O‘zbekiston | 12:17 / 16.06.2023
33602
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yarim tunda kirakashlik qilib yurgan yigitga bosqinchilar hujum qildi, ularga qizlar ham yordam bergan

Hozirda bu shaxslar nima sababdan jinoyatga qo‘l urgani aniqlanmoqda. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Foto: Tergov departamenti

2023 yil 7 iyun kuni 24 yoshli G‘.B. Toshkent tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.

U shu kuni soat 01:20 larda Spark rusumli avtomashinasida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanayotgan vaqtida, THAYning Toshkent shahri Yunusobod tumani I.Karimov mahallasi hududidan o‘tgan qismidan yo‘lovchi sifatida ikki nafar noma’lum ayollar avtomashinasiga o‘tirib, Qibray tumani Parvoz mahallasiga olib borib qo‘yishini so‘raganini bildirgan.

Ta’kidlanishicha, u mazkur mahallaga borgan vaqtida, ayollarning tanishi bo‘lgan yana ikki nafar noma’lum erkak uning avtomashinasiga chiqqan va ularni “Uch qahramon” blokposti yaqinidagi ichki ko‘chaga olib borgan vaqtida, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar erkak unga pichoq o‘qtalib, qo‘llari bilan urib tan jarohati yetkazgan.

So‘ngra ular uni zo‘rlik ishlatib avtomashina orqa o‘rindig‘iga o‘tkazgan, ulardan biri avtomashina rul boshqaruviga o‘tirgan, ikkinchi erkak esa pichoq o‘qtalib orqa o‘rindiqda olib ketayotgan vaqtida undan Redmi-5 rusumli telefon apparatini va qo‘lida bo‘lgan soatini tortib olgan. Uchtepa tumani hududidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kirgan vaqtlarida, u avtomashinadan tushib qochib ketishiga ulgurgan.

Foto: Tergov departamenti

Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda zo‘rlik ishlatib transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni 21 yoshli P.F. (erkak), 18 yoshli S.M. (ayol), 22 yoshli N.B. (erkak) va 18 yoshli A.Yu. (ayol) sodir etgani hamda jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan avtomashina Zangiota tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan uylarning biri oldida tashlab ketilgani aniqlangan va avtomashina ko‘zdan kechirilib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxslar qo‘lga olinib, ulardan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan Redmi-5 rusumli telefon apparati olingan, hozirda ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda yuqoridagi shaxslar nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urgani aniqlanmoqda. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid