Sport | 17:25 / 15.06.2023
652
5 daqiqa o‘qiladi

25 iyun kuni O‘zbekistonning 16ta shahrida Yangi nafas xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi 

Foto: Yengil atletika federatsiyasi

13 iyun kuni Yengil atletika federatsiyasining anjumanlar zalida, OAV vakillari ishtirokida, 25 iyun kuni respublikaning 16 ta shahrida Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan Yangi nafas xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi va Vatan qalqoni harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Xalqaro Olimpiya kunini (Olympic Day) nishonlash munosabati bilan bir milyaga teng ramziy masofaga ommaviy yugurishlar tashkil etiladi.

Sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ishtirokida jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ommaviy yugurish musobaqasining tashkilotchilari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi ishtirok etdi. Tadbirning texnik va tashkiliy jihatdan tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasiga yuklangan. Bosh hamkor – «O‘zbekneftgaz» AJ.

Bu yili Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi butunlay yangi formatda o‘tkazilmoqda: Toshkentda o‘tkaziladigan sport tadbirining ishtirokchilari uchun tanlov asosida 3 ta masofa taqdim etiladi: 1 milya (1609 m), 3 km, 10 km, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand va Nukusda – 1 milya va 3 km. Andijon, Nurafshon, Guliston, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, G‘uzor, Urganchda yuguruvchilar 3 km masofada musobaqalashadi.

Respublikaning 16 ta shahri “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” umumiy yagona shiori ostida birlashadi.

«Mamlakat aholisi orasida yugurish sportini ommalashtirish va milliy salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbus sifatida boshlangan Yangi nafas sport harakati, ushbu yili xalqaro harakat maqomiga ega bo‘ldi, deb ta’kidladi Andrey Abduvaliyev, Yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari va Markaziy Osiyo yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi. — Bo‘lajak ommaviy yugurish musobaqasiga Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan yosh sportchilar va yugurish klublarining a’zolari qo‘shilib, sport va yoshlar bayramini biz bilan baham ko‘rishadi».

Xalqaro Olimpiya kunini nishonlash bo‘yicha Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining ushbu yildagi murojaati ham ommaviy yugurish mavzusiga yaqin bo‘lib, kundalik jismoniy faoliyatni rag‘batlantirgan holda, #LetsMove heshtegi ostida bo‘lib o‘tmoqda. 25 iyun kuni Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasiga O‘zbekistonning mashhur sportchilari va sog‘lom turmush tarzi faollari, yoshlarga ta’sir ko‘rsatadigan yosh fikr yetakchilari ham qo‘shiladi.

Barcha yugurish havaskorlari, yoshidan qat’i nazar, O‘zbekistonning har bir hududida ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Yosh yuguruvchilar uchun ruxsat etilgan yosh chegarasi - 9 yosh. Ishtirokchi shaharlar uchun yagona start ertalab soat 6:00 da beriladi. Toshkentda 5500 ta, Samarqandda 2300 ta, qolgan 14 ta shaharda har bitta hududda 2000 ga yaqin odam ishtirok etishi kutilmoqda.

Joriy yilning 1 iyunidan 21 iyunigacha Toshkentda musobaqada ishtirok etuvchi yuguruvchilar uchun Iticket.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati taqdim etiladi. Yengil atletika federatsiyasi ta’kidlashicha, bunday qadam hududlarda ommaviy yugurish musobaqalari va marafonlarni o‘tkazish barqarorligi hamda muntazamligini ta’minlash imkoniyatini beradi.

Ishtirok etish qiymati:

• 1 milya masofaga ro‘yxatdan o‘tishda – 75 000 so‘m;

• 3 km masofaga ro‘yxatdan o‘tishda – 99 000 so‘m;

• 10 km masofaga ro‘yxatdan o‘tishda –149 000 so‘m.

Ishtirokchi paketiga quyidagilar kiradi: 

• Futbolka

• Kepka

• Ko‘krak start raqami

• To‘g‘nog‘ichlar

Ishtirokchilarga start paketlarining berilishi 23 iyundan 24 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasida tashkil etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid