda bosim o‘tkazadi va bu samarasiz bo‘lib chiqsa, ittifoq asosiy tovarlar eksportiga maqsadli cheklovlar kiritadi. Har ikki chora uchun ham qonunchilik bazasini ishlab chiqish, mahsulotlar va xavotir uyg‘otuvchi mamlakatlar ro‘yxatini tuzish, so‘ngra ularni eksport nazorati tizimiga kiritish zarur. Bu cheklovlar jahon savdosi qoidalariga qanchalik mos kelishi hozircha noma’lum.
Bahslar davom etishi allaqachon rejalashtirilgan sanksiyalar yumshashiga olib kelmoqda. Masalan, Rossiya neftini olib ketayotgan kemalarning Yevropa Ittifoqi portlariga kirishiga taqiq joriy etilmasligi ehtimoldan xoli emas, Rossiyaga yuk yetkazib berish uchun navigatsiyani o‘chirib qo‘ygan kemalarga esa 30 kunlik tuzatish muddati beriladi, deya xabar berdi Bloomberg nashri.
Qaysi «uchinchi davlatlar» Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bermoqda va Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari kimlarga nisbatan joriy qilinishi mumkin?
Rossiya kompaniyalari uchinchi davlatlar yordamida sanksiyalarni chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘layotgani haqidagi xabarlar OAVda muntazam ravishda paydo bo‘lmoqda. Shu yo‘l bilan mamlakatga kiradigan ba’zi tovarlar hatto Ukrainadagi front chizig‘igacha yetib bormoqda. Misol uchun, 2023 yil may oyida Financial Times nashri «Vagner» 2022 yil oxirida, Xitoydagi o‘ziga aloqador kompaniya orqali 20 mingta shlem (temir qalpoq) sotib olganini aniqladi. Yanvar oyida CNN telekanali G‘arb maxsus xizmatlari vakillari Xitoy kompaniyalari Rossiyaga muntazam ravishda zirhli nimchalar va shlemlar yetkazib berayotganidan xavotirda ekani haqida xabar bergan edi.
Xitoy bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil davomida Rossiyadan tovarlar importi 2021 yilga nisbatan keskin o‘sgan (17,5 foiz). Ikki davlat o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi esa 28 foizga o‘sib, rekord darajadagi miqdorni — 190 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoydan 76 milliard dollarlik mahsulotlar, Rossiyadan esa 114 milliard dollarlik tovarlar eksport qilingan.
Biroq Xitoy Rossiya kompaniyalari G‘arb yetkazib beruvchilari o‘rniga muqobil yetkazib beruvchilar qidirayotgan yagona davlat emas. 2022 yil Rossiyaning Turkiya bilan savdo aylanmasi 84 foizga, Belarus bilan esa 10 foizga oshdi, deya xabar bergan «Vedomosti» nashri Federal bojxona xizmatiga (FBX) tayanib. FBX aynan yangi sanksiyalar tahdidi tufayli 2022 yilning bahoridan boshlab tashqi savdo statistikasini e’lon qilishni to‘xtatdi. Biroq, tovar aylanmasini boshqa mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning statistik ma’lumotlari yordamida ham kuzatish mumkin.
Masalan, 2023 yilning birinchi choragida Germaniyadan Rossiyaga eksport hajmi 47 foizga kamaygan. Biroq, Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlarga eksport keskin oshgan. Masalan, Germaniyaning Qirg‘izistonga eksporti qariyb 949 foizga oshib, 170 million yevroni tashkil qilgan, deb yozadi Reuters. Avtomobillar va ehtiyot qismlar eksporti esa 4129 foizdan ko‘proqqa (84 million yevrogacha) oshgan.
Raqamlar unchalik katta emas (taqqoslash uchun: 2023 yilning birgina mart oyida Germaniyaning jahon bozoriga eksporti 130 milliard yevroni tashkil etgan), lekin uning tarkibida boshqa anomaliyalar ham mavjud bo‘lib, ular Rossiyaga qayta eksport qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, Turkiyaga eksport hajmi 37 foizga, Gurjistonga – 92 foizga, Qozog‘istonga – 136 foizga, Armanistonga – 172 foizga, Tojikistonga – 154 foizga oshgan. Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining Bojxona ittifoqiga a’zo bo‘lgani sababli, ushbu davlatlarning tovarlari Rossiyaga qo‘shimcha nazorat va bojxona to‘lovlarisiz kirishi mumkin.
