O‘zbekiston | 17:58 / 10.07.2023
9054
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev MDH va ShHT bosh kotiblarini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti ShHTning Samarqand va Dehli sammitlarida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Shanhay hamkorlik tashkilotining prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatish bo‘yicha missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan ShHT bosh kotibi Chjan Minni qabul qildi.

Bosh kotib davlatimiz rahbarini saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va unda ishonchli g‘alaba qozonilgani bilan samimiy qutladi.

ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Tashkilotning 2022-2023 yillardagi Samarqand va Dehli sammitlarida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Iqtisodiyot, innovatsiya va yuqori texnologiyalar, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, ekologiya va «yashil» texnologiyalar, turizm va madaniyat sohalarida hamda ShHT doirasida xavfsizlikni ta’minlash borasidagi qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

ShHTni modernizatsiya qilish, Tashkilot tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, keng mintaqamizda o‘zaro ishonch va sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan ushbu tashkilot bosh kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida MDH bosh kotibi davlatimiz rahbarini O‘zbekiston Prezidenti saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, unga baxt-saodat, mamlakatimiz barqaror taraqqiyoti va ravnaqini ta’minlash yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Saylov xalqaro standartlarga to‘liq mos holda o‘tgani qayd etildi.

Saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi hamda ovoz berish natijalari aholi amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini keng qo‘llab-quvvatlayotgani va unga ishonishidan dalolat ekani alohida ta’kidlandi.

MDH doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlikning 40 dan ziyod bitimlarini imzoladi, 24 ta sohaviy organlariga qo‘shildi. Kuni kecha Toshkentda MDHga a’zo davlatlar saylov komissiyalari rahbarlari maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Uchrashuvda ko‘p tomonlama sheriklikni kengaytirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mavzuga oid