Jahon | 10:49 / 07.07.2023
4051
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Raiffeisenbank Rossiyadan chiqib ketishni kechiktiryapti

Raiffeisen Bank International uzoq yillik Avstriya-Rossiya munosabatlarini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun Rossiyada qolish yo‘lini topishga harakat qilmoqda. Avstriya urush tezroq tugashiga umid bildiryapti, deb yozadi Reuters. 

Foto: Reuters

Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) guruhi Rossiyadan chiqishni keyinga qoldirmoqda, chunki Avstriya Moskva bilan uzoq yillik munosabatlarini himoya qilishga qaror qildi va Ukraina bilan urush tez orada tugashiga umid bildiryapti. Bu haqda 6 iyul, payshanba kuni Reuters agentligi bank pozitsiyasi bilan tanish bo‘lgan uchta manbaga tayanib xabar berdi

Rossiyada mavjud eng yirik g‘arb banki bo‘lgan RBI Yevropa regulyatorlari bosimi ostida o‘zining rus biznesini sentabr oyiga qadar to‘xtatmoqchi edi. Biroq, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, guruh hali Rossiya bozoridan chiqish rejasini Yevropa Markaziy banki nazorat organlariga taqdim etmagan, bu esa sentabrgacha chiqishni savol ostiga qo‘yadi. Bundan tashqari, Ukrainani rasman qo‘llab-quvvatlovchi Avstriyada bu harakatga qarshilik ko‘rsatilmoqda, chunki mamlakat rasmiylari RBI’ga g‘arbning Moskvani yakkalatib qo‘yish borasidagi qat’iyligini namoyish qilish uchun nohaq bosim o‘tkazilmoqda, deb hisoblaydi. 

Rossiya RBI’ning ketishini istamaydi, chunki RBI Rossiya bo‘limi g‘arb sanksiyalari ostida qolmagan bir necha yirik banklardan biri bo‘lib, bu unga valuta operatsiyalarini cheklovlarsiz amalga oshirish imkonini beradi. Financial Times top-bank menejyeriga tayanib xabar berishicha, tashkilot hissasiga Rossiya va butun dunyo o‘rtasidagi barcha to‘lovlarning 40-50 foizi to‘g‘ri keladi.

Ayni paytda, deb yozadi Reuters, RBI Vashington bosimi tufayli Rossiya operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlarni AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasiga topshirishga majbur bo‘ldi. Ayni paytda ushbu ma’lumotlar tahlil qilinmoqda, sanksiyalarni buzish ehtimoli bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid