Jahon | 13:15 / 12.06.2023
13547
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi ko‘ngillilar to‘g‘risidagi buyruq bo‘yicha birinchi shartnomani imzoladi

Rossiya Mudofaa vazirligi ko‘ngillilar to‘g‘risidagi buyruq bo‘yicha birinchi shartnomani «Axmat» bilan imzoladi. Shoyguning 10 iyundagi buyrug‘iga ko‘ra ko‘ngilli otryadlar 1 iyulga qadar Mudofaa vazirligi bilan shunday shartnomalar imzolashi shart. Harbiy idora bu ularning birlashgan kuchlar guruhi tarkibidagi faoliyati samaradorligini oshirishini kutmoqda.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi «harbiy maxsus operatsiya» zonasida ko‘ngilli bo‘linmalarning faoliyati tartibini belgilovchi buyruq doirasida birinchi shartnomani imzoladi, deb xabar berdi harbiy idora matbuot xizmati. «Rossiya Mudofaa vazirligi va Rossiya maxsus maqsadlardagi universiteti tomonidan tayyorlangan «Axmat» ko‘ngillilar otryadi o‘rtasida shartnoma imzolandi», deyiladi press-relizda.

Shartnoma ko‘ngillilar va ularning oilalarini davlat tomonidan ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bilan qamrab oladi, deya qayd etib o‘tdi Mudofaa vazirligi. 

«Umid qilamanki, kelajakda bizning birinchi tajribamizga qarab, qolgan ko‘ngilli otryadlar ham shunday shartnomalarni imzolaydilar», dedi Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari, general-polkovnik Aleksey Kim. Davlat dumasi deputati Adam Delimxonovning so‘zlariga ko‘ra, shartnoma «ko‘ngilli bo‘linmalar va otryadlarning barcha komandirlari tomonidan mamnuniyat bilan imzolanadi, chunki bu Mudofaa vazirligidagi kabi harbiy xizmatchi maqomini beradi». 

10 iyun kuni mudofaa vaziri Sergey Shoygu ko‘ngilli otryadlarga 1 iyulga qadar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash majburiyatini yuklagan buyruqni imzoladi. Buyruq qo‘shma qo‘shinlar guruhi tarkibida ko‘ngilli tuzilmalardan foydalanish samaradorligini oshirish, ularga zarur huquqiy maqom berish hamda «har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish va ularga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda umumiy yondashuvlarni yaratish» maqsadida ishlab chiqilgan», deyiladi idora matbuot xizmati xabarida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid