Jahon | 23:57 / 06.07.2023
12193
2 daqiqa o‘qiladi

Cho‘kib ketgan «Titan»ga egalik qiluvchi kompaniya faoliyatini to‘xtatdi

OceanGate kompaniyasi barcha tijorat operatsiyalari to‘xtatilganini e’lon qildi. 

Foto: Reuters

Atlantika okeanida halokatga uchragan «Titan» suvosti kemasiga egalik qiluvchi OceanGate Expeditions kompaniyasi faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi. 

«OceanGate batiskaflarning barcha razvedka va tijorat operatsiyalarini to‘xtatdi», deyiladi kompaniya veb-saytida. 

19 iyun kuni bortida besh kishi bo‘lgan «Titan» batiskafi «Titanik» kemasining Atlantika okeanida g‘arq bo‘lgan joyiga ekspeditsiya vaqtida g‘oyib bo‘lgan edi. 

22 iyun kuni AQSh qirg‘oq xavfsizligi qidiruv guruhi a’zolari batiskaf bo‘laklari topilgani haqida xabar berdi. Ularning holati suvosti kemasida ichkariga yo‘naltirilgan portlash sodir bo‘lganini ko‘rsatdi. Taxminlarga ko‘ra, uning bortidagi odamlar bir zumda halok bo‘lgan. 

«Titanik» 1912 yil 15 aprelda Sauthemptondan Nyu-Yorkka ketayotganda aysberg bilan to‘qnashib, cho‘kib ketgan. Hodisa oqibatida 1,5 mingga yaqin odam halok bo‘lgan edi. 

OceanGate kompaniyasi «Titanik» kemasi g‘arq bo‘lgan hududga ekspeditsiya uyushtirish bilan shug‘ullangan. Suvosti turistlari kema qoldiqlarini tomosha qilish uchun 250 ming dollarga chipta sotib olishgan. 

Mavzuga oid