Jahon | 15:06 / 20.06.2023
6392
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada parvozlar narxi 23 yil ichida birinchi marta maksimal darajaga yetdi

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya ichida ekonom klassdagi parvozlar may oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga oshgan. Bu 2000 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Foto: Getty Images

2023 yil may oyida ekonom-klass salonida Rossiya bo‘ylab parvoz narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga oshib, ming kilometr uchun 6972,36 rublni (75,81 yevro) tashkil etdi. Bu haqda 20 iyun, seshanba kuni Rosstat ma’lumotlariga tayanib, RBK xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2000 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga aylangan, idora o‘shanda ushbu ko‘rsatkichni kuzatishni boshlagan. Avvalgi «cho‘qqi» 13 yil avval, 2010 yil avgustida qayd etilgan va 6892,51 rublni (74,95 yevro) tashkil qilgan. 2023 yilning birinchi besh oyida reyslar 32 foizga qimmatlashgan.

Rossiyaning eng yirik aviakompaniyalari - «Aeroflot» va S7 vakillari aviachiptalar narxining oshishini qo‘shimcha xarajatlar, xususan, yonilg‘i narxi ko‘tarilishi, shuningdek, davlat subsidiyalarining tugashi bilan izohladi. 2022 yilda, Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, subsidiyalar tufayli chiptalar narxining oshishiga yo‘l qo‘yilmagandi.

Bundan tashqari, Rossiyaga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalar narxlarga ta’sir qildi. Kompaniyalar ehtiyot qismlarni uchinchi davlatlar orqali sotib olishga majbur bo‘lib, cheklov choralarini chetlab o‘tyapti, bu esa texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlariga ta’sir qiladi. Chiptalar narxining oshishi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, AQSh va boshqa mamlakatlarga parvozlar taqiqlanganidan keyin Rossiya aviakompaniyalarining kamroq daromadli ichki bozorga o‘tishi bilan bog‘liq. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid