Toshkentda 17 tup yirik chinor ko‘chirildi. Daraxtlar yashab ketmasligi mumkin
Yangihayot tumanidan o‘tgan yerusti metrosining so‘nggi – 14-bekati oldidagi 17 tup ko‘p yillik chinor metro qurilishi sabab boshqa joyga ko‘chirildi. Toshkent Botanika bog‘i mutaxassisi ko‘chirilgan chinorlarning ko‘karib ketish imkoniyatini deyarli nolga teng deb baholadi.
Toshkent shahri Yangihayot tumanidan o‘tgan yerusti metrosining 14-bekati oldidagi 17 tup chinor daraxti qazib olinib, boshqa joyga ko‘chirilgani haqida Kun.uz'ga murojaat kelib tushdi. Murojaat xatida ko‘p yillik daraxtlarning ko‘chirilish oldidan yon shoh va o‘q ildizlari kesib tashlangani, ularning endilikda qurib qolishi mumkinligidan xavotirlar bayon qilinadi.
“O‘sib turgan yirik chinorlar yozning chillasida boshqa joyga ko‘chirilmoqda. Buning ustiga katta-katta chinorlarni avval kallaklab, keyin kavlab olishmoqda. Bunday holatda ko‘chirilgan chinorlarning o‘sib ketishi ham oson bo‘lmasa kerak. Axir necha yillik chinorlar-ku, achinishmaydimi, ularni o‘stirib, shu holatga keltirish ham oson emas”, – deyiladi murojaatda.
Kun.uz muxbiri ko‘p yillik daraxtlarning suratda ko‘rinib turgan holatda ko‘chirilishi daraxt ko‘chirish standartlariga qanchalik mosligi, shuningdek, yozning chillasida ko‘chirilgan daraxtlarning endilikda unib ketish imkoniyati qanchalik, degan savol bilan Toshkent Botanika instituti bo‘lim boshlig‘i Atirgul Xolmirzayevaga murojaat qildi.
Mutaxassis savolga javoban fuqarolarning xavotiri to‘la asosli ekanini ta’kidladi.
“Hozir – yozning chillasida ekilgan har qanday daraxt qattiq stressga tushishi aniq. Buning ustida suratdagi daraxtlarning yon shoxlari va o‘q ildizi kesib tashlanganini ko‘ryapman. Ularda faqat kichik yon ildizlar qoldirilgan va daraxtlar kuch bilan sug‘urib olingan. Mutaxassis sifatida aytamanki, shu holatda ko‘chirilayotgan chinorlarning o‘sib ketish imkoniyati deyarli nolga teng. Endi chinorlarning tutib ketishi uchun juda katta mehnat, kuch va vositalar talab qilinadi.
Bundan tashqari, suratlarda chinorlar yetarli tuproq bilan olinmagan, ildizlar shunchaki ochiq holatda turibdi. Bunda ular shamollaydi va issiqda qurib qoladi. Ishlar shunchaki qilingani ko‘rinib turibdi”, – dedi Xolmirzayeva.
Toshkentda qurilishlar bahonasida ko‘p yillik daraxtlarning “boshqa joyga ko‘chirilishi” va ularning ko‘chirilgan o‘rnida yirik daraxt qabristonlari paydo bo‘lishi yangilik emas. Bunga qadar ham Yashnobod tumani Alimkent ko‘chasiga ko‘chirib kelingan o‘nlab daraxtlarning qurib qolgani aholi noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
O‘sha holatda daraxtzorga aylantirish reja qilingan maydonning toshloq va suvsiz joy bo‘lgani, daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishdan oldin alohida tayyorgarlik ko‘rilmagani ma’lum bo‘lgan. Qarovi bo‘lmagan daraxtlar esa shunchaki suvsizlikdan qurib qolgan.
O‘shanda mas’ullar holatni “ob-havoning noqulay kelgani” bilan izohlagan.
Kun.uz 14-metro bekati o‘rnidan ko‘chirilgan chinorlarning keyingi taqdiriga oid bir necha savol bilan Ekologiya vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonovga yuzlandi. Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, 17 tup chinor taqdiri uni ko‘chirib o‘tkazuvchi firma mas’uliyatidagi masala hisoblanadi. Firma daraxtlarni o‘stirib berish majburiyatini olgan va agar ular o‘smay qoladigan bo‘lsa, firma javobgarlikka tortiladi.
“Metro qurilishi sabab daraxtlarning ko‘chirilishi ma’lum bo‘larkan, biz Yangihayot aholisi bilan uchrashib, ularga bu haqda ma’lum qilgan edik. Shuningdek, daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazuvchi firma bizga o‘z rejalarini ma’lum qilgan. Ular bizga daraxtlarni qay yo‘sinda ko‘chirishi va ularning keyingi parvarishi qanday bo‘lishini tushuntirib bergan.
Shuningdek, biz daraxt ko‘chiruvchi firmani agar ular qurib qoladigan bo‘lsa, beriladigan jazo choralari bilan tanishtirdik. Bu jazo daraxt kesish bilan tenglashtiriladi.
Yana shuni aytishim kerakki, bu yerda daraxtlarni kesish masalasi ham ko‘tarilgan edi. Bu bo‘yicha hukumat qarori ham bor edi, lekin biz bunga qarshi bo‘ldik va ko‘chirish variantiga kelishdik.
Chinor shoxlarining kesilishiga kelsak, shunday metodika bor ekan, kesishdan avval shohlar kesiladigan. Ishlar o‘sha metodika bo‘yicha qilindi”, – dedi Toshkent bosh ekologi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani Sergeli MFYdagi o‘rmonzor hududga o‘tqazilgan.
Yozning qoq chillasida ko‘chirilayotgan chinorlar masalasida mutaxassis va bosh ekolog fikrlari bir-biriga zid. Mutaxassis chinorlarning o‘sib ketishi bugungi sharoitda deyarli imkonsiz, deyotgan bo‘lsa, Farhod Dehqonov daraxt ko‘chiruvchilarga ishonch bildiryapti.
Ammo shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi, busiz ham metro qurilishi bir necha yil avval tasdiqlangan loyiha. Shunday ekan, nega daraxt ko‘chirish ishi o‘tgan kuz, qish yo bahorda qilinmadi, ayni yoz o‘rtasiga qoldirildi?
Bizningcha, paydo bo‘layotgan bu mavhumlik chinorlarning kelajagi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekistonda daraxtlarga, yashilikka bo‘lgan munosabat o‘zgarmayotgani, ekologiyaga kelganda ishlar hamon o‘lda-jo‘lda, yengil-yelpi qilinayotganini ko‘rsatadi. Ekologiya muammolari bizda hamon to‘la anglanmayapti. Buni boshqacha izohlash mumkin emas.
Kun.uz ko‘chirilgan daraxtlar taqdirini kuzatib boradi.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
16:47 / 22.11.2024
Daraxtlarga kimyoviy vositalar bilan shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024