Navoiylik keksa ayol 5 yil oldin diniy ma’ruzaga “klass” bosgani uchun 3 yilga ozodlikdan cheklandi
Ayol “Odnoklassniki.ru” sahifasida taqiqlangan diniy ma’ruzaga “klass” bosgan vaqtda (2018 yili) Turkiya davlatida bo‘lgan. Tergov va sud “klass” bosishni – tarqatish, deb baholagan va JKning 244-1-moddasini qo‘llagan.
Shu yil 31 may kuni JIB Nurota tuman sudida Xatirchi tumanida yashovchi 57 yoshli ayolga sud hukmi (pdf) o‘qildi (hukm Oliy sudning onlayn platformasiga joylangan). Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi ayol 2015-2019 yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida qariyalarga qarovchi bo‘lib ishlagan.
2018 yilda “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘ida profil ochgan hamda o‘zbekzabon shaxsning “benamozlik” haqidagi 5 daqiqalik videoma’ruzasiga “klass” belgisini bosgan.
Ayol uyiga qaytganidan 4 yil vaqt o‘tib, 2023 yil 15 fevral kuni IIB xodimlari uni Xatirchi tumani IIBga qarashli militsiya tayanch punktiga chaqirgan. Sud hujjatlarida ayolning mobil qurilmasi va ijtimoiy tarmoqlardagi profili “tegishli sanksiya orqali” ko‘zdan kechirilgani yozilgan. IIB xodimlari ayolning “Odnoklassniki” profilini ham tekshirgan va yuqoridagi videoga layk bosganini topishgan.
Tergov organi ayol mazkur postga “klass” munosabat belgisini bosib, Internet jahon axborot tarmog‘ida o‘zining 130 nafar virtual do‘stlariga tarqatgan, deya kvalifikatsiya qilgan.
Ayolning “Motorolla” rusumli qo‘l telefoni 2023 yil 15 fevral kuni ashyoviy dalil tariqasida olingan hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga asosan ushbu ma’ruza diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani, shuningdek uni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangani aniqlangan.
Sud hujjatlarida ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi ushbu harakatni eslay olmagan. Yana bir muhim jihat – ayol ushbu “klass”ni O‘zbekiston hududida emas, balki Turkiyada (Istanbul shahri) migrant sifatida ishlab yurganida bosgan.
Ayol sudda o‘zi “klass” bosgan postlari virtual do‘stlariga tarqalishini bilmaganligi, qachon va nima sababdan bosganligini ham eslay olmasligini hamda ishidan pushaymonligini aytgan. Bundan tashqari, 57 yoshli nafaqaxo‘r ayol sog‘lig‘i yaxshi emasligi, koviddan so‘ng oyoqlarida suyak yemirilishi xastaligi paydo bo‘lganligi, hassaga suyanib qolganligi, qaramog‘ida 3 nafar farzandi borligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Sudda 2 nafar guvoh ayolning profilida yuqoridagi ma’ruzaga “klass” bosilganini tasdiqlagan.
Ayblanuvchining o‘g‘li onasi bilan "Odnaklasniki" orqali gaplashib turganini, lekin bunday ma’ruzaga "klass" bosilganidan bexabar ekanini aytgan hamda onasi uchun suddan yengillik so‘ragan.
Dastlabki tergov organi ayolni JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi — jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatish maqsadida saqlash va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tarqatishda ayblaydi.
Sud yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, ayblanuvchini “jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkinligi” haqidagi xulosaga kelgan hamda 244-1-modda sanksiyasida nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazo – 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayol yashash joyidan kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishi cheklangan hamda ushbu davr davomida:
- ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
- uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik;
- Navoiy viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik;
- Internetdan foydalanmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlarni yuklagan.
Ayolning ijtimoiy tarmoqlardagi profillarini bloklash yuzasidan chiqarilgan hukm ijro uchun DXX Navoiy viloyati boshqarmasiga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, amaldagi Jinoyat kodeksi 11-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etgan shaxs ushbu Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.
Qilmish qachonki O‘zbekiston hududidan tashqarida sodir etilib, jinoiy oqibati esa O‘zbekiston hududida yuz bergan bo‘lsa, u O‘zbekistonda sodir etilgan, deb topiladi. Lekin ish materiallarida ushbu ayolning harakatlari (Turkiyada “klass” bosishi) O‘zbekistonda qanday oqibat keltirib chiqargani tergov yo‘li bilan tekshirilmaganini ko‘rish mumkin.
Mavzuga oid
13:31
Buxoro va Navoiyda saksovullarni sindirganlarga 43 mln so‘m jarima belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024