Jahon | 11:58 / 30.06.2023
6200
1 daqiqa o‘qiladi

Chexiya rossiyalik sportchilarning mamlakatda o‘tkaziladigan musobaqalarda qatnashishini taqiqladi

Chexiya hukumati rossiyalik barcha sportchilar va sport jamoalarining Chexiyada o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishini taqiqlab qo‘ydi.

Rossiyalik sportchilar hokkey bo‘yicha U20 JCh-2020da. Ostrava, Chexiya / Foto: AP

Pragada e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, chexiyalik sportchilar va sport jamoalariga ham Rossiyada o‘tkaziladigan turnirlar va o‘yinlarda ishtirok etish taqiqlangan.

Taklif Chexiyadagi sport uyushmalari tomonidan bildirilgan va Milliy sport agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Avvalroq Rossiyada asoslangan Kontinental hokkey ligasida o‘ynovchi chexiyalik hokkeychilar mamlakat milliy jamoasiga o‘ynay olmasligi ma’lum qilingandi. Chexiya hukumati e’lon qilgan joriy taqiq esa barcha sport turlari hamda chexiyalik va rossiyalik barcha sportchilarga taalluqli.

Bir necha oy oldin Chexiya olimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarus atletlarining 2024 yilgi Parij olimpiadasida neytral bayroq ostida ishtirok etishiga ham qarshi ekanini bildirgandi.

Qariyb 11 mln aholiga ega, Yevroittifoq va NATO tarkibiga kiruvchi Chexiya 2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga hujum qilganidan buyon Kiyevga harbiy va insonparvarlik yordami ko‘rsatib kelmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid