O‘zbekiston | 09:20 / 12.06.2023
5870
2 daqiqa o‘qiladi

Venada AEXA kengashi O‘zbekiston bilan hamkorlik haqidagi hisobotni eshitdi

Joriy yilning 5-9 iyun kunlari Vena shahrida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) boshqaruvchilar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo AA

Yig‘ilish ishtirokchilari agentlikning 2022 yil uchun yillik hisobotini, texnik hamkorlik sohasida AEXA faoliyatini kuchaytirish va tashkilot faoliyatining boshqa muhim masalalarini muhokama qildilar.

«Texnik hamkorlik» bo‘yicha yig‘ilish kun tartibidagi masalasi bo‘yicha O‘zbekistonning Vena shahridagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, elchi Abat Fayzullayev so‘zga chiqdi. U o‘z ma’ruzasida ishtirokchilarni O‘zbekiston va AEXA o‘rtasida 2022-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasidagi hamkorlik haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonda texnik kooperatsiya loyihalarining ushbu siklida respublikaning yadro infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi milliy salohiyatni oshirish, yadro fanidan tinch yo‘l bilan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar salohiyatini oshirish, shuningdek, yadro tibbiyoti sohasiga ko‘maklashishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Aniq natijalardan milliy saratonga qarshi kurash dasturini (imPACT  missiyasi) ko‘rib chiqish bo‘yicha ekspert missiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilishi, O‘zbekiston Milliy metrologiya institutining dozimetrik laboratoriyasini takomillashtirish uchun noyob uskunalar ishga tushirilishi, ilmiy-tadqiqot yadro reaktorining xavfsiz ishlashi uchun uskunalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga yetkazib berilishi qayd etildi. Loyihaning ish rejasi doirasida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ bilan milliy nazorat tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Yadro bilimlarni mustahkamlash va saqlashda muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunasi sifatida O‘zbekiston Milliy va Samarqand universitetlari o‘quv laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma ishlar qayd etildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid