O‘zbekiston | 16:39 / 01.07.2023
28138
3 daqiqa o‘qiladi

Chodakda kanatga chiqib dor yo‘lining yarmida to‘xtab qolgan fuqaro qutqarib olindi

Foto: Videodan kadr

Telegram-kanallarda 30 iyun kuni Namangan viloyati Pop tumani hududida joylashgan Chodak dam olish maskanida qo‘lbola uslubda qurilgan kanatga chiqqan odam dor yo‘lining yarmiga borib to‘xtab qolgani aks etgan videolar tarqaldi.

Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi internetda tarqalgan videolarning birida dor yo‘lida osilib turgan odam osma kanat ishchisi ekani, u kanatni moylayotganda dam olish maskaniga kelganlar bu holatni videoga olgani, dor yo‘li har kuni moylanishini ma’lum qildi.

Boshqarma axborot xizmatiga ko‘ra, Telegram-kanallarda tarqalgan ikkinchi videoda esa uch nafar ayol osma kanat ishchi xodimlari tomonidan yo‘riqnoma berilishiga qaramasdan dor yo‘liga chiqishgan paytda o‘zboshimchalik bilan har xil harakatlar qilgani tufayli o‘rtada qolib ketishgan.

Ta’kidlanishicha, bu ikki holat shu kecha-kunduzda emas, balki oldin yuz bergan bo‘lib, buning oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. 

“Hozirda ishchi guruh tomonidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muxofaza qiluvchi idoralarga topshirildi”, deyiladi Namangan viloyat FVB axborot xizmatining xabarida.

Ammo Telegram-kanallarda shu yilning 21 iyun kuni tarqalgan yana bir videoda ham kanatga chiqqan odamlardan biri dor yo‘lining yarmida qolib ketgani ko‘rinadi. Biroq viloyat FVB bayonotida ushbu holat haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Chodakdagi dam olish maskanida kanat bilan bog‘liq favqulodda vaziyat birinchi marta sodir bo‘lmayapti. O‘tgan yili dor yo‘lining troslaridan biri uzilib ketgani sabab ichida odamlar bo‘lgan qo‘lbola “kabina” yarim yo‘lda qolib ketgandi. O‘shanda ham vaziyatni o‘rgangan FVB muammo tezkorlik bilan bartaraf etilgani, hech qanday ko‘ngilsiz hodisa yuz bermaganini bildirgandi.

Mavzuga oid