Iqtisodiyot | 19:57 / 07.07.2023
92965
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiya rubli kursi kundan kunga pasaymoqda: bunga sabab nima va tanazzul qaysi nuqtada to‘xtashi mumkin?

Rossiya rublining qadri tushib bormoqda. Bir yilgina avval ekspertlar tomonidan dunyoning eng qadri baland valutasi deb topilgan rublning ahvoli bugungi kunlarda havas qilarli emas. Bunga nimalar sabab bo‘ldi?

Anton Novoderejkin / Kommersant / SIPA / Vida Press

Rublning kursi bir oydan ziyod vaqt — 26 maydan buyon to‘xtovsiz pasayib bormoqda. Ekspertlar asosiy sabab sifatida savdo balansi bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatishmoqda.

Rossiya — eksportchi davlat hisoblanadi. Shu sababli sotilgan neft va gaz uchun har bir kirib kelayotgan dollar hisobiga ko‘proq rublga ega bo‘ladi, binobarin budjetda ham pul ko‘proq bo‘ladi. Biroq, aynan gaz eksporti bo‘yicha katta muammolar kuzatilmoqda, ayniqsa Yevropa Rossiya uglevodorodlaridan voz kechgani sababli.

2022 yilda vaziyat hozirgiga butunlay teskari edi. Ukrainaga qarshi keng miqyosdagi bosqin uyushtirilgach, g‘arb sanksiyalari joriy etilib, Rossiyaga import keskin kamaydi, biroq Yevropa anomal ravishda yuqori narxda neft va gazni Rossiyadan xarid qilishda davom etdi. Natijada mamlakatda ortiqcha valuta to‘planib qoldi, logistika zanjirlari uzilgani sababli unga talab juda past edi: iqtisodiyotning yangi realliklarida xorijiy valutaga qayerdan qanday qilib tovar sotib olishni hali hech kim bilmasdi. Shu sababli bir yil avval dollar kursi qandaydir oraliqlarda 55 rublgacha tushib ketdi.

Mutaxassislar va mas’ullar nima deydi?

Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullinaning aytishicha, yanvar oyidan may oyigacha eksport hajmi 40 foizga qisqarib, qaytaga import 15 foizga o‘sgan. Bu degani mamlakatga eksportdan dollar kamroq tushmoqda, g‘arb tovarlariga «parallel import» yo‘lga qo‘yilgach, dollarga talab orta boshlagan.

Ko‘pincha Rossiyada rubl qurbi pasaya boshlagach, Nabiullina va boshqa amaldorlar bozorni o‘zlarining so‘zlari bilan tinchlantirishga harakat qilishadi. Agar bu ham ta’sir qilmasa, boshqa vositalar ishga solinadi. Masalan, rubl xarid qilish, dollarni sotish.

«Bizda qisqa muddatli tebranishlarni silliqlash uchun vositalar bor, lekin fikrimizcha erkin suzib yuruvchi kurs tashqi o‘zgarishlar va shoklar iqtisodiyotga kamroq zarar yetkazishini ta’minlaydi», — degan Nabiullina.

Elvira Nabiullina rubl kursi qulashini «tashqi savdo dinamikasi» bilan izohladi
Foto: ALEXANDER DEMIANCHUK / TASS

Bu gapi bilan Nabiullina bozorga ikkita signal berdi. Birinchidan, kurs siyosatida jiddiy o‘zgarish bo‘lmaydi. Ikkinchidan, agar rubl kursi batamom tushib ketadigan bo‘lsa, RFMB rubl tebranishlarini silliqlashga tayyor.

«Sber» banki rahbari German Grefning fikricha, rubl kursi o‘tgan yilgi ekstremal kichik natijalargacha tushib ketmasdan mustahkamlanadi.

«Kurs — bu suvdagi po‘kakka o‘xshaydi. Bu po‘kak borligiga ham shukr: biz davlat iqtisodiyotining muammosi qayerdaligi, narx shakllanishida qayerlarda ta’sir bo‘layotganini kuzata olamiz. Hozir po‘kak yuqoriga sapchigan, iqtisodiyotning barcha sohalari yangi realliklarga ko‘nikib olgach, yangi barqarorlik yuzaga keladi. Hozir kurs optimal darajada deya olmayman, biroq u mustahkamlanadi va o‘tgan yil mart oyidagi ekstremal past darajalargacha tushib ketmaydi, deb o‘ylayman», — degan Gref.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘z o‘yini qila boshladi. U rubl kursi avval ham tushgani, shundan so‘ng keskin mustahkamlanishlar ro‘y berganini eslashni taklif qildi.

«Bunday ko‘tarilishlarda chayqovchilik o‘yinlarining ham hissasi doim bo‘ladi, ularni inobatdan qochirmasligimiz kerak», — degan Peskov.

Bu bayonotlar fonida yevro kursi 104 rubldan ortgan, dollar esa qariyb 94 rublga qarab ketmoqda. Tahlilchilar fikricha, Yevgeniy Prigojinning amalga oshmagan davlat to‘ntarishi ham bunga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

O‘zi nega rublning qurbi pasaymoqda?

Nabiullina rubl kursi dinamikasiga ta’sir o‘tkazuvchi eng ahamiyatli omil sifatida tashqi savdoni tilga oldi.

Bu haqda juda ko‘p tahlilchilar yozishgan. O‘tgan yil yozida va kuzida rubl kursi mustahkam bo‘lishiga sabab — sanksiyalar tufayli mamlakatga tovarlar juda kam olib kirilayotgandi, biroq neft va gazning jahon bozorlaridagi yuqori narxlari tufayli valuta oqimi ancha barqaror edi.

Hozirgi vaziyat buning mutlaqo aksi: import qo‘shni davlatlar hisobiga ancha muncha tiklangan, eksport esa sanksiyalar va jahon bozorlaridagi neft-gazning arzon narxi tufayli qulagan. Tabiiyki, mamlakatdan chiqib ketayotgan valuta miqdori kirib kelayotganidan yuqori. Iqtisodchilar buni «fundamental omillar» deb atashadi.

«Rossiyada tashqi savdo profitsiti qisqarib bormoqda va bu milliy valuta kursiga albatta ta’sir o‘tkazadi»,degan BBC muxbiriga «Alfa-bank» bosh iqtisodchisi Nataliya Orlova.

Biroq iqtisodchilar rubl juda tezkorlik bilan kuchsizlanayotganidan hayron.

«Tashqi savdo profitsiti qisqarayotgani rost, lekin bu qadar shiddat bilan emas, valuta kuchsizlanishi esa shiddatli», — deya hayronligini yashirmagan Orlova.

Yana bir iqtisodchiga ko‘ra, kuchsizlanishning sabablaridan biri «moliyaviy oqimlarni begona ko‘zlardan yashirish»dir.

Orlova ham rubl qurbi pasayishini kapitalning oqib chiqishi bilan bog‘ladi: aholi yoki kompaniyalar «o‘z pullarini xorijga olib chiqib ketishni yoki xorijdan eksport tushumiga ega bo‘lsalar, o‘sha yerda qoldirishni afzal ko‘rishmoqda».

Bloomberg agentligi baholashiga ko‘ra, 2022 yil boshidan 2023 yil mayiga qadar rossiyaliklarning xorijdagi depozitlari soni ikki barobardan ziyodga o‘sgan va 43,5 mlrd dollarga yetgan.

«Agar avval Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 25 mlrd dollar, portfelli investitsiyalar hajmi 2019 yilda 18 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu kattaliklar manfiy. Shunday qilib, norezidentlar milliy valuta qadrsizlanishini to‘xtata olishmaydi», — deydi iqtisodchi Rodion Latipov.

Hodisa mavsumiy xarakterga ega bo‘lishi ham mumkin. Odamlar chet ellarga dam olishga yo‘l olishgan. Ularning rubl kartalari chet ellarda ishlamaydi. Ular savdo-sotiq qilish uchun pullarini dollarga aylantirib chetga o‘tkazishga majbur.

Yana bir omil — budjet xarajatlari. RF hukumati yilning birinchi yarmida o‘ta faol xarajatlar qilgan va iqtisodiyotda naqd rublning ulushi ortib ketgan, bu ham kursga bosim qiladi.

6 iyul kuni rubl kursi bir yillik maksimumni yangiladi
Foto: NATALIA KOLESNIKOVA / GETTY

Prigojin isyonining nima aloqasi bor?

Rubl jiddiy tarzda qadrsizlanishi Yevgeniy Prigojinning nihoyasiga yetmagan isyonidan so‘ng boshlangan. Ehtimol aynan shu voqea iqtisodiyotga ishonchni pasaytirgan bo‘lishi ham mumkin. Soddaroq qilib aytganda, aholi va biznes keyinchalik nima bo‘lishini bilmaydi va har ehtimolga qarshi o‘z pullarini xorijdagi banklarga chiqara boshlagan.

Iqtisodchilar bu haqda to‘g‘ridan to‘g‘ri aytishmayapti, biroq masalan Bloomberg agentligi bu haqda yozmoqda. Agentlik Rossiya valutasini rivojlanayotgan davlatlar valutalari ichida eng kuchsizi deb hisoblamoqda. Agentlik isyonni valuta qurbi pasayishining triggeri, deb atagan BCS Financial Group bosh iqtisodchisi Natalya Lavrovaga havola qilmoqda. Biroq Lavrova trigger boshqa omillar birgalikda yuzaga kelganini aytgan.

«Vagner» XHKning harbiy isyoni mamlakatdan valuta oqib chiqib ketishi jarayonini tezlashtirib yuborgan bo‘lishi mumkin. Davlat to‘ntarishi tahdidi aholini o‘z omonatlari uchun ishonchliroq aktivlar izlab topishga majburlaydi — eski usulda boyliklarini dollar va yevroga o‘tkaza boshlashadi.

«Siyosiy vaziyat bilan bog‘liq xavotirlar Rossiya aholisining xorijiy valutaga bo‘lgan talabini oshirib yuborgan bo‘lishi mumkin, bu esa rublga chayqovchilarcha bosim o‘tkazadi», — deydi Freedom Finance Global yetakchi tahlilchisi Natalya Milchakova.

Rubl kursi bilan endi nima bo‘ladi?

Moliyaviy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi BKS investitsiya kompaniyasi o‘z hisobotlarida rublning «depressiv darajasi» haqida yozib, «hissiyotga yo‘g‘rilgan portlash» o‘tib ketishi va rubl kursi mustahkamlanishini pronoz qilmoqda. «Rublning reaksiyasi ham kuchli va shiddatli bo‘lishi mumkin», deb yozgan tahlilchilar biroq, so‘nggi payshanbadagi pasayishlardan so‘ng aniq prognoz qilishmagan.

«Iyul-avgust oylarida vaziyat barqarorlashib, mustahkamlanish boshlanishini u qadar ehtimolli emas», — deydi Orlova. Uning fikricha, qadrsizlanish tezligi pasayishi mumkin, biroq iyul oyida ham, avgustda ham jarayon davom etadi, eng kamida mavsumiylik omili tufayli.

«Iqtisodiyotning joriy ahvoli e’tiboridan menimcha 1 dollarga 90-95 rubllik kurs fundamental asoslangan kursga yaqindek ko‘rinadi», — deydi Orlova.

Tahlilchilar anchadan buyon rublning tebranishlari kuchayib borayotganidan ogohlantirib kelishadi. Bu Rossiya bozoridan xorijiy o‘yinchilar chiqib ketgani bilan bog‘liq — bozorda o‘yinchilar va pullar miqdori qanchalik kam bo‘lsa, milliy valuta kursi shunchalik beqaror bo‘ladi.

«Sber» banki hozircha 2023 yil oxirigacha dollar kursi 75–78 rubl bo‘lishi borasidagi prognozini o‘zgartirgani yo‘q.

«Finam» tahlichisi Andrey Maslovning fikricha, yil oxirigacha rubl kursi 1 dollarga 80–87, 1 yevroga 88–95 rubl oraliqda bo‘ladi.

«Rosbank» uchinchi chorak oxirigacha dollar kursi 87 rubl bo‘lishini kutmoqda.

Bularning barchasiga moliya tizimi barqarorlashuvidan so‘ng, ortiq siyosiy tebranishlarga yo‘l qo‘yilmasagina erishish mumkin. 

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid