O‘zbekiston | 09:08 / 10.07.2023
5100
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tibbiyot xodimlari Janubiy Koreya klinikalariga taklif qilinishi mumkin 

O‘zbekiston elchixonasi va Toshkent tibbiyot akademiyasi xodimlari Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya Xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) hamda Yonsei Prime klinikasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasida tibbiyot sohasida erishilgan kelishuvlar hamda amalga oshirilgan va oshirilayotgan yirik loyihalar muhokama qilindi.

Tomonlar «Bolalar milliy tibbiyot markazi»ni takomillashtirish, «Kattalar tibbiyot markazi» qurilishini tezlashtirish, O‘zbekiston tibbiyot xodimlarini Janubiy Koreya tibbiyot klinikalariga taklif qilish orqali ularning malakasini oshirish, turli yo‘nalishlardagi almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar xususida ham fikr almashdi.

2023 yil oktabr oyida Toshkent shahrida «O‘zbekiston-Koreya o‘rtasida sog‘liqni saqlash» forumi rejalashtirilgani bildirildi. Anjumanda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy ta’lim muassasalari hamda Janubiy Koreyaning sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari, xususiy tibbiyot muassasalari va farmatsevtik korxonalari rahbarlari ishtirokida o‘tishi nazarda tutilmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi va Yonsei Prime klinikasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mavzuga oid