O‘zbekiston | 07:53 / 10.06.2023
7717
3 daqiqa o‘qiladi

7 ta hududda elita kartoshka urug‘chilik xo‘jaliklari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi 

Vazirlar Mahkamasining "Mahalliy kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chilik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi. 

Respublikada kartoshka yetishtirish, aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, urug‘chilik tizimini yo‘lga qo‘yish va yetkazib berish tadbirlarini sifatli amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimliklari Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi bilan birgalikda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga arzon mahalliy urug‘lik yetkazib berishni tashkil etish maqsadida kartoshka urug‘chiligiga ixtisoslashgan elita urug‘chilik xo‘jaliklari faoliyati yo‘lga qo‘yilishini ta’minlaydi.

Kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘yishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, klasterlar va boshqa urug‘chilik xo‘jaliklarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • hududlarning tuproq-iqlim va suv sharoitlaridan kelib chiqib, yuqori avlodli sertifikatlangan urug‘lik kartoshka ekilishini ta’minlash;
  • agrotexnik tadbirlarga rioya qilgan holda urug‘lik kartoshka maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazib, urug‘liklarni nav va avlodlari bo‘yicha alohida jamg‘arish;
  • yetishtirilgan urug‘lik kartoshkani keyingi mavsumda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yetkazib berish uchun maxsus saqlash omborlarini tashkil etish;
  • fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalariga asosiy, takroriy maydonlarga sertifikatlangan urug‘lik kartoshkani yetkazib berish;
  • urug‘lik kartoshkani yetishtirish, parvarishlash, o‘simliklarni himoya qilish tadbirlarini o‘tkazish hamda yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Samarqand viloyati hokimligining Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida 2023-2027 yillarda Koreya hukumatining 4,1 mln dollar texnik ko‘mak mablag‘lari asosida kartoshka urug‘chiligida “Ilm-ta’lim-ishlab chiqarish” tamoyili bo‘yicha “Kartoshka urug‘chiligi markazi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Samarqand viloyati, Jizzax viloyati, Toshkent viloyati, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand viloyatidagi xorijiy korxonaga yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish maqsadida 2023 yil yakuniga qadar Bulung‘ur (150 ga), Toyloq (150 ga) va Samarqand (200 ga) tumanlaridan 500 gektar, 2024 yil 1 fevralga qadar Bo‘stonliq (200 ga), Baxmal (200 ga) va Zomin (200 ga), Kitob (150 ga) va Shahrisabz (200 ga) tumanlaridan 950 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarining yigirma besh yil muddatga belgilangan tartibda ijaraga berilishini ta’minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid