Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Frontdagi vaziyat: Prigojinning isyoni Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga ta’sir ko‘rsatmagan
Prigojin Rossiya armiyasi mag‘lubiyatga uchrayotganini aytgandi. Amalda esa Ukrainaning muvaffaqiyatlari hali ham juda kamtarona.
O‘z isyonini boshlashdan oldingi murojaatida Yevgeniy Prigojin boshqa narsalar qatori Rossiya armiyasi Zaporijjya oblasti va Baxmut uchun janglarda mag‘lubiyat ortidan mag‘lubiyatga uchrayotgani haqida gapirgandi. «Vagner» XHK rahbari o‘zidagi ma’lumotlarga asoslangan holda RF qurolli kuchlari boy bergan aholi yashash manzillarini sanagan: Pyatixatki (Zaporijjyadan janubda), Rabotine posyolkasining bir qismi (Orixivdan janubroqda) va Urojayne (Velika Novosilka rayonining Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasida). Bundan tashqari, Prigojin o‘z isyoni arafasida Ukraina qurolli kuchlari Dniproning chap sohilidagi Golaya Pristanga desant tushirishga muvaffaq bo‘lgani haqida gapirgandi.
Yuqorida sanalganlardan faqat Pyatixatki Ukraina qo‘shinlari tomonidan ozod etilgani tasdiqlangan, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari Rabotine tomon ilgarilamoqda (posyolkaga yetishga hali bir necha kilometr qolgan). Isyon boshlanishi arafasida qolgan joylarda vaziyat RF qurolli kuchlari uchun murakkablashgan bo‘lsa-da, kritik darajada og‘irlashgani yo‘q. Hozircha Ukraina qurolli kuchlari Rossiya harbiylari o‘rtasidagi nizodan foydalanib qolganini ko‘rsatuvchi hech qanday ma’lumot yo‘q.
Ukraina armiyasi zirhli tank bo‘linmalari bilan amalga oshirilgan dastlabki hujumlar muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin taktikani o‘zgartirgan: endi Ukraina qurolli kuchlari artilleriya va dronlar zarbalari bilan Rossiyaning front orti qismini kuchsizlantirishga urinmoqda (Zaporijjya va Donetsk oblastlarida front chizig‘idan bir necha kilometr ichkarida rossiyaliklarning gaubitsalari, havo hujumidan mudofaa komplekslari va radioelektron kurash vositalariga yo‘llangan zarbalar aks etgan o‘nlab videolar mavjud). Bundan tashqari, ukrain bo‘linmalari rossiyaliklarning tayanch punktlariga piyodalarning kichik guruhlari bilan hujumlar uyushtirmoqda; bunda zirhli texnikalar piyodalarni Rossiya armiyasi pozitsiyalariga eltish uchun o‘ziga xos taksi vazifasini o‘tamoqda. Shu bilan birga, tarmoqda tarqalayotgan videolarga qaralsa, Ukraina qurolli kuchlarining texnika bo‘yicha yo‘qotishlari (ayniqsa tanklarda) qarshi hujumning birinchi haftasidagi bilan solishtirilsa ancha kamaygan.
Ukrain harbiylarining o‘zlari tan olishicha, yurish qilayotgan qo‘shinlar uchun asosiy xavf manbayi RF qurolli kuchlarining Ka-52 rusumli zarbdor vertolyotlari bo‘lib qolmoqda. Ular sakkiz kilometr masofada va tankka qarshi raketalar bilan mo‘ljalga olib bo‘lmaydigan past balandlikda harakatlanib, javob zarbasi istisno qilingan holatda ukrainlarning zirhli texnikalariga zarbalar bermoqda. Ukrainlarning qarshi hujumi boshlanganidan buyon shunday vertolyotlardan berilgan zarbalar aks etgan 70 dan ortiq videolar mavjud.
ISW: Prigojinning isyoni Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi harakatlariga ta’sir qilmagan
Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) xulosasiga ko‘ra, Rossiyada davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinish Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi hujum va mudofaa amaliyotlari o‘tkazishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan.
«Ham Rossiyadagi, ham Ukrainadagi manbalar butun front chizig‘i bo‘ylab harbiy harakatlar odatiy rejimda davom ettirilganini xabar qilishgan, shu bilan birga Rossiya qo‘shini Baxmut atrofida oldingi kunlardagiga qaraganda bir necha barobar faollik bilan quruqlikdagi amaliyotlar o‘tkazishgan», deyilgan ISW’ning ertalabki hisobotida.
Ekspertlar taxmin qilishicha, «Vagner» kuchlarining bir qismi texnikalar bilan o‘z mashg‘ulotlar lageriga qaytishi Kreml yollanma jangchilarni tarqatib yuborishni emas, ularning hech bo‘lmaganda bir qismini saqlab qolishni istashini ko‘rsatadi.
Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyati uchun Yevgeniy Prigojin va Aleksandr Lukashenkoning kelishuvi oqibatlari qanday bo‘lishi aniq emas, lekin vazirlik rahbariyatidagi har qanday o‘zgarish Prigojinning g‘alabasi sifatida qabul qilinadi, deb hisoblaydi ISW ekspertlari.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning aytishicha, qo‘shinlar mamlakat sharqidagi qator yo‘nalishlarda bir-ikki kilometrga ilgarilagan.
«Bizning sharqdagi qo‘shinlarimiz o‘tgan hafta oxirida Orixiv-Vasilyivka, Baxmut, Bogdanovka, Yahidne, Kleshchiyivka va Kurdyumovka hududlarida qarshi hujum amaliyotlarini boshladi. Har bir yo‘nalishda 1 kilometrdan 2 kilometrgacha ilgari yurilgan. Hozirda qo‘shinlar egallangan marralarda mustahkam o‘rnashmoqda va raqiblarni yakson etmoqda», deyiladi Malyarning telegram-kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, frontdagi vaziyat o‘tgan hafta davomida o‘zgarishsiz qolgan.
Zaporijjya oblasti g‘arbi
- Ukraina qurolli kuchlari yurishning ilk kunlaridayoq Lobkove qishlog‘ini egallagan va unda mustahkam o‘rnashgandi. So‘nggi haftada ular bir kilometr janubroqdagi Pyatixatki qishlog‘ini ham ozod etishdi.
- Bu qishloq uchun shiddatli jang olib borildi: Ukrainaning 128-tog‘-shturm brigadasi bo‘linmalari artilleriya zarbalari ostida Pyatixatkiga kirib kela oldi va u yerdan Osetin bataloni jangchilarini siqib chiqardi, keyin esa — RF qurolli kuchlarining bir qancha qarshi hujumlarini qaytardi. Ikki tomon bir qancha zirhli texnikalaridan ayrilgan.
- Janglar davom etmoqda: Rossiya armiyasi pozitsiyalari qo‘shni Jyerebyanka tepaliklarida joylashgan, shu yerdan turib Pyatixatki artilleriyadan o‘qqa tutilmoqda.

Orixiv yo‘nalishi
- Zirhli texnikalar bilan minalangan maydonlardan o‘tishga bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin Ukraina piyodalari baribir Orixiv — Tokmak trassasi bo‘yiga yetib kela olishdi. Endilikda ukrain qo‘shinlari pozitsiyasi Rossiya mudofaasi tayanch punkti joylashgan Robotinedan taxminan ikki kilometr masofada.
- Yurish boshlanganidan buyon ilgarilangan masofa uch kilometr atrofida. Ammo rossiyaliklarning bu uchastkadagi yaxshi mustahkamlangan mudofaa chizig‘igacha yetib kelishga hali ancha bor.
Velika Novosilka
Velika Novosilkadan janubdagi Vremevka bo‘rtig‘i deb atalgan hududdagi qishloqlar ozod etilgach, Ukraina qqurolli kuchlari Urojayne va Staromayorskda jiddiy qarshilikka duch keldi. So‘nggi hafta davomida ukrain qo‘shini bu qishloqlardan shimolda faqat bir necha o‘rmonzorlarni egallay olgan.
Baxmut atrofidagi vaziyat
- Baxmutdan shimolda ukrain harbiylari Soledardan balandlikda joylashgan Yakovlivka posyolkasiga hujum boshladi. Ukrainlarning zirhli texnikalari Yakovlivkaning shimoliy chekkalariga yetib kelgan. Ular bu yerda mustahkam o‘rnashib olgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Qishda «Vagner» kuchlari aynan Yakovlivka orqali Soledarga kirishgan, bu esa Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut atrofidagi mudofaa chizig‘i qulashini boshlab bergandi. Endi shu tomondan beriladigan kuchli zarba RF qurolli kuchlarining Baxmutdagi guruhini xavf ostida qoldiradi.
- Britaniya razvedkasi ham Ukraina Baxmut hududida faollikni oshirgani haqida xabar bergan. Britaniya mudofaa vazirligi harbiy razvedkasining dushanba kungi hisobotida Ukraina Baxmut hududida faollikni oshirib, amaliyot davomida ukrain kuchlari shahardan shimolda ham, janubda ham ma’lum yutuqlarga erishayotganini qayd etgan. Qayd etilishicha, Rossiya hozirda bu hududda mudofaani mustahkamlash va bir-biridan uzoq masofalarda joylashgan sektorlarda yuzaga kelayotgan tahdidlarga javob qaytarish uchun kerak bo‘lgan jiddiy operativ zaxiralarga egaligi dargumon.

Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025