O‘zbekiston | 21:45 / 01.07.2023
12200
3 daqiqa o‘qiladi

50 yoshdan oshgan ayollarga tavsiya qilingan tibbiy tekshiruvlar sanab o‘tildi

Bunday ko‘riklar ko‘plab xavfli kasalliklarni aniqlash va ular rivojlanishining oldini olishga yordam beradi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Yosh o‘tishi bilan immunitet pasayib, surunkali kasalliklar asorati va yangi xastaliklar paydo bo‘lish ehtimoli ortadi. Shuning uchun 50 yoshdan keyin shifokorlar barcha ayollarga rejali ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishni tavsiya qiladi, deb yozdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Bunday ko‘riklar ko‘plab xavfli kasalliklarni aniqlash va ular rivojlanishining oldini olishga yordam beradi.

Ko‘krak bezi saratoni skriningi

Ko‘krak bezi saratonini vaqtida aniqlash orqali bemor hayotini saqlab qolish mumkin. Shuning uchun shifokorlar 50 yoshdan oshgan ayollarga har yili mammografiyadan o‘tishni tavsiya qiladi.

Bachadon bo‘yni saratoni skriningi

Ba’zi ayollar ushbu muhim tekshiruvni e’tiborsiz qoldiradi. Vaholanki, bachadon bo‘yni saratoni o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan eng xavfli kasalliklardan biridir. Qayg‘uli oqibatlar ko‘pincha bemorlar o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tmaganligi sababli yuzaga keladi. Kolposkopiya bachadon bo‘yni o‘smalarini tashxislash uchun qo‘llaniladi.

To‘liq gormonal tekshiruv

Estrogen va testosteron yillar davomida darajalari o‘zgarib turadigan organizmdagi asosiy gormonlardir. Biroq boshqa gormonlarni ham muntazam tekshirib turgan yaxshi. Chunki ularning muvozanati metabolizm, miya, ishtaha, tana harorati va hokazolarga ta’sir qilishi mumkin.

Osteoporoz diagnostikasi

Yillar davomida suyaklardagi kalsiy miqdori pasaya boshlaydi va bu ko‘pincha xavfli tizimli kasallik — osteoporozga olib keladi. Xastalikni erta bosqichda aniqlash imkonini beruvchi eng samarali tekshiruv suyak densitometriyasidir (suyak zichligini o‘lchash). 50 yoshdan keyin har yili ushbu tekshiruvdan o‘tib turish foydali.

Qon bosimini o‘lchash

Menopauza va u bilan bog‘liq o‘zgarishlar tufayli ayollarda gipertoniya rivojlanishi juda keng tarqalgan. Agar u nazorat ostida bo‘lmasa, xavfli yurak-qon tomir patologiyalari vujudga kelishi mumkin.

Qonda shakar va xolesterin miqdorini aniqlash

Qonda glyukoza darajasini tekshirish ikkinchi toifa diabetni aniqlashga yordam beradi. Bu ko‘pincha 40-50 yoshdan keyin tashxis qilinadi. Yomon xolesterin (LDL) uchun o‘z vaqtida va muntazam ravishda qon tahlilini topshirish infarkt va insultning sababi bo‘lgan ateroskleroz (tomirlarning devorlarida blyashka shakllanishi) rivojlanishining oldini oladi.

Mavzuga oid