Va bu mamlakatlardan Rossiya Federatsiyasiga eksport hajmi haqiqatan ham o‘sib bormoqda. Masalan, 2022 yilda Armanistondan Rossiyaga eksport deyarli uch baravarga oshib, 2,4 milliard dollarga yetgan. Qozog‘istonning Rossiyaga eksporti esa 25 foizga ko‘payib, 8,8 milliard dollarni tashkil qilgan. Shu bilan birga, elektronika eksporti birdaniga 22 barobar oshgan. Ruslar Qirg‘izistondan oldingidan 2,5 barobar ko‘proq, qariyb 964 million dollarlik mahsulot olib kelgan.
Ammo «taqiqlangan mahsulotlar» Rossiyaga faqatgina uchinchi mamlakatlardan yetkazib berish orqali kirmaydi. Financial Times nashri e’tibor qaratgan Trade DataMonitor xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya orqali tranzit qilinadigan, sanksiyalarga tushgan ikki tomonlama foydalanish uchun mo‘ljallangan (ya’ni ham fuqarolik, ham harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan) tovarlarning faqat yarmigina o‘z manziliga yetib borgan. Qoidaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etilgan bojxona deklaratsiyasida mahsulotlar Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga jo‘natilayotgani ko‘rsatilgan, biroq qiymati bir milliard dollardan ortiq bo‘lgan tovarlar Rossiyada «yo‘qolib qolgan». Gazetaning ta’kidlashicha, bu Moskvaga Yevropaning muhim tovarlari, jumladan, aviatsiya komponentlari, optik jihozlar va gaz turbinalarini sotib olish imkoniyatini saqlab qolishga yordam bergan.
«Biroq, Rossiya Federatsiyasiga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berish uchun tavakkal qilishga tayyor hamkorlarni qidirish yangi sanksiyalar tahdidi sabab tobora murakkablashmoqda», deb yozadi «Ekspert RA» reyting agentligi ekspertlari. Buni Rossiya TIVdagilar ham tan olgan: may oyida vazir o‘rinbosari Mixail Galuzin Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari o‘zlariga nisbatan sanksiyalar joriy qilinmasligi uchun hatto G‘arb davlatlari sanksiyalariga qo‘shilishga tayyorligini aytgan edi.
«Rossiya bilan aloqalarni sun’iy ravishda yo‘q qilish mashhur ikkilamchi sanksiyalardan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin», deya diplomat Rossiyaning qo‘shnilariga tahdid qilgandi.
«Agar 2022 yilda sanksiyalar ko‘pincha chetlab o‘tish oqibatlari va imkoniyatlarini baholamasdan kiritilgan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqining hozirgi yangi chora-tadbirlari «to‘rdagi teshiklarni yopish»ga qaratilgan. Shu bilan birga, EI tashkilotga a’zo mamlakatlar milliy iqtisodiyotlari uchun salbiy oqibatlarni kamaytirishga ham harakat qilmoqda. Buning natijasida, sanksiyalar tizimi yanada barqaror bo‘ladi.
Sanksiyalar Rossiyada resurslarni jalb qilish va ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligini, shuningdek, iste’mol sifatini pasaytirishda davom etadi», deydi «Ekspert RA» agentligining makroiqtisodiy tahlil va prognozlash bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anton Tabax.
Qayd etish joizki, bu EIning sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga birinchi urinishi emas. 2023 yil yanvar oyida Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen, o‘sha paytda muhokama qilinayotgan o‘ninchi paketda sanksiyalardagi bo‘shliqlar yopilishini aytgan edi. Ammo Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganining bir yilligi munosabati bilan qabul qilingan sanksiyalar paketi bunday chora-tadbirlarni o‘z ichiga olmadi.
«Hozir Yevropa Ittifoqi yangi paket shu haftaning o‘zida tasdiqlanishiga umid qilmoqda», deb yozadi Bloomberg. «Eng oxirgi muddat — iyun oyi oxiri», degan Fransiya tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024