Sport | 18:29 / 03.07.2023
30874
10 daqiqa o‘qiladi

«Venger ofsaydi». Futbol qoidalarida jiddiy o‘zgarish bo‘ladimi?

FIFAdagilar gollar ko‘proq bo‘lishini istashmoqda.

Foto: RICHARD HEATHCOTE/GETTY IMAGES

So‘nggi kunlarda futbol olami go‘yoki «olamshumul xabar» bilan «ozuqalandi». FIFA futbol qoidalarida, xususan ofsaydni aniqlash borasida katta islohotni amalga oshirishi haqida xabarlar tarqaldi. Hatto Italiya va Shvetsiya kabi mamlakatlarda quyi ligalarda, kichik musobaqalarda bu qoida sinov tariqasida qo‘llana boshlanishi aytildi. Qizig‘i, aslida u qadar yangilik bo‘lmagan taklif va bu ma’lumotlar birdaniga «virus»ga aylandi, jiddiy manbalar va aniq xulosalarsiz, hatto ancha mashhur sport portallarida ham tarqala boshladi.

Istilohda «Venger ofsaydi» sifatida qo‘llanayotgan bu yangilikka ko‘ra, endi hujumchi ofsayd holatida deb topilishi uchun butun tanasi himoyachidan ko‘ra raqib darvoza chizig‘iga yaqinroq bo‘lishi lozim. Buning Arsen Venger nomi bilan bog‘lanishiga kelsak, murabbiy 2019 yildan FIFA direktorlaridan biriga aylanib, dunyo bo‘ylab futbolni rivojlantirish masalalari bilan shug‘ullanib kelmoqda va 2020 yilda u bir qator, jumladan, autni oyoqda o‘yinga kiritish, jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish, erkin zarbani bir futbolchi bir necha teginish orqali o‘yinga kirita olishi va hokazo takliflar bilan birga «ofsayd chizig‘i» borasida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan. Boshqa takliflari ichida mantiqiyroq tuyulgan «ofsayd qoidasi» tabiiyki, o‘z tarafdorlarini topdi, ko‘proq munozaralarga sabab bo‘ldi.  

Quyidagi rasmda farqni anglab olish mumkin. Chap tomondagi tasvirda bugungi qoidalar bo‘yicha hujumchining (ko‘k libosda) ofsayd holati aks etgan bo‘lsa, o‘ng tomondagi tasvirga qarang: yangi qoida bo‘yicha, mana shu holatdagina hujumchi o‘yindan tashqari holatda hisoblanadi.

Payqash qiyin emaski, bu shunchaki gollarni ko‘paytiradigan kichik o‘zgarish emas, umuman futbolni, taktika-sxemalarni, shu paytgacha to‘plangan tahlillarni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan islohot. Futbol atrofida, formatida doim o‘zgarishlar qilib turadigan FIFA aynan o‘yinning o‘zidagi yangiliklarga ancha ehtiyotkor yondashishi, bu borada futbol konservativlikni saqlab qolishi sir emasligini inobatga olsak, nahotki, osonlik bilan yangi qoida amal qilib ketaveradi? Agar bevosita o‘yin bilan bog‘liq o‘zgarishlarni eslaydigan bo‘lsak, oxirgisi 30 yil avvalga to‘g‘ri keladi – o‘shanda himoyachi darvozabonga oyoqlari bilan to‘pni oshirsa, qo‘l bilan o‘ynash mumkin emasligi qayd etilgan.

Aslini olganda, o‘zgarish haqidagi gaplar yangilik emas. Vengerning taklifi ham, bu qoida tariqasida bir qator davlatlarda sinovdan o‘tayotgani ham bor gap, ammo bu bosqichdan xabarlarda tilga olinayotgan, rosmana qoidalarga o‘zgartirish kiritilishi orasida juda katta masofa bo‘lib, bu hatto bir necha o‘n yillarga cho‘zilishi mumkin. Bu darajadagi islohotlar Xalqaro kengashning barcha darajalarida muhokamaga qo‘yilishi lozim, Vengerning taklifi hatto bu bosqichga ham yetib kelmagan.

Italiya va Shvetsiyadagi sinovlarga kelsak, ha, masalan, Shvetsiyada 19 yoshgacha bo‘lgan ayollar turnirlari, shuningdek, yoshlar musobaqalarida, Italiyada esa, A va B seriyaning o‘smirlar miqyosidagi turnirlaridagi o‘yinlarda sinab ko‘rildi. Fevral oyida alohida maxsus turnir ham tashkil qilindi va xuddi shunday sinovlar Niderlandiyada ham o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu o‘yinlar asosida ikki yo‘nalishda ma’lumotlar to‘plandi: futbolchi va murabbiylarning fikrlari, shuningdek, gollar, ofsaydlar va xavfli vaziyatlar borasida statistik ma’lumotlar tahlil qilindi.

Shu xolos. Mavzu hali IFAB’ning yillik majlislari darajasigacha ham chiqqani yo‘q. Hech qanday aniq xulosalar mavjud emas. Yuqorida aytilganidek, o‘yin qoidalari bilan bog‘liq masalalar bir necha o‘n yillab davom etadi, misol uchun, hokkeydagi kabi vaqtincha maydondan chetlatishni futbolga olib kirish haqida 90-yillardan munozaralar boshlangan, hozirgacha ba’zi musobaqalarda sinalib kelinadi, ammo hamon professional futbol qoidalari yaqiniga ham kelgani yo‘q.

Nuqtani esa, IFA bosh sekretari Lukas Brud qo‘ygan: «Ushbu masala majlisda futbol qoidalari bilan bog‘liq boshqa aniq takliflar singari qabul qilish yo rad qilish miqyosida ko‘rib ham chiqilmaydi. Bu imkonsiz. Ofsayd borasida hech qanday o‘zgarish amalga oshirilmaydi».

Aytish mumkinki, bu masala ushbu bayonot berilgan uch yil oldingi vaziyatdan bir qadam ham oldinga siljigani yo‘q.

Endi esa, «Venger ofsaydi» tarafdorlari keltirayotgan asosiy vajlarni keltirib o‘tamiz.

Birinchisi, bu o‘zgarish gollarni ko‘paytiradi va o‘yinlarni qiziqarliroq qiladi.

Bilasizmi, hammasi bu qadar aniq emas. Bu tarzdagi islohotlar ko‘pincha, ishlab ketadigan boshqa faktorlar evaziga butunlay boshqa oqibatlar keltirib chiqarishi ham mumkin. Misol uchun, bir paytlar qo‘shimcha bo‘limlarda jamoalarni hujumkorlikka chorlash maqsadida «Oltin gol» qoidasi joriy qilingandi. Ya’ni qo‘shimcha vaqtda urilgan gol o‘yin taqdirini hal qiladi, goldan so‘ng, o‘yin ham tugaydi. Natija nima bo‘ldi? Tabiiyki, hujum qiluvchi tomon gol o‘tkazishdan ham qo‘rqa boshlaydi va yanada ehtiyotkor bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Qoida teskari effekt berdi, endi jamoalar gol o‘tkazib yubormaslik haqida ko‘proq o‘ylay boshladilar, qo‘shimcha bo‘limlardagi gollar kamayib ketdi.

Bu yerda ham shunga o‘xshash. Yangi ofsayd qoidasi go‘yoki hujumchi tomonning foydasiga ishlayotgandek ko‘rinsa-da, aslida, aksincha bo‘lishi mumkin. Aynan ofsayd tufayli jamoalar himoya chizig‘ini ancha yuqoriga ko‘tarish, ko‘proq futbolchilar bilan hujumda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Agar yangi qoida ishga tushsa, qarshi hujumlarga imkoniyat keng ochiladi, Mbappe, Reshford kabi tezkor futbolchilar himoyachiga nisbatan «bir qadamlik» ustunlikdan bemalol foydalana boshlaydilar. U holda jamoalar yanada ehtiyotkor bo‘lishni boshlaydi, hujumkorlik kamayib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, gollar ko‘payishi ham aniq emas. Qarang, biz hozir hisobga olinmayotgan ko‘p gollar yangi qoidada ofsayd hisoblanmasligidan kelib chiqib, gollar ko‘payishini tan olyapmiz. Go‘yoki, bugungi kunda ofsayd deb baholanayotgan to‘qson foiz gollar endi qoida bo‘yicha gol hisoblanadi. To‘g‘ri, lekin biz vaziyatdan keyin baho beryapmiz, aslida, yangi qoida ishlay boshlasa, o‘sha vaziyatlar, o‘sha gollar yuzaga kelmasligi ham mumkin. Himoyalanuvchi tomon hozirda bu vaziyatning qoidadan tashqarida bo‘lgani uchun ham sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymoqda, shunday emasmi?

Ikkinchisi, millimetrli bahslarga chek qo‘yiladi.

Ayniqsa, VAR ishlay boshlagach, arzimagan millimetrlar, kimningdir butsasining uchi, boshqasining soch turmagi gollar hisoblanmasligiga olib kelavergach, ko‘p tomoshabinlarda e’tirozlar paydo bo‘la boshladi: Nahotki arzimagan millimetrlar o‘yin taqdirini hal qilsa? Bunchalik emasda endi? Shu santimetrga indamay qo‘yaversa bo‘lardi, hujumchiga hech qanday ustunlik bermayapti-ku? Va hokazo...

Tabiiyki, avvalambor, bu noprofessional fikrlar. Ma’lum bir qoida bor ekan, aniq ishlashi lozim. Eng muhimi, ofsayd chizig‘i o‘zgarishi bunday muammoni hal qilmaydi.

Ofsayd chizig‘i qayerda bo‘lishidan qat’i nazar millimetrlik farqlar baribir mavjud bo‘laveradi. Hozir hujumchi tanasining darvoza tomonga eng yaqin qismi bilan himoyachi tanasi o‘lchanayotgan bo‘lsa, endi hujumchining eng uzoq qismi bilan yana o‘sha himoyachi tanasi o‘sha millimetrlarda o‘lchanaveradi. Farqi nimada?

Aytish mumkinki, «Venger ofsaydi» borasidagi har qanday argumentlar bahsli, futbol tomoshabopligiga ijobiy ta’sir qilishi ham, qandaydir muammoni hal qilishi borasida ham aniq xulosalar mavjud emas. Bunday holatlarda tajriba shuni ko‘rsatadi-ki, futbol doim o‘z konservativligini saqlab qoladi. Bu sohada ishlayotgan funksionerlar ham, futbol o‘yiniga ilmiy yondashib, uni tom ma’noda rivojlantirayotgan murabbiylar ham, asosiy ishtirokchilar bo‘lmish futbolchilar ham bu tarzdagi o‘zgarishlarga qarshi bo‘lishlari tabiiy.

Shunday ekan, bu takliflarning sinov maqomidan, nari borsa, qaysidir darajadagi munozaralar bosqichidan uyog‘iga o‘ta olishiga ishonish qiyin.

Q.Aslanov

Қаҳрамон Асланов
Muallif Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid