Jahon | 17:27 / 01.07.2023
123639
8 daqiqa o‘qiladi

Birinchi kanalda navbatdagi shov-shuv: 8 yoshli qiz efir vaqtida zo‘ravonlik haqida signal berdi

Rossiyaning Birinchi federal telekanalida navbatdagi kutilmagan voqea sodir bo‘ldi. Bu gal hech kim urushga qarshi banner ko‘tarib chiqmadi, ammo 8 yoshli qizchaning telekanal efirida qilgan ishini butun mamlakat muhokama qilmoqda. 21 iyun kuni efirga berilgan «Ayol va erkak» ko‘rsatuvida 8 yoshli qizaloq bildirmay zo‘ravonlikka uchraganda ishlatiladigan maxsus jyestni ko‘rsatdi.

Bir qarashda oddiy kadr

Birinchi telekanalida efirga beriladigan bu tok-shouda oilalardagi turli muammolar haqida so‘z boradi. Ko‘rsatuvning navbatdagi soniga taklif etilgan yolg‘iz onaning 8 yoshli qizi onasi va singlisini qanchalik yaxshi ko‘rishini aytish asnosida qo‘lini singlisining orqasiga o‘tkazib kameraga ko‘rinadigan qilib to‘rt barmog‘i bilan bosh barmog‘ini siqdi. Bu esa uydagi zo‘ravonlik haqida xabar beruvchi xalqaro jyest hisoblanadi.

Veronika ismli qizaloq bu aynan zo‘ravonlikdan xabar beradigan jyest ekanini bilish yoki bilmasligi aniq emas, ammo qizaloq bu harakatni bir necha marta amalga oshirgani, kameraga go‘yoki «buni ko‘ryapsizlarmi?» degan ko‘yi qarab qo‘ygani qizaloq aynan zo‘ravonlik haqida xabar berganidan dalolat.

Zukko qizaloq

Qizchaning bunday signal berganiga birinchilardan bo‘lib rossiyalik bloger Oleg Kashin e’tibor qaratdi. «Ayol va erkak» ko‘rsatuvida qizcha uydagi zo‘ravonlik haqida habar beruvchi jyestni ko‘rsatdi. Kuchli harakat», deb yozdi u. Keyinchalik bir muddat Ukrainadagi urush mavzusidan chalg‘igan rus mediasi bu mavzuni tahlil qila boshladi. Ko‘pchilik qizchaning zukkoligiga e’tibor qaratdi.

Bu qanday jyest o‘zi?

Koronavirus pandemiyasi vaqtida dunyoning aksar mamlakatlarida odamlarning ko‘chaga chiqishi va jamoat joylarida harakatlanishi taqiqlandi. Ko‘pchilik uyida qolishga majbur bo‘ldi va oqibatda uydagi zo‘ravonlik holatlari ko‘paydi. Ijtimoiy faollar bunday vaqtda zo‘ravonlikdan xabar berish maqsadida aynan bosh barmoqni qolgan to‘rt barmoq bilan siqish jyestidan foydalanish kerakligini targ‘ib qilishdi.

Avvaliga Kanada ayollar fondi o‘ylab topgan bu jyest keyinchalik boshqa tashkilotlar qo‘llaganidan keyin xalqaro uydagi zo‘ravonlikdan xabar beruvchi jyestga aylanib ketdi. Jyest asoschilarining aytishicha, bu agressorga bildirmay va hech qanday izsiz xabar berish uchun juda qulay signal hisoblanadi.

Bu jyest shunchalik ommalashib ketdiki, uning yordamida juda ko‘p ayollar oilasidagi zo‘ravonlik haqida sezdirmay xabar berib, zo‘ravonlikdan qutuldi. Bunday jyestga duch kelgan faollardan o‘sha oilaga borish, imkon bo‘lmasa boshqa kanallar orqali oiladagi vaziyatni surishtirish so‘raldi.

Jabrdiyda ayol haqida ko‘rsatuv

Veronika «Birinchi» kanal efirida zo‘ravonlik signalini berganiga bir hafta davomida deyarli hech kim e’tibor bermadi. Ko‘rsatuv 21 iyun kuni efirga berilgan, zo‘ravonlik signali haqida postlar esa 29 iyunga borib paydo bo‘la boshladi.  

Karen Tunyan va Kristina Bojova Birinchi kanal studiyasida.

Qizig‘i, ko‘rsatuvning o‘sha sonida zo‘ravonlik haqida signal bergan Veronikaning onasi Kristina Borjova sobiq eri Karen Tunyandan kaltak yegani haqida gapirib bergan. Ya’ni, ko‘rsatuv keyinchalik zo‘ravonlik haqida xabar bergan qizchaning onasi uydagi zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgani haqida bo‘lgan.

