«Real» va «Bavariya» pul sarflamay kuchaydi. Yevropa futbolida hafta transferlari
«Chelsi» hujum chizig‘iga, Mourino - mudofaaga yangi futbolchi oldi.
Yevropa klublari yangi futbolchilar bilan tarkibni kuchaytirishda davom etmoqda. Quyida so‘nggi kunlarda ro‘y bergan asosiy transferlar keltiriladi.
N’Golo Kante: «Chelsi» → «Al-Ittihod» (erkin agent)
Jahon chempioni kelajagini Saudiya Arabistoni bilan bog‘ladi. O‘tgan mavsum Kante uchun faoliyatidagi eng yomon mavsumlardan biri bo‘ldi. U «Chelsi» safida atigi to‘qqiz o‘yinda maydonga tushdi va Qatardagi jahon chempionatini o‘tkazib yubordi. Ushbu fransuz futbolchisi avvaliga paylardagi jarohatini davoladi, mavsum oxirida esa bel sohasidan jarohatlandi. Kante erkin agentga aylangach, arab klubidan yog‘li shartnoma oldi.
«Al-Ittihod»da to‘rt mavsum uchun futbolchi 100 mln yevro (har mavsumga 25 mln yevrodan) oladi. Qolaversa, unga tijoriy kelishuvlardan ulush va’da qilingan. Bu «Al-Ittihod»ning yozdagi ikkinchi transfer bombasi bo‘ldi — biroz avvalroq klub Karim Benzemani o‘z safiga qo‘shib olgandi. Kante «Chelsi»da o‘tgan yetti mavsumda olti turnirda, jumladan Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va APLda g‘olib chiqdi.
Kristofer Nkunku: «RB Leypsig» → «Chelsi» (60 mln yevro)
Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, bu transfer bo‘yicha 2022 yil dekabridayoq kelishib olingandi. Nkunku aynan o‘shanda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va tomonlar barcha qog‘ozlarni imzolashgandi. O‘tgan vaqt ichida «Chelsi»da ikki bor murabbiy o‘zgardi. Transfer hal bo‘lganida jamoani Grem Potter boshqarardi, keyin — Frenk Lempard keldi, yozda esa bu lavozimni Maurisio Pochettino egalladi.
25 yoshli fransuz futbolchisi londonliklarga 60 mln yevroga tushdi. O‘tgan mavsumda u barcha turnirlar doirasida 36 o‘yinda maydonga tushgan va ajoyib statistika qayd etgan (23 gol, to‘qqiz golli uzatma). Kristofer Fransiya va Germaniya chempionatlarida to‘p surgan, endi esa yangi top-chempionatni zabt etishga harakat qiladi. Nkunku jahon chempionatiga yo‘l ololmaganidan qattiq ranjigandi — u turnir arafasidagi mashg‘ulotlar chog‘ida jarohat olib safdan chiqqandi.
Xoselu: «Espanol» → «Real» (ijara, 500 ming yevro, 1,5 mln yevroga sotib olish sharti bilan)
Xoseluning so‘nggi vaqtlardagi faoliyati ertaknamo kechmoqda. 2023 yil bahorida u Ispaniya milliy jamoasida debyut qildi — o‘yin yakuniga to‘qqiz daqiqa qolganida maydonga chiqdi va dublni rasmiylashtirdi. Iyun oyida jamoa bilan Millatlar ligasida g‘olib bo‘ldi. G‘alabali finaldan bir hafta o‘tib esa «Real» safiga o‘tdi. Bularning bari u 34 yoshga chiqqanida ro‘y bermoqda.
Xoselu avval Ispaniya, Angliya va Germaniyada o‘ynagan, ammo uning rezyumesida shu vaqtgacha «Real» kalibridagi klub bo‘lmagandi. Hujumchi o‘z vaqtida Madrid klubining yoshlar jamoasida o‘ynagan, ammo buni hozirgi vaziyat bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Xoselu «Espanol»da juda yaxshi mavsum o‘tkazdi (17 gol, to‘rt assist), ammo jamoani ikkinchi divizionga tushib ketishdan qutqarib qololmadi. O‘tgan mavsumda oxirgidan oldingi o‘rinni egallagan jamoadan ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa safiga o‘tish — buni haqiqiy progress desa bo‘ladi!
Rafael Gerreyru: «Borussiya» D → «Bavariya» (erkin agent)
Portugaliyalik futbolchida Dortmundda o‘tgan yetti yillikni chiroyli yakunlab qo‘yish uchun zo‘r imkoniyat bor edi. «Borussiya» oxirgi tur oldidan Bundesliga turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgandi, ammo so‘nggi o‘yinni barbod qildi va oltin medallarni «Bavariya»ga sovg‘a qilib yubordi. Keyingi kuni esa Dortmund bir necha futbolchilari, jumladan 29 yoshli himoyachisi Gerreyru ketayotgani haqida e’lon qildi. Shartnomasi muddati yakunlangan Rafael bozorga erkin agent maqomida chiqdi, ammo oy oxiriga keliboq yangi jamoa topdi.
Katta ehtimol bilan Gerreyru nihoyat Germaniya chempioni bo‘ladi, chunki buni «Bavariya» bilan uddalash ancha osonroq. Qolaversa, Gerreyruda Tomas Tuxel bilan ishlash tajribasi bor. Ular 2016/2017 yillar mavsumida Dortmundda hamkorlik qilishgandi va Germaniya Kubogini qo‘lga kiritishgandi. O‘tgan mavsumda portugaliyalik 36 o‘yinda qatnashib, olti gol urdi va 14 golga uzatma berdi.
Edin Jyeko: «Inter» → «Fenerbahche» (erkin agent)
Bosniyalik hujumchi Italiyaga 2015 yilda kelgandi. Jyeko «Roma»da bir mavsumni ijara asosida o‘tkazganidan keyin rimliklar uning transfer huquqini «Manchester Siti»dan sotib olishgandi. Shundan buyon u faqat A Seriya jamoalarida («Roma», «Inter») o‘ynab keldi. O‘tgan mavsumda Jyeko 14 gol urdi, jamoasi bilan Chempionlar ligasi finaligacha yetib bordi va endi Italiyani erkin agent maqomida tark etdi. 37 yoshli futbolchi faoliyatini shu vaqtgacha qadar o‘ziga tanish bo‘lmagan Turkiya chempionatida davom ettiradi.
Jyeko shartnomani uzaytirish borasida «Inter» bilan kelisha olmagan. Barcha narsadan xabardor Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar hatto bu masalada jiddiy muzokaralar boshlashgacha yetib borishmagan. Faxriy futbolchiga Saudiya Arabistoni klublaridan qiziqishlar mavjud edi, ammo u Yevropada qolishni ma’qul ko‘rdi. Yangi mavsumda Jyeko Chempionlar ligasida o‘ynamaydi, chunki uning yangi klubi faqat Konferensiyalar ligasiga yo‘llanma ololgan.
Evan N’Dika: «Ayntraxt» → «Roma» (erkin agent)
Transfermarkt ushbu markaziy himoyachini 28 mln yevroga baholagan, «Roma»ga esa u mutlaqo tekinga tushdi. N’Dika Germaniyada besh yilni o‘tkazdi va «Ayntraxt»ni erkin agent sifatida tark etdi. Avval ushbu 23 yoshli futbolchining nomini «PSJ» va «Barselona» bilan ham bog‘lashgandi, ammo u Italiyaga yo‘l oldi. Ikki yil muqaddam N’Dika Yevropa ligasida g‘olib bo‘lgandi, o‘tgan mavsumda esa u jamoasi bilan Chempionlar ligasida pley-offda ham o‘ynadi. Mourino boshqaruvidagi «Roma» shu tariqa yozda ikkinchi yangi futbolchini safiga qo‘shib oldi — avvalroq Ussam Auar ham tekinga olingandi.
Kristof Baumgartner: «Hoffenhaym» → «RB Leypsig» (24 mln yevro)
«Leypsig» 23 yoshli avstriyalik uchun 24 mln yevroni ayamadi. Qolaversa, klubda moliyaviy muammolar yo‘q, Nkunku transferidan kattagina mablag‘ ishlab olingan. Baumgartner «Leypsig»ni Yevropaning yorqin klublaridan biri sifatida ta’rifladi. Futbolchi Chempionlar ligasida to‘p surish imkoniyatini sabrsizlik bilan kutayotgani va sovrinlar jamg‘armasini to‘ldirishdan umid qilayotganini aytib o‘tgan. Nima bo‘lganda ham, «Leypsig» qatorasiga ikki mavsumda Germaniya Kubogida g‘olib chiqqan jamoa.
Baumgartner hujum guruhida istalgan pozitsiyada o‘ynashi mumkin: markaziy yoki qanot hujumchisi, shuningdek hujumkor yarimhimoyachi bo‘la oladi. Kristof ikki oyog‘i bilan ham yakuniy zarba bera oladi, yaxshi tezlik va yuqori o‘yin intellektiga ega hisoblanadi. 23 yoshga kelib u Bundesligada 121, Avstriya milliy jamoasida 29 o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. 2022/2023 yillar mavsumida u yetti gol urib, yetti golli uzatma muallifi bo‘lgan.
Deyan Kulushevski: «Yuventus» → «Tottenhem» (30 mln yevro)
Kulushevskini «Tottenhem»ning yangi futbolchisi deb bo‘lmaydi. Londonliklar klubi uni bir yarim yil oldin ijaraga olgandi va buning uchun 10 mln yevro to‘lagandi. Endi «Tottenhem» transfer huquqini sotib olish bo‘yicha bandni ishga tushirdi va yana uch barobar ko‘proq pul sarfladi. 2022/2023 yillar mavsumida shved futbolchisi 37 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urgan va sakkizta golga uzatma bergan. Uning londonliklar klubi bilan shartnomasi 2028 yil yoziga qadar tuzilgan. Futbolchining o‘zi hali o‘sishi kerakligi haqida gapirdi, lekin u allaqachon 23 yoshda. Kulushevskining so‘zlariga ko‘ra, u jahon chempionatidan keyingi o‘yinlaridan qoniqish hosil qilmagan. Endi yangi mavsum uning uchun qanday kechishini ko‘ramiz.
Arkadiush Milik: «Marsel» → «Yuventus» (6,3 mln yevro)
«Yuventus» ham kelishuvdagi banddan foydalanib, Milikni «Marsel»dan sotib oldi. Polyak hujumchisi o‘tgan mavsumni ijara asosida Turinda o‘tkazdi, endi esa jamoaning to‘laqonli a’zosiga aylandi. 29 yoshli 39 o‘yinda maydonga tushib, to‘qqiz gol urdi va bir golga uzatma berdi. Shu bilan birga Milik fevral-mart oylarida belidagi jarohat tufayli bir qancha o‘yinlarni o‘tkazib yubordi. «Marsel» yana 1,1 mln yevroni bonuslar sifatida qo‘lga kiritishi mumkin, ammo barchasi Milik o‘zini qanday ko‘rsatishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ruslan Malinovskiy: «Atalanta» → «Marsel» (10 mln yevro)
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, «Marsel» maxsus bandni faollashtirib, ukrainalik futbolchining transfer huquqini qo‘lga kiritgan. Malinovskiy Fransiyaga 2023 yil boshida kelgandi — «Marsel» uni «Atalanta»dan ijaraga olgandi. Ruslan yarim mavsumda yangi klubi futbolkasida 23 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urdi va bir golga uzatma amalga oshirdi. Malinovskiyning o‘zi Fransiyada o‘zi istagan darajada o‘ynay olmaganini aytgan. Ukrainalik yarimhimoyachi «Marsel» futbolchisi sifatida to‘laqonli tayyorgarlikdan keyin yangi mavsumda yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishini aytgan. Uning hozirgi klubi, «Atalanta»dan farqli o‘laroq, Chempionlar ligasida o‘ynash imkoniyatiga ega, buning uchun jamoa saralash bosqichidan o‘tishi kerak.
Mavzuga oid
10:01
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024