Xarkiv oblastiga raketa zarbasi va Baxmut atrofidagi janglar. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 496-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Zaporijjya AES energobloklarida «portlovchi qurilmaga o‘xshash predmetlar» paydo bo‘lganini aytdi.
- YeXHT parlament assambleyasi «Vagner» XHKni mohiyatan terrorchilik tashkiloti deb tan oldi.
- Makiyivkada kuchli portlash ro‘y berdi. Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarning qurol-yarog‘ omboriga zarba berilganini ma’lum qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Makiyivkaga zarba oqibatida 41 kishi jabrlangan, bir kishi halok bo‘lgan. Anneksiya qilingan «DXR» rasmiylari ukrain harbiylari turar joylar va tibbiyot muassasalariga zarba berganini aytmoqda, lekin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda o‘q-dori omborida portlash ro‘y bergani aks etgan.
- Belgorod oblasti gubernatori Shebekino shahri o‘qqa tutilishidan yetkazilgan zarar miqdorini 20 milliard rublga baholadi.
- Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastidagi Pervomayskiy shahrini o‘qqa tutdi, natijada 43 kishi jabrlangan, halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q.
- Moskva birjasida dollar kursi oxirgi bir yildan ortiq vaqt ichida ilk bor 90 rubldan oshdi.
Ukrainlarning Baxmut atrofidagi yurishi: egallangan pozitsiyalar rossiyaliklarning jasadlari bilan to‘lgan
Baxmut atrofida Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi davom etmoqda. Ukrain bo‘linmalari Baxmutdan janubdagi Kleshchiyevka qishlog‘i chekkalariga kirgan. Rossiyadagi manbalar «DXR» bo‘linmalari bu qishloqni tashlab chiqqanini aytmoqda. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari shaharni shimoldan aylanib o‘tishga qaratilgan harakatlarini davom ettirmoqda.
Ukrainalik fotograflar Konstantin va Vlada Liberovilar Baxmut yaqinidagi front chizig‘ida bo‘lishdi. O‘z instagramida ular bu joyda ko‘rganlarini «biz maktabda o‘qigan urush haqidagi kitoblar uchun illyustratsiyalar» deb ta’riflashdi. Liberovilar ukrain jangchilari yaqinda egallagan pozitsiyalarda rossiyalik harbiylarning jasadlari qolganini aytib berishgan:
«Yigitlar ularni olib chiqa olmaydi, jasadlar minalangan. Pozitsiyani qoldirib bo‘lmaydi, rossiyaliklar shu atrofda va darhol ortga qaytishadi. Bu blindaj — bir necha yuz metrlik hududdagi yagona boshpana. Shuning uchun ular bu jasadlar ustida o‘tirishadi va uxlashadi.
Issiq 35 daraja. Nafas olish qiyin. Ammunitsiya ezadi. Ular [jasadlar] qo‘rqinchli darajada. Faqat bu blindajdagina emas. Hujumga uchragan butun posadka [maydon] parchalangan jasadlar va inson tanasi qismlari bilan to‘la. Hammayoqda — chivinlar. Juda ko‘p chivin».
Rossiya hukumati boy berilgan pozitsiyalardan jasadlarni evakuatsiya qilish masalasida izoh bermagan.
Rossiyaliklarning Xarkiv oblastidagi Pervomayskiy shahriga yo‘llagan zarbasi
4 iyul kuni kunduzi Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastining Pervomayskiy shahrini o‘qqa tutdi, deb xabar bergan region harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. «Suspіlne» nashriga ko‘ra, shahar markazida portlash frontda halok bo‘lgan Malish laqabli harbiy xizmatchi Oleg Fadeyenko bilan vidolashuv marosimi chog‘ida sodir bo‘lgan. Fadeyenko 3-alohida shturm brigadasi 1-shturm bataloni razvedkachilar vzvodi komandiri edi va Baxmut atrofidagi janglarda halok bo‘ldi.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, «Iskander» raketasi bilan berilgan zarba oqibatida 43 kishi jarohatlangan, ulardan 12 nafari bolalar. Qurbonlar haqida xabar berilmagan. Sakkizta ko‘p qavatli uy va avtomobillar shikastlangan.
Vuhledar atrofidagi ukrain artilleriyachilari
Vuhledar atrofida janglar davom etmoqda. Rossiyaliklarning 2023 yil yanvarida shaharni egallashga urinishlari shaharning janubi-sharqidagi hovlilarga o‘rnashib olishi bilan yakunlangan, ammo bu katta yo‘qotishlar evaziga ro‘y bergandi. Hozir shu hududda ham va yaqin atrofdagi Nikolskoye shaharchasi uchun ham janglar ketmoqda. Rossiya kuchlari Vuhledar bo‘ylab zarbalar yo‘llamoqda.
Kiyevdagi «Ona vatan» yodgorligi Amerika bayroqlari rangida
4 iyul, AQSh Mustaqillik kuni kechqurun, Kiyevdagi «Ona vatan» yodgorligi Amerika bayrog‘i ranglarida yoritildi. Volodimir Zelenskiy ham tvitter sahifasida AQSh fuqarolarini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi va ukrainlar uchun «bunday orzu, jasorat va erkinlikka sherik bo‘lish katta sharaf» ekanini ta’kidladi:
«Mustaqillikka mardlargina erishadi va mardlarning eng yaxshilarigina erkinlikni avloddan avlodga o‘tkazishga qodir».
Mavzuga oid
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024