O‘zbekiston | 21:48 / 06.07.2023
12811
4 daqiqa o‘qiladi

“Bu global muammo” - Akmal Saidov tergov va jazoni ijro etish muassasalaridagi qiynoqlar haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov O‘zbekistondagi tergov va jazoni ijro etish muassasalarida sodir bo‘layotgan qiynoq hamda o‘lim holatlari haqida gapirarkan, bu butun dunyoda uchraydigan muammo ekanini ta’kidladi.

Foto: O‘zA

Toshkentda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi tadbirlari davom etmoqda. Haftalikning bugun, 6 iyul kungi dasturida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov ham chiqish qildi.

Tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbari Kun.uz muxbirining O‘zbekistondagi tergov va jazoni ijro etish muassasalarida sodir bo‘layotgan qiynoq hamda o‘lim holatlari kamaymayotgani haqidagi savoliga ham javob berdi.

“Chiqayotgan har bir axborotdan xabarim bor. Biz nima bilan shug‘ullanayotganimiz, nima qilayotganimiz bo‘yicha avvalroq yozma hisobot ham berdik. Umuman, qiynoqlar muammosi bu – global muammo. Dunyoda biror davlat yo‘qki, uning jazoni ijro etish muassasalarida qiynoq uchramagan bo‘lsa. Hamma yoqda uchraydi. Chunki men o‘tgan yili qiynoqlar bo‘yicha BMTda O‘zbekistonning beshinchi ma’ruzasini qildim.

Albatta, 2015-16 yilgacha bo‘lgan davrda ham men O‘zbekistonda qiynoqlar masalasi bilan shug‘ullanganman. Siz hozir faqat Bo‘ka va Andijonni esladingiz. Men esa Andijondagi o‘tgan yilgi yoki avvalroq Qashqadaryodagi holatlarni aytaman.

Eng dahshatlisi, Andijondagi voqealarda ichki ishlardagi 3 nafar xodim atigi 24 yoshda edi. Ichki ishlar akademiyasini bitirib borib, endi ikkinchi yil ishlayotgan bo‘lgan. Bular nega bunday ish qildi, degan savol tug‘iladi. Bu dahshat.

Sizni kuyunchaklik bilan berayotgan savolga men 100 foiz qo‘shilaman. Bu yerda muammo ichki ishlar tizimi bilan bog‘liqmi yoki shaxslar bilanmi, nima bo‘lganda ham katta muammo. Lekin biz imkon qadar ularni kamaytirishga harakat qilyapmiz. Masalan, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning birinchi moddasiga Jinoyat kodeksining 235-moddasini moslashtirdik. Avval u to‘la aks ettirmasdi. Buni xalqaro ekspertlar bilan birgalashib qildik. 

Qonuniy asosni, ya’ni javobgarlikni kuchaytirdik. Bizda 2016 yilgacha qiynoqqa yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik yo‘q edi. Biz Jinoyat kodeksiga alohida modda kiritdikki, xodim buni bilsa, javobgarlikni his qiladi.

Biz shuningdek, qiynoqqa yo‘l qo‘yilganda rahbarlar javobgarligini ham belgiladik. Albatta, qiynoqlar bo‘ldimi, bu siz va bizning ishimizdagi kamchiliklarning salbiy natijasi. Buning oldini olish kerak. Biz nima qildik? Inson huquqlari bo‘yicha oltita viloyatda huquqni muhofaza qiluvchi organning 350 nafar xodim uchun o‘qish tashkil qildik.

Bizda shuningdek, ombudsman va xorijiy elchixonalar vakillari qamoqlarga tashrif buyurmoqda. Ular mahbuslarning ahvoli bilan qiziqmoqda. Shuningdek, mahbuslar uchun ombudsmanga murojaat yo‘llanadigan alohida quti tashkil qilingan. Uni qamoqxonada hech kim ocholmaydi. Hatto koloniya rahbari ham.

Albatta, biz qonunchilikni qilyapmiz. Lekin qiynoqqa qarshi standartlarni bilmagan bitta odam O‘zbekistonni dunyoga sharmanda qilishi mumkin. Ha, bu ishlarni avval bekitish mumkin edi, lekin hozir ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan, uni internet orqali tezda butun jahon biladi”, – dedi Akmal Saidov.

Mavzuga oid