Tergov qo‘mitasi surishtiruv o‘tkazadi

Voqea shu qadar shov-shuvli tus oldiki, Rossiya Tergov qo‘mitasi holatga munosabat bildirdi. Qo‘mita raisi Aleksandr Bastrikin Vladimir oblasti tergov boshqarmasiga holatni surishtirish haqida buyruq bergan.

Ko‘rsatuv boshlovchisi Yuliya Baranovskayaning aytishicha, qizcha bunday jyest ko‘rsatganiga Birinchi kanal muharrirlari ham e’tibor qaratgan, ammo «faqatgina qizchani o‘ylab» bu jyest studiyada muhokama qilinmagan. Ko‘rsatuvning Telegram-kanalida bu haqda 21 iyun kuni prokuraturaga xabar berilgani haqida xabar paydo bo‘lib, o‘sha sanada imzolangan xat surati e’lon qilindi.

Federal darajada surishtiruv boshlandi

Veronikaning zo‘ravonlik haqida signal bergani endi Rossiyada federal darajada o‘rganiladigan bo‘ldi. Vladimir Putin bilan birga Xalqaro jinoyat sudi tomonidan qidiruvga berilgan bola huquqlari bo‘yicha prezident vakili Mariya Lvova-Belova holat yuzasidan Rossiya IIV, prokuratura va tegishli idoralarga murojaat qildi. Xalqaro qidiruvdagi Lvova-Belova rahbarlik qiladigan tashkilot bu oiladagi murakkab vaziyatdan xabardorligini ma’lum qilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash raisining o‘rinbosari Irina Kirkova qizchaning harakati «aniq taktika va qat’iyat bilan» amalga oshirilgani, bu surishtiruv o‘tkazish uchun jiddiy sababligini aytgan. Rus nashrlarining yozishicha, oilada vaziyat chindan murakkab bo‘lgan. Ayolning kichik qiziga ota bo‘lgan eri u bolasini ko‘rsatmayotganidan nolib ariza ham yozgan.

1 iyul kuni Rossiya bolalar ombudsmani holat bo‘yicha tekshiruv boshlaganini ma’lum qilib, bu oiladagi vaziyatni 2020 yildan buyon kuzatib kelayotganini qo‘shimcha qilgan.

KP nashri bilan suhbatlashgan Moskva oblasti bolalar ombudsmani Kseniya Mishonova shunday dedi: «Men-ku bu jyest nimani anglatishini bilaman. Ammo oilalardagi ko‘pchilik bolalar bilishiga ishonchim komil emas».

Endi jurnalistlarning so‘roviga ko‘ra vaziyatni jyest bo‘yicha maxsus mutaxassis o‘rganadi. Masalan, MK nashri bilan suhbatlashgan fiziognomistning aytishicha, videoda Veronika chindan yordam berishlarini so‘ragan. Suhbatdosh yolg‘on gapirayotganini aniqlash bilan shug‘allanuvchi mutaxassis – profaylerning «Izvestiya» nashriga ma’lum qilishicha, qizaloq xafaligi bildirish yoki nima uchundir qasos olish maqsadida shunday qilgan bo‘lishi ham mumkin.

Qizchalar kim bilan yashagan?

Baza nashrining yozishicha, Veronika va singlisi oxirgi yillarda onasi Kristina hamda uning do‘sti (eri emas) bilan birga yashab kelishgan. Oxirgi yillarda Kristina sobiq eri Karen bilan ko‘p janjallashgan. Baza shunday janjallardan biri ko‘rsatilgan video ham e’lon qildi. Sobiq er-xotinlar Veronikaning kichik singlisiga vasiylik borasida kelisha olishmaydi. Ayolning katta qizi Veronika esa boshqa erkakdan.

Opa-singil Veronika va Milana

Baza'ga ma’lum bo‘lishicha, bu oila haqida Vladimir oblastidagi bola huquqlari bo‘yicha mas’ullar chindan ma’lumotga ega bo‘lgan. Gap shundaki, bir necha yil avval Veronika onasi bilan kasalxonada yotgan vaqtida shifokorlar ayol bolasiga juda ko‘pol muomalada bo‘layotganidan xabar topgan. Shundan so‘ng tegishli tashkilotga murojaat qilishgan.

«O‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani, qizchaga onasi tomonidan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikni ifodalay oladigan darajada qo‘pol muomala qilingani aniqlandi», deyiladi o‘sha arizadan keyin kasalxonada o‘tkazilgan tekshiruv xulosasida.

Kristinani tanigan vasiylik tashkiloti xodimlari uning harakatlarini «g‘alati» deb baholagan va ayol ruhiy sog‘lom bo‘lmaganini taxmin qilishgan. Ayolning sobiq eriga ko‘ra, u hech qayerda ishlamaydi va aliment hisobiga yashaydi.

Mavzuga oid