Tanzila Norboyeva Xalqaro mehnat konferensiyasida O‘zbekistondagi islohotlar bo‘yicha ma’lumot berdi
Xususan, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga qat’iy intilishi alohida ta’kidlandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Xalqaro mehnat konferensiyasining 111-sessiyasi doirasida «Mehnat dunyosi: ijtimoiy adolat hamma uchun» sammitida ishtirok etdi.
«Adolatli o‘tish maqsadida ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya» mavzusidagi tadbirning panel sessiyasini Tanzila Norboyeva va Germaniya mehnat vaziri Xubertus Xayl bilan birga asosiy ma’ruzachi sifatida ochib berdi.
Norboyeva o‘z chiqishida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Xususan, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga qat’iy intilishi alohida ta’kidlandi.
Yaqinda qabul qilingan Konstitutsiyasida O‘zbekiston ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat sifatida e’lon qilingani, bundan tashqari, O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, ijtimoiy-mehnat sohasiga oid 40 dan ortiq qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgani aytib o‘tildi.
O‘zbekistonni ish o‘rinlari yaratish va adolatli o‘tish uchun umumiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT «Global tezlatkich» tashabbusida ishtirok etishga taklif qilingani uchun minnatdorlik bildirildi. Shu bilan birga, ayni paytda O‘zbekistonda mazkur mexanizmning barcha elementlari amaliyotga joriy etilayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, ijtimoiy adolatga erishishda davlat va ijtimoiy sheriklar, moliya institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.
So‘zga chiqqan Germaniya, Ispaniya, Venesuela kabi davlatlar vakillari hamda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari O‘zbekiston tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Sammit yakunlariga ko‘ra, davlat va hukumat rahbarlari, ijtimoiy sheriklar va xalqaro tashkilotlar jahonda o‘sib borayotgan tengsizlik va qashshoqlikka qarshi kurashish uchun butun xalqaro hamjamiyatni kelishilgan va muvofiqlashtirilgan choralar qabul qilishga, hukumatlarni esa xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘li bilan sa’y-harakatlarining insonlar va umuman olganda, sayyoramiz manfaati uchun ta’sirini maksimal darajada oshirishga chaqirdilar, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, savdo va ekologiya masalalariga oid barcha qarorlar va kelishuvlar ijtimoiy adolatni ta’minlash zaruratini hisobga olishi shartligiga kelishib oldilar.
Mavzuga oid
16:12
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024