Jahon | 16:56 / 13.06.2023
22518
11 daqiqa o‘qiladi

Politsiya qo‘lida o‘lim topganlar: AQShdan Erongacha

Tergovdagi qiynoqlar va hibsxonadagi o‘limlar... Bu faqat O‘zbekistonga xos holat emas. Hatto rivojlangan demokratik davlatlarda ham politsiya qo‘lida o‘lim topgan, hibsxonada vafot etganlar talaygina.

1. Jorj Floyd, AQSh

Foto: Getty Images

Pandemiya avjiga mingan 2020 yilda AQShda xunuk voqea ro‘y berdi: oq tanli politsiyachi ko‘cha o‘rtasida gumonlanuvchi qora tanli fuqaroni qo‘lga olayotib, bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ydi. Shundoq ham irqchilik o‘ta og‘ir qilmish sifatida qaraladigan Amerika jamiyati larzaga keldi: keng miqyosli namoyishlar ayrim o‘rinlarda talonchilik, bosqinchilik va boshqa ommaviy jinoyatlarga ham aylanib ketdi.

Aslida marhum Jorj Floyd shu paytgacha ancha-muncha hunar ko‘rsatib ulgurgandi, 2000-yillarda narkotik saqlashda aylanib qamalgan, so‘ngra o‘g‘rilik sabab 4 yil «o‘tirgan» erkak nihoyat 2020 yil mayida soxta pullar berishda gumonlanib qo‘lga tushdi.

Oq tanli politsiyachi Derik Shovin esa Floyd ushlanganda, uni naq sakkiz daqiqa oyog‘i bilan bo‘ynidan bosib turdi. Natijada Floyd hodisa joyida nobud bo‘ldi. Kameraga muhrlangan jinoyat shunchaki qolib ketmadi. Shundoq ham pandemiya sabab sabr-kosasi to‘lgan odamlar ko‘chalarga oqib chiqa boshladi.

Natijada AQShning yuzlab shaharlarida komendantlik soati joriy etildi. Iyun oyiga kelib, namoyishlarda 19 kishi turli sabablarga ko‘ra halok bo‘ldi. Namoyishlar ba’zida talonchilikka aylanib ketdi, hatto me’moriy yodgorliklar va haykallarga ham talafot yetkazildi.

Floyd o‘limiga sabab bo‘lgan politsiyachi naq 22,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Unga «ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sababchi bo‘lish» aybi qo‘yildi. 2021 yil 20 iyunda Nyu-Yorkda Jorj Floydga atab katta yodgorlik ochildi.

2. Deniyel Pryud, AQSh

Foto: WE THE PEOPLE/ GOFUNDME

Ko‘p o‘tmasdan yana bir qora tanli AQSh fuqarosi politsiya qo‘lga olgandan so‘ng vafot etdi.  Deniyel Pryud 41 yoshda edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Pryudning boshiga u politsiya xodimlariga tupurmasligi va tishlab olmasligi uchun maxsus to‘r kiydiriladi. Natijada erkak kislorod yetishmasligi sabab hushini yo‘qotadi va shifoxonaga olib boriladi.

Vrachlar bemorning hayoti uchun bir hafta davomida kurash olib bordi, ammo harakatlar besamar ketdi. O‘lim sababi haqidagi rasmiy ma’lumotda mahbus tanasida o‘tkir giyohvand moddasi borligi isbotini topgani aytiladi.

Garchi bu o‘lim Jorj Floydniki kabi o‘tkir namoyishlar va taloto‘plarni keltirmasa ham, anchagina muhokamalarga sabab bo‘ladi. O‘sha paytlarda prezidentlik uchun kurashayotgan Jo Bayden amaldagi rahbariyatni ham qisman ayblab chiqadi.

O‘sha paytda qudratda bo‘lgan Tramp ma’muriyatda adliya vaziri lavozimini egallagan Uilyam Barr CNN telekanaliga bergan intervyusida politsiya oq va qora tanlilarga turlicha munosabatda bo‘layotganini inkor etadi.

3. Kinan Anderson, AQSh

Foto: Los Angeles Police Dept

Shu yilning yanvar oyida politsiya aralashuvidan keyin hayotdan ko‘z yumgan afroamerikaliklar soni yana bittaga oshdi. Qurbon begona emas: mashhur Black Lives Matter harakati asoschilaridan biri Patriss Kallorsning amakivachchasi Kinan Anderson edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 3 yanvar kuni Anderson Los-Anjyelesda YTHga uchragan. Politsiya kelib uni qo‘lga olganda, Anderson qochishga urinadi, organ xodimlari esa unga nisbatan elektroshoker ishlatishadi. Natijada yigitning ahvoli og‘irlasha boshlaydi. Shifoxonaga yetkazilgan Anderson bor-yo‘g‘i 4 soatcha yashaydi xolos...

4. Sergey Shamrin, Rossiya

Shu yilning yanvar oyida Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida yashovchi Sergey Shamrin politsiya mashinasi ichida o‘lim topdi.

Marhumning rafiqasi iddao qilishicha, erkak qo‘lga olingach, politsiya xodimlari unga zarba berib bo‘ynini sindirishgan. Ayolning aytishicha, erini politsiya xodimlari ko‘chada mast holatda ushlashgan va bo‘limga olib ketmoqchi bo‘lgan. O‘rtada yuz bergan janjaldan so‘ng Sergey Shamrin hushini yo‘qotgan.

Shamrinning rafiqasi Yuliyaga ko‘ra, ayol eriga tezkor birinchi yordamni ko‘rsatgan. Ammo yetib kelgan shifokorlar qisqa tekshiruvdan keyin Shamrin allaqachon o‘lganini ma’lum qilishdi.

Politsiyachilarga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilish aybi qo‘yilib, ulardan ikki nafari qamoqqa olindi.

5. Politsiya qo‘lida o‘lim topgan muxolifatchi

CFoto: jepvenezuela.comaption

2014 yil Venesuelani talabalar boshlab bergan katta namoyishlar qamrab oldi. Ular yangi prezident Nikolas Maduroning iste’fosini talab qilib chiqdi, chunki davlat iqtisodi cho‘kib, eng zarur mahsulotlar ham taqchil bo‘lib qolgandi.

Buning ustiga Venesuelada jinoyatchilik kuchayib ketdi. Namoyishlar vaqtida ikki nafar politsiyachi 23 yoshli talaba Da Kostani o‘ldirib qo‘yadilar. Bu xalqning to‘lib turgan sabrini battar alangalatib yubordi.

Oradan ikki yil o‘tgach bu ikki politsiyachi Bassil da Kostaning o‘limida aybdor deb topilib, uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi.

Jumladan, razvedka politsiyasi komissari Xose Perdomo «qotillik» moddasi bo‘yicha 29 yil-u olti oy, ofitser Andri Yosvua quroldan asossiz foydalangani uchun olti yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

6. Niqob taqmagani uchun o‘lgan fuqaro

Foto: mexiconewsdaily.com

2020 yilning yozida Meksikada ham xunuk voqea ro‘y berdi: tibbiy niqob taqmagani uchun politsiya qo‘lga olgan Jovanni Lopes olamdan o‘tdi.

30 yoshli Jovanni Lopes 4 may kuni Gvadalaxara yaqinida qo‘lga olingandi. Guvohlar tomonidan tasvirga olingan videoda politsiyachilar avtomatlar bilan erkakni mashinaga majburlab o‘tirg‘izgani aks etgan.

Lopesning qarindoshlari erkakni izlash uchun politsiya bo‘limiga borishgan, biroq u yerda uni kasalxonaga olib ketishganini aytishgan. Shifoxonaga borishsa, bemor allaqachon vafot etgan ekan.

 Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, Lopes boshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish oqibatida vafot etgan. Marhumning oyog‘idan ham o‘q izi topilgan. Bu voqeadan so‘ng Gvadalaxarada katta namoyishlar boshlandi. Namoyishchilar hatto hukumat binosiga ham bostirib kirishga muvaffaq bo‘lishgandi.

7. Mahsa Amin, Eron

Foto: SAFIN HAMED/AFP/GETTY IMAGES

2022 yil 16 sentabrda Tehrondagi shifoxonalardan birida 22 yoshli Mahsa Aminining joni uzildi. Bu oddiygina qayg‘uli o‘lim emasdi.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, «jamiyatdagi qoidalarni buzish»da ayblangan qiz yurak huruji oqibatida tobi qochib vafot etadi. Biroq Aminining yaqinlari va Eron jamiyatining faol qismi bunga ishonmaydi hamda qiz politsiyadagi qiynoqlar oqibatida halok bo‘lgan degan farazni ilgari surishadi.

Shubha, gumon va noroziliklar katta namoyishlarga ulanib ketadi. Amini o‘limidan keyingi namoyishlar Erondagi Oyatullo rejimiga ta’sir o‘tkazgan voqealardan biri sanaladi.

Mahsa Amini o‘limi hamon sirliligicha qolmoqda, turli fikrlar o‘rtaga tashlanmoqda. Masalan, Iran International nashrining qayd etishicha, Eron Islom qo‘riqchilari korpusi komandirlaridan biri «Amini tergovdagi qiynoqlar oqibatida vafot etgani haqida ishonchli manbalar gapirgan» audiolarni sizdiradi.

Shuningdek, Amini oilasi qizaloq yoshligida bir qancha nevrologik kasalliklar bilan og‘rigani va hatto boshidan o‘simta olinganini oshkor etadi. Lekin Mahsa Amini keyinchalik sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan.

Iran Human Righs ma’lumotiga ko‘ra, Amini o‘limi ortidan kechgan namoyishlarda 201 kishi halok bo‘ladi. Yirik shaharlarda politsiya bilan to‘qnashuvlar kuzatiladi. Namoyishchilar mamlakat oliy rahbariyati, jumladan oyatullo Ali Xomanaiyni keskin tanqid qiladi.

2023 yil boshiga kelib namoyishlar sezilarli ravishda kamaydi va Eron hukumati bor jilovni yana qo‘liga olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo sodir bo‘lgan voqealar ularning tegishli xulosalar chiqarishi uchun sabab bo‘lgan bo‘lsa ajabmas.

8. Aziz Ahmedov, O‘zbekiston

Bu borada yaqin o‘tmishning O‘zbekiston uchun eng shov-shuvli voqeasi shubhasiz Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi hodisa desak adashmagan bo‘lamiz. Unda tuman DSI boshlig‘i o‘rinbosari ichki ishlar xodimlari bilan bo‘lgan ziddiyat vaqtida vafot etdi.

42 yashar soliq xodimi Aziz Ahmedov o‘zining Cobalt avtomobilida yo‘l harakati qoidalarini buzgani sababli patrul xizmati inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan. Inspektorlar o‘zlariga tegishli Spark avtomobilining orqa o‘rindig‘iga o‘tqizishda fuqaroning yuz qismidan bosib, uning qisqa va tez o‘lim topishiga sabab bo‘lishgani ma’lum qilingan.

2021 yil 3 dekabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudi tomonidan sudlanuvchilar M.Qo‘chqorov (1987 yilda tug‘ilgan, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB boshlig‘i lavozimida ishlagan) va Sh.Rahimberdiyev (1990 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad katta inspektori lavozimida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va aybdorlarga sud hukmi o‘qilgan.

9. Bo‘kadagi o‘lim va tezkor xodimlarning ishdan bo‘shatilishi

2023 yil 4 iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB JQB xodimlari so‘roqqa olib kelingan fuqaroni qiynoqqa solishgan. Fuqaro bu qiynoqlar natijasida vafot etgan. 

Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan. Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Boboxonov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudoyqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Ochilov, shuningdek, navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Abror Zohidov, Kun.uz

Mavzuga oid