Jahon | 11:53 / 09.07.2023
27905
6 daqiqa o‘qiladi

NATO Rossiya bilan chegara yaqinidagi sammitga tayyorlanmoqda. Patriot tizimlari Kaliningradga qaratib qo‘yilgan

Litva poytaxti Vilnyus Rossiya chegarasidan 150 kilometr masofada joylashgan. Bayden va boshqa siyosiy yetakchilarni maxsus bo‘linmalar, gaubitsalar va qiruvchi samolyotlar qo‘riqlaydi.  

Foto: Petras Malukas / AFP / Scanpix / LETA

11–12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti arafasida Shimoliy Atlantika alyansi rahbariyati Litva poytaxtini «blokka a’zo mamlakatlarning eng ilg‘or qurollari bilan himoyalangan haqiqiy qal’aga aylantirish» to‘g‘risida qayg‘urmoqda», deb yozadi Reuters agentligi 8 iyul kungi materialida.

Misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari qo‘llanishi sammit Litvaning Belarus bilan chegarasidan juda yaqin masofada — 30 kilometrdan ortiqroq — o‘tkazilayotgani tufaylidir. Rossiyaning o‘ziga ham u qadar uzoq emas — Kaliningrad oblasti uchrashuv joyidan taxminan 150 kilometr masofada. Tadbirda esa NATO a’zolarining AQSh prezidenti Jo Bayden boshchiligidagi asosiy yetakchilari ishtirok etadi.

Mahalliy kuchlarga qo‘shimcha ravishda alyansning o‘n olti davlati sammitni qo‘riqlash uchun mingga yaqin harbiy xizmatchilarini yuborgan. Shuningdek havo kengligi himoyasi uchun qo‘shimcha yordam ta’minlangan: Boltiq bo‘yi mamlakatlari havo hujumidan mudofaa tizimlarining o‘zi Rossiya tomonidan ehtimoliy hujumga qarshi turish uchun yetarli emas deb topilgan.

«Sammitga Bayden va yana 40 mamlakat yetakchisi kelayotganida havo kengligimizni yetarlicha himoyalamaslik mas’uliyatsizlikdan ham og‘irroq narsa bo‘lardi», — deya izoh bergan Litva prezidenti Gitanas Nauseda.

Ittifoqchilar yordamiga zarurat tug‘ilganiga qaramay, mudofaa kompleksiga sarflanadigan YaIM ulushi bo‘yicha (taxminan 2 foiz) Litva NATOda yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Ammo Litva, shuningdek bo‘lgan Boltiq bo‘yining boshqa davlatlari Estoniya va Latviya (bu uch mamlakatning birgalikdagi aholisi olti million kishi atrofida) katta miqdordagi qo‘shinlar kontingenti, katta miqdordagi qiruvchi samolyotlar va sammit o‘tkaziladigan hudud osmoni himoyasini ta’minlash uchun ilg‘or havo hujumidan mudofaa tizimlarini ushlab turishi qiyin, deya yozadi Reuters.

«Patriot»lar — Germaniyadan, «Tsezar»lar —  Fransiyaniki

Agentlik NATOning aynan qaysi mamlakatlari sammit himoyasi uchun qanday texnikalar yetkazib berganiga aniqlik kiritdi:

  • Germaniya Litvaga Amerikaning 12 ta Patriot rusumli zenit-raketa komplekslarini yuborgan — bu NATO mamlakatlari arsenalidagi asosiy quruqlikdagi havo hujumidan va raketaga qarshi mudofaa tizimi hisoblanadi.
  • Ispaniya esa marosimni Norvegiya tomonidan ishlab chiqarilgan NASAMS rusumli qisqa va o‘rta masofali havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlagan.
  • Fransiyadan Vilnyusga Caesar rusumli o‘ziyurar gaubitsalar yetib kelgan.
  • Shuningdek Fransiya Finlandiya va Daniya bilan birgalikda o‘z jangovar aviatsiyasining bir qismini vaqtinchalikka Litvaga joylashtirgan.
  • Buyuk Britaniya va Fransiya sammitni dronlarga qarshi kurash texnikalar bilan jihozlagan.
  • Polsha va Germaniya Litvaga jangovar vertolyotlar bilan jihozlangan maxsus topshiriqli bo‘linmalarini jo‘natgan.
  • NATOning boshqa mamlakatlari sammitni «kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy qurollar hujumiga qarshi vositalar bilan jihozlagan», deya yozadi Reuters.

Agentlik Germaniyaning sakkizta Patriot qurilmasi Vilnyus aeroportida, Kaliningrad oblastiga qaratib joylashtirilganiga e’tibor qaratgan. Yana ikkitasi Belarus chegarasi bo‘ylab joylashgan. Barcha qurilmalar jangovar shay holatda turibdi.

«Siz geografik jihatdan qayerda turganingiz va xavf qayerdan kelishini tushunishingiz kerak», — deya izoh bergan zenit-raketa komplekslari guruhi joylashtirilishi bo‘yicha unga rahbarlik qilayotgan podpolkovnik Shteffen Lib. Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva NATOdagi germaniyalik ittifoqchilaridan sammitni qo‘riqlashda yordam so‘ragan — Shimoliy Atlantika alyansi rahbariyatidan ham shunday so‘rov bo‘lgan: «[Patriot komplekslari —] bu ularning so‘rovlariga javobimiz bo‘ldi».

Litvaning o‘zi qanday choralar ko‘rdi?

Litva prezidenti Gitanas Nauseda mamlakatlarning havo kengligi mustahkamlanishi faqat sammit o‘tkazilishi vaqti bilan cheklanmasligiga umid bildirdi: «Sammit yakunidan keyin nima bo‘lishini o‘ylayapmiz. Ittifoqchilar bilan havo hududimizni doimiy asosda samarali himoya qilish uchun rotatsiya guruhini tashkil etish ustida ishlayapmiz».

Litva yoz boshidan buyon Rossiya va Belarus bilan chegara hududlarini qo‘riqlayotgan chegarachilar sonini uch barobarga oshirdi — kadrlar masalasida Latviya va Polsha yordam ko‘rsatdi (bu ikki mamlakat Vilnyusda sammit kunlarida ishlashi uchun ham o‘z politsiyachilarini yuborgan).

«Biz [RF va Belarus tomonidan] bo‘lajak turli provokatsiyalarga tayyorlanyapmiz», — degan agentlikka Litva Davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmati rahbari Rustamas Lyubayevas. Ehtimoliy tahdidlar qatorida u chegarada migrantlar oqimi, chegarani noqonuniy kesib o‘tish holatlari o‘sishi va uning yaqinida hech qanday sababsiz harbiy texnikalar to‘planishini sanab o‘tgan.

Litva va Belarus chegarasida 2021 yil bahorida migratsiya inqirozi yuzaga kelgandi. O‘shanda asosan Iroq va Suriyadan bo‘lgan minglab qochqinlar Belarus orqali YeI hududiga kirishga uringandi. Litva hukumati migrantlar oqimini tashkillashtirishda Aleksandr Lukashenkoni ayblagan (Minskdagilar bu ayblovni rad etgan).

«Endi vaziyat Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli keskinlashdi. Shuning uchun sammit oldidan biz chegaralarimizni juda va juda yuqori darajada himoyaladik», — deya ishontirgan Lyubayevas.

Sammit arafasida mamlakatning Polsha va Latviya bilan chegaralarida chegara nazorati tiklangan. Vilnyus aholisiga esa marosim o‘tkaziladigan kunlarda shahardan ketib turish taklif etilgan: shahar hududida yo‘llar yopilishi kutilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid