Iqtisodiyot | 11:09 / 05.07.2023
53260
14 daqiqa o‘qiladi

Suyultirilgan gaz xaridini ko‘paytirayotgan Yevropa: bu qimmatga tushmaydimi?

Rossiyadan gaz quvurlari orqali tabiiy gaz sotib olib kelgan Yevropa davlatlari uning evaziga asosan Amerikadan suyultirilgan tabiiy gaz xarid qilishni yo‘lga qo‘ygan. Bu qimmatga tushadimi yoki arzonga? Umuman, bu ikki gazning qanday farqi bor?

O‘zi nima bo‘ldi?

2023 yil may oyida Yevropa o‘z tarixida ilk bor quvur orqali keladigan tabiiy gazdan ko‘ra, (STG — bizda propan gazi nomi bilan mashhur — tahr.) suyultirilgan tabiiy gazni ko‘proq import qildi — 13,9 mlrd metr kub. Tabiiy gaz 13,7 mlrd metr kub import qilingan. Bu voqeadan besh yil avval «Gazprom» boshqaruvi raisi Aleksey Miller AQShdan keltiriladigan STG hech qachon Yevropaga quvurlar orqali yetkaziladigan Rossiya gazi bilan raqobat qilolmasligini prognoz qilgan edi.

«Meduza» nashri Rossiya gazi tomonidan to‘liq egallangan bozordagi o‘rinni STG qanday olib qo‘ygani va Yevropa bozoridagi yetakchilik nechog‘lik uzoqqa borishi mumkinligini o‘rgandi.

STG nima? U oddiy gazdan nimasi bilan farqlanadi?

Dyunkerkdagi STGni qayta gazga aylantiruvchi terminal. Foto: novostienergetiki.ru

Suyultirilgan tabiiy gaz — aslida bu hammaga tanish tabiiy gazning o‘zi, faqat u Tselsiy bo‘yicha minus 162 darajada suyuq holatga keltirilgan. STGda hid va rang bo‘lmaydi, u qaynayotgan suv shaklida bo‘ldi. Suyultirish jarayonida gazning hajmi 600 barobarga kamayadi va uni maxsus konteynerlarga joylab, kemalarga ortish va dengiz orqali u uchun yaxshi pul to‘laydigan joylarga jo‘natish mumkin. Qabul qilayotgan tomon STGni gaz ko‘rinishiga qaytaradi va quvurlar orqali yakuniy iste’molchiga yetkazadi.

Gazni suyultirilgan holatga keltirish uchun maxsus STG-zavod qurish kerak. Bunday zavodlar odatda sohil bo‘yida, gaz konlaridan uzoqda joylashadi. Qoida tariqasida, bunday zavodlar gazni suyuq holatga keltiradigan bir nechta modullardan iborat bo‘ladi va «texnologik liniyalar» deb ataladi. Bunday zavodlar endi-endi paydo bo‘lgan chog‘larda, bitta liniya yiliga 2 million tonnagacha STG ishlab chiqara olgan. Hozir Qatardagi har bir liniyalarning quvvati yiliga 8 million tonnagacha yetadi.

STGni qanday va qayerga tashishadi?

Jahon bo‘ylab STG hajmlarining katta qismi dengiz orqali maxsus jihozlangan tankerlar bilan tashiladi, uni yuk mashinalari yoki vagonlar vositasida quruqlik orqali tashish imkoni ham bor. STG tashuvchi tankerlar soni hozir dunyo bo‘ylab 500 dan oshadi (taqqoslash uchun: neft tashuvchi tankerlar soni 12 mingdan ziyod). Bitta tanker yasash uchun 20 oydan 36 oygacha vaqt ketadi va ularning narxi sig‘imiga qarab 185–250 mln dollar turadi.

STG tashuvchi tanker. Foto: shorthandstories.com

STGni kimlar sotadi va xarid qiladi?

Jahon bo‘ylab eng yirik STG yetkazib beruvchilar AQSh va Qatar bo‘ldi — bu ikki mamlakatning har biri 80 mln tonnadan ziyod suyultirilgan gaz eksport qilgan. AQSh eksportni faqat 2016 yilda, Luizianada Sabine-Pass terminalini qurib, ilk partiyani jo‘natganidan so‘ng boshlagan. AQSh olti yil ichida STG importchisidan eksportchisiga aylangan. Rossiya va Avstraliya ham bu bozordagi yirik o‘yinchilar hisoblanadi: 2023 yilning birinchi yarmida STG bozorida Rossiyaning ulushi 8 foizga baholangan.

STG yetkazib beriladigan bozorlar odatga ko‘ra uzun sohil chegarasiga ega bo‘lgan Osiyo davlatlaridir. Ular sirasiga Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, shuningdek, Hindiston, Pokiston va Bangladesh kabi davlatlar kiradi. So‘nggi yillarda Xitoy ham importni o‘stirib borayotgan edi, biroq kovid karantini tufayli gaz iste’moli pasaygach, u 2022 yilda STG iste’moli bo‘yicha yetakchilikni Yaponiyaga bo‘shatib berdi.

Yaponiya portlariga yetkazilgan STG. Foto: nikkei.com

STG bozori shiddat bilan o‘sib bormoqda: so‘nggi 50 yil ichida o‘sish yiliga o‘rtacha 11 foizni tashkil etmoqda: 1971 yildagi 2,6 mln tonna 2022 yil yakunlariga ko‘ra 397 mln tonnaga yetgan.

Dengiz orqali tashish quvur orqali yetkazishdan qimmatga tushadimi?

Bu savolga uzil-kesil javob berish mushkul — barchasi yetkazib berish bo‘yicha muayyan shartnoma shartlariga bog‘liq.

Avvalboshda STG quvur orqali yetkaziladigan gazga raqobat qila olmagan, uning muqobili hisoblangan va faqat quvur o‘tmagan bozorlar tomonidan import qilingan. Biroq ishlab chiqarish va savdo hajmlari ortishi STG xaridorlari uchun shartlarni ancha egiluvchan qilib qo‘ydi, uni yetkazib berish tezligi esa infratuzilma rivojlanishi bilan osha boshladi. Natijada, bugungi kunga kelib STGning yetarli hajmlari quvur orqali yetkaziladigan gaz kabi tezkor bozorlarda teng sharoitlarda raqobat qilmoqda, hattoki quvur tizimi rivojlangan hududlarda ham.

Bugun quvur orqali yetkaziladigan gaz kabi STGni ham ikki yo‘l bilan xarid qilish mumkin:

Uzoq muddatli shartnoma imzolash orqali: bunda narx bir necha omillar, masalan, neft narxi yoki gaz hablaridagi kotirovkalarga bog‘liq ravishda hisoblab chiqiladi. STG va quvur orqali yetkaziladigan gazning raqobati bu segmentda juda qat’iy, chunki quvur orqali yetkazuvchilar shunchaki gazi yaqin bo‘lgani uchun qoida tariqasida xaridorga afzal sharoitlar taqdim eta olishi mumkin. Lekin bu holatda ham kimlardir uchun STG xarid qilish bo‘yicha shartnoma quvur orqali yetkaziladigan gazdan afzalroq bo‘lishi mumkin — barchasi yetkazish shartlariga bog‘liq.

2020-2022 yillarda STG import qilgan mintaqalar. Infografika: Bloomberg

STGni tezkor bozorda xarid qilish: bunda uning narxi gaz habidagi indekslarga bog‘liq bo‘ladi. Indeks muayyan habda, muayyan kun uchun spot (tezkor) bitimlarga asoslanib, gazning o‘rtacha narxini chiqaradi. Yevropa uchun bunday yetakchi indeks Niderlandiyaning Title Transfer Facility (TTF), Osiyo uchun — Japan Korea Marker (JKM), AQSh uchun — Henry Hub hablari orqali hisoblanadi.

Ikkinchi holatda quvur orqali yetkaziladigan gaz ham, STG ham xaridor uchun bir xil narxda hisoblanadi, chunki u habda aniqlashtiriladigan indeksga qarab hisoblanadi. O‘tgan yili gaz narxlari o‘rtacha MMBTU (million Britaniya issiqlik birligi — uning ming kub metr gaz uchun narxini chiqarish uchun 35,8 ga ko‘paytirish kerak) hisobiga TTF’da — 41 dollar (1000 metr kubi uchun — 1467 dollar), JKM’da — 34 dollar (1000 metr kubi uchun — 1217 dollar), Henry Hub’da — 7 dollar (1000 metr kubi uchun — 250 dollar) edi. Hozir xomashyo narxi 3 barobarga tushib ketgan: gaz TTF’da — 11,9 dollar (1000 metr kubi uchun — 426 dollar), JKM’da — 12 dollar (1000 metr kubi uchun — 429 dollar), Henry Hub’da — 2,6 dollar (1000 metr kubi uchun — 93 dollar)dan sotilmoqda.

Nega Yevropa kutilmaganda ko‘proq STG xarid qilmoqda?

Qisqaroq qilib aytganda, «Gazprom» bilan shartnomalar buzilganidan so‘ng.

STG uchun eng afzal bozor doimo Janubiy Osiyo davlatlari hisoblab kelingan: aholi soni oshib, iqtisodiyot o‘sib borar ekan, u yerda gaz iste’moli ham faol ravishda kengaya bordi. Bir vaqtning o‘zida boshqa bir potensial xaridor — Yevropa Rossiyaning quvur orqali yetkaziladigan arzon gazi bilan to‘yintirib tashlangan edi. Yevropada STG bozori shunchaki muvozanatlovchi rolida edi: osiyolik iste’molchilarga kerak bo‘lmagan hajmlarni o‘ziga qabul qilardi. Yer qa’ridan gaz so‘rib olishda davom etayotgan «Gazprom» tirik turgan sharoitda Yevropa STGning yirik bozoriga aylanishi mumkin bo‘lgan vaziyat aql bovar qilmas sanalardi.

«Gazprom» Yevropaga quvur orqali gaz yetkazib berish bozorini to‘liq ishg‘ol etib bo‘lgandi. Foto: finobzor.ru

Biroq, 2022 yilda aynan shu narsa sodir bo‘ldi — Yevropaga STG importi avvalgi yilga nisbatan 60 foizga o‘sdi va bu hajmning barchasi Rossiyaning quvur orqali yetkaziladigan gazi o‘rnini qoplash uchun ishlatildi. 2022 yil mobaynida Rossiya hukumati Yevropa bozoridagi «Gazprom» ulushidan o‘z ixtiyorlari bilan voz kechdi va yevropalik iste’molchilarni zudlik bilan o‘rniga boshqasini topishga majbur qildi. STG ular uchun yagona variant bo‘ldi. Uni narxiga e’tibor bermasdan xarid qilishga to‘g‘ri keldi: shunday vaqtlar ham bo‘ldiki, TTF’da uning 1 MMBTUsiga narxlar 95 dollarga ham yetdi (1000 kub metriga — 3400 dollar). Uni suyuq holatdan qayta gaz holatiga o‘tkazish uchun infratuzilma yo‘qligi ham to‘siq bo‘la olmadi: masalan, Germaniya bor-yo‘g‘i 6 oy ichida ikkita STG qabul qiluvchi terminal qurib, foydalanishga topshira oldi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasida esa 2022 yilda STG iste’moli, aksincha, 7 foizga pasaydi: Xalqaro energetika agentligi o‘z hisobotida qayd etishicha, bunday dinamikaning bosh sababi — gaz narxlari haddan ziyod ko‘tarilgani va Xitoyda cho‘zilib ketgan karantin bo‘lgan.

Rossiya ishlab chiqargan STG-chi? U ham Yevropada sotilmoqdami?

Yevropaga STG importi o‘sishi asosan Amerika gazi hissasiga to‘g‘ri keldi, 23 foizi Qatar ulushiga, 12 foizi esa... Rossiya hissasiga. Hozir Yevropada Rossiya STG ulushi 13 foizga yetadi, deya baholamoqda Yevropadagi yirik treyding kompaniyasi tahlilchisi.

Rossiyaning gaz quvurlari va Yevropadagi STG terminallari xaritasi. Infografika: defence-line.org

2023 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, Yevropa 12,5 mlrd kub metrga teng Rossiya gazini STG shaklida qabul qilib olgan. Agar bu daraja yilning ikkinchi yarmida ham saqlanib qolsa, yetkazib berish hajmi 25 mlrd kub metrni tashkil etadi va bu «Shimoliy oqim»ning omon qolgan bitta tarmog‘i o‘tkazadigan gaz hajmiga teng.

Sanksiyalar-chi?

Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan STGni Yevropaga yetkazish (xuddi quvur orqali yetkaziladigan tabiiy gaz kabi) sanksiyalar ostiga tushmagan: xomashyo importi YeI iqtisodiyoti uchun kritik darajada muhim bo‘lib qolmoqda. Biroq yevropalik siyosatchilar Rossiyadan o‘z bozorlariga yetkazilayotgan suyultirilgan gazni cheklash yo‘lini axtarmoqda — masalan, rossiyalik yetkazib beruvchilarga Yevropa Ittifoqidagi STGni suyuq holatdan gaz holatiga o‘tkazuvchi terminallarda quvvatni bron qilishni taqiqlash yo‘li orqali. Yana bir usul — Yevropa kompaniyalariga rossiyalik STG ishlab chiqaruvchilaridan uzoq muddatli shartnomalar tuzmaslikni tavsiya etish. Nima bo‘lganda ham, hozircha bu borada muayyan qarorlar qabul qilinmagan.

STG doim mana shunday mashhur bo‘ladimi?

Bu fakt bo‘la olmaydi. Yaqin ikki yil ichida Yevropaning suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyoji ortishi STGning mavjud hajmlari uchun Osiyo bilan raqobatga kirishishni kuchaytiradi, deya prognoz qilishmoqda Shell tahlilchilari. Bozorda qo‘shimcha STG hajmlari 2025–2027 yillarda — Qatar va AQSh suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirganidan so‘nggina paydo bo‘ladi.

Qatardagi STG ishlab chiqaruvchi zavodlardan biri. Foto: upstreamonline.com

Amerikaning energetika iqtisodiyoti instituti tahlilchilari o‘z navbatida STGga bo‘lgan yuqori va o‘sib borayotgan talab o‘rnini tez orada talabning o‘ta cheklangan o‘sishi egallashidan ogohlantirmoqda. Bunga bir necha omillar ishora qilmoqda:

  • YeIning 2030 yilga borib energetikada gazdan foydalanishni 40 foizga qisqartirish rejasi;
  • Yaponiya va Koreyada atom energetikasi va tiklanuvchi energiya manbalari rivojlantirilayotgani;
  • Xitoyning Rossiyadan quvur orqali yetkaziladigan tabiiy gazi o‘rniga mamlakat ichida qazib olinayotgan o‘z gaziga o‘tishi;
  • Gaz narxi oshib borishi tufayli Hindiston, Pokiston va Bangladesh tomonidan xaridlar qisqartirilishi.

STGga bo‘lgan talab kamayishi, Rossiya tomonidan gaz yetkazib berish to‘xtatilganidan so‘ng Yevropada shoshilinch ravishda qurib tashlanayotgan qayta gazga aylantirish quvvatlari turib qolishiga olib kelishi mumkin. 2030 yilgacha bunday quvvatlar 400 mlrd metr kub STGni qayta ishlashga mo‘ljallab qurilishi mumkin, STGga bo‘lgan talab esa 150 millard metr kub bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Natijada, terminallarga qayta ishlash uchun 250 mlrd metr kub gaz yetishmay qoladi.

Mavzuga